Liverpool va Turkish Airlines o'rtasidagi bitim tafsilotlari
Шесть Элче ↗ ●●●●○ Umumiy 👁 14

Liverpool va Turkish Airlines o'rtasidagi bitim tafsilotlari

Moliya tahlilchisi Mo Chatra Turkish Airlines bilan tuzilgan shartnoma borasida o'z mulohazalarini bildirdi. Chatra haqiqatda homiydan yanada kattaroq summalarni kutish mumkinligini aytmoqda:

Klub uchun bu ajoyib bitim, garchi dastlabki qarashda u hozirgi shartnomaga nisbatan (Standard Chartered yiliga 55 million funt to'laydi) katta moliyaviy sakrashdek ko'rinmasa ham.
Ba'zi OAV klubdagi anonim manbalarga tayanib, shartnoma besh yil uchun 300 million funtdan ortiqroqqa baholanganini xabar qildi, shu sababli ko'pchilik nashrlar uni yiliga taxminan 60 million funtlik kelishuv sifatida taqdim etdi.
Mening tushunishimcha, bitimning real qiymati hozir ham, kelgusida ham sezilarli darajada yuqori bo'ladi.
Kontrakt natijalarga bog'liq bonuslarni nazarda tutadi, bazaviy summa esa har mavsumda bosqichma-bosqich oshib boradi. Mening ma'lumotlarimga ko'ra, kelishuvning o'rtacha qiymati mavsumiga 70 million funtga yaqin, bonuslar bilan esa bu summa undan ham oshib ketishi mumkin.

Liverpulda asosiy tijoriy kelishuvlar qiymatini ommaviy maydonda pastroq ko'rsatish tarixi bor. Klubning texnik hamkori New Balance bo'lganida, Liverpul OAVga 2018/19-yilgi mavsumda shartnoma yiliga 45 million funt keltirganini ma'lum qilgandi.

Biroq 2019-yil oktyabrida bo'lib o'tgan sud jarayoni shuni ko'rsatdiki, aslida o'sha mavsumda New Balance bilan hamkorlik klubga 64 million funt – matbuotga aytilgan raqamdan 40 foizdan ko'proq foyda keltirgan.

So'nggi bir necha yil ichida klub Nike va Adidas bilan bo'lgan kontraktlardan tushadigan daromadlarini ham sezilarli darajada kamaytirib ko'rsatdi. Nima uchun klub bunday yondashuvni tanlaganini bilmayman – aksariyat raqobatchilar matbuotga aniq summalarni ma'lum qiladi – lekin, ehtimol, buning o'ziga yarasha sabablari bordir.

Yaqin orada yangilanishi kerak bo'lgan yana bir kontrakt – yengdagi homiy bilan kelishuv. Hozir bu o'rinni Expedia egallab turibdi. Xabarlarga ko'ra, kompaniya yiliga 12 million funt to'laydi, kontrakt esa joriy mavsumdan so'ng yakunlanadi.

Liverpul yangi kelishuv bo'yicha yiliga 20 million funt yoki undan ko'proq mablag' olishni ko'zlamoqda.

Bugun Manchester Yunayted yengdagi yangi homiy – SumUp bilan shartnoma imzolaganini e'lon qildi. U yiliga 22–25 million funt keltirishi kutilmoqda. Liverpul ham Expedia va boshqa kompaniyalar bilan muzokaralarda taxminan shunday darajani mo'ljalga olgan bo'lishi mumkin.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!