Mourinho: "Oxirida Espi, Braim yoki Endrik emas, Kukurelya maydonga tushdi, chunki men g'alaba qozonishni istadim"
"Qirollik klubi" ustozi o'yin yakunidagi matbuot anjumanida
"Betis"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng "Rayo"ni yutishimiz shart edi. Birinchi bo'limni fantastik tarzda o'tkazdik. Ikkinchi bo'limda esa futbolchilarning charchog'i tufayli avvalgidek o'ynay olmadik. Tanaffusdan keyin bunday intensivlikni ushlab tura olmasligimizni tushunib turgandim. Bellingem o'yinning so'nggi 10 daqiqasini qanday o'tkazganiga qarang — unda umuman kuch qolmagandi.
O'yin taqdirini birinchi bo'limdayoq hal qildik. Shogirdlarimga qarsak chalaman, ular mening barcha hurmatimga loyiq. "Inter" bilan o'yindan atigi uch kun o'tib "Rayo"ga qarshi o'ynash oson emas.
"Raqib darvozasi oldida ko'plab xavfli vaziyatlar yaratyapmiz, ammo ularning ko'pini golga aylantira olmayapmiz. Yordamchilarimga hozirgina shunday dedim: "Qachondir biror bechora jamoa biz foydalana olmayotgan barcha vaziyatlarimiz uchun tovon to'laydi" (kuladi). Qachondir bitta o'yinda 7 ta gol uramiz.
Hujumda juda vertikal va tartibsiz o'ynayapmiz. To'pni uzoq vaqt nazorat qilishga intilmayapmiz. To'pni qaytarib olgach, darhol oldinga o'tamiz, keyin esa yo gol uramiz, yo to'pni yana yo'qotamiz".
Valverdeni tanaffusda ehtiyot chorasi sifatida almashtirdim. U "Inter"ga qarshi tovonidagi og'riq bilan o'ynagan edi. Federiko birinchi bo'limdan keyin charchab qoldi, shuning uchun uni almashtirishga qaror qildim".
"Albatta, Gyuler maydonda bo'lsa, "Madrid" yaxshiroq o'ynaydi. Bugun u o'zini juda yaxshi ko'rsatdi va zaxiradan maydonga tushib, o'yinimizni o'zgartirdi.
Ammo sizlarga [jurnalistlarga] kafolat beraman: agar bugun Arda asosiy tarkibda Diomande o'rniga chiqqanida, birinchi savolingiz: "Diomande qani? Nega u asosiy tarkibda chiqmadi?" bo'lardi.
Zaxira o'rindig'imizda sifatli futbolchilar shunchalik ko'pki, har bir o'yindan keyin: "Nega bu yigit asosiyda chiqmadi?" deb so'raysizlar. Xo'sh, bu yaxshi. Ammo barcha o'yinchilarimiz bir vaqtning o'zida asosiy tarkibda maydonga tusha olmaydi.
Diomandeni asosiy tarkibda tushirdim, chunki u haqidagi doimiy savollar bosimini his qildimmi? Men bosimga taslim bo'lish uchun juda qariman (kuladi).
Diomande tobora yaxshilanib bormoqda. Garchi taktika nuqtai nazaridan hali ko'p narsani o'rganishi kerak bo'lsa-da, u aql bovar qilmas iqtidorga ega. Diomande hujumda ham chap, ham o'ng qanotda o'ynay oladi".
"O'yin davomida nimadandir norozidek ko'rindimmi? Yo'q, men baxtliman. Jamoa bilan atigi bir necha oydan beri ishlayapmiz. Uch kun yoki uch oyda, ba'zan hatto uch yilda ham ideal jamoa qurib bo'lmaydi. O'yinimizda ijobiy jihatlar ko'p. Sekin-asta rivojlanishga harakat qilyapmiz".
"Vinisius hozir eng yaxshi jismoniy holatida. U ruhiy jihatdan juda kuchli, chunki "Madrid" va Braziliya terma jamoasida o'ynaganingizda zimmangizga tushadigan mas'uliyatni yillar davomida yengib kelmoqda. U hali gol ura boshlaydi. Hozir Vinisius "assistent rejimi"da, tez orada esa "bombardir rejimi"ni yoqadi".
"Nega maydonga Espi, Braim yoki Endrikni emas, Kukurelyani tushirdim? Chunki men g'alaba qozonishni istadim. Hammasi oddiy. "Rayo"da aql bovar qilmas o'ng qanot himoyachisi bor. O'yin tugashiga 10 daqiqa qolgandi, bizda esa hisobda katta ustunlik bor edi.
3:1 hisobida men yana gol urish haqida o'ylamadim. O'yinni xotirjam g'alaba bilan yakunlab, uyga ketishni istadim. Keyin esa yana bitta gol urdik — bu yanada yaxshi bo'ldi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!