Mourinho: "Inter bilan o'yin 7:6 hisobida tugashi mumkin edi, menga bunday o'yin yoqmaydi"
"Qirollik klubi" ustozi o'yindan keyingi matbuot anjumanida
"Madrid" jamoasi zerikarli futbol ko'rsatganida, bizga nisbatan juda ko'p tanqidlar yog'iladi... Ammo bugungi o'yin juda aqldan ozgan darajada kechdi — u bemalol 7:6 hisobida yakunlanishi mumkin edi.
Biz o'yin nazoratini qo'limizda ushlab tura olmadikmi? "Inter" ham buni uddalay olmadi. Kurtua ko'plab seyvlarni amalga oshirdi. Ammo qarshi hujumlardan qancha gol urishimiz mumkin edi?! Biz ajoyib o'yin o'tkazdik.
O'ylaymanki, biz fantastik ish qildik va qiyin g'alabani qo'lga kiritdik. Bugungi bahs aniq zerikarli bo'lmadi. Birinchi bo'lim oxiridayoq hisobni 3:0 ko'rinishiga keltirishimiz, ikkinchi bo'limda esa buni 4:0 yoki 5:0 ga yetkazishimiz mumkin edi. Shu bois o'yinchilarimni maqtamoqchiman.
Shunga qaramay, men o'yinlar borishini to'liq nazorat qilishimizni istayman. Bugungi o'yin juda betartib bo'ldi va bu menga yoqmaydi. Menga eng yaxshi o'yinchimiz Kurtua bo'lib qoladigan o'yinlar yoqmaydi".
"Valverde goli — mashaqqatli mehnat mevasi. Pressing qilishni va aynan kimni pressing qilish kerakligini tushunish lozim. Faqat bizning xatolarimizga e'tibor qaratish kerak emas. Bugun biz ko'plab ijobiy jihatlarni ham namoyish etdik".
"Vinisius juda astoydil mehnat qilmoqda. U hali "yirtqich rejimiga" kirmaganini tushunadi, lekin bunga erishish uchun bor kuchini bermoqda. Astoydil mehnat qiladigan va bor kuchini beradigan har qanday futbolchi hurmatga loyiq.
U hali optimal formada emasligini biladi. Bu hali raqiblarini birga-bir vaziyatda "o'ldiradigan" o'sha Vinisius emas. Ammo men hozir ko'rib turgan Vinisiusga nisbatan katta hurmatni his qilaman. U mening hurmatimga to'liq loyiq.
Vinisius jamoa uchun 100 foiz kuchini sarflar ekan, u doimo mening muhabbatim va hurmatimga ega bo'ladi. Bu u doimo asosiy tarkibda tushishi va 90 daqiqa maydonda bo'lishini anglatadimi? Yo'q. Ammo men jamoa uchun ishlaydigan futbolchilarni doimo hurmat qilaman.
Vinisiusning hushtakbozlik qilinishi? Men muxlislarni tanqid qilmayman. Vinisius mening hurmatimga loyiq deganimda, faqat u bilan bo'lgan munosabatlarimni nazarda tutyapman".
"Kim "Oltin to'p"ni yutishi kerak? Men uchun dunyoning eng yaxshi futbolchisi o'tgan mavsumda jamoaviy sovrinlarni yutmagan o'yinchi ham bo'lishi mumkin. Mbappe — ajoyib futbolchi. Men uni o'zim ishlagan eng yaxshi futbolchilar qatoriga qo'yaman.
Mbappe o'tgan mavsumdagidek, joriy Chempionlar ligasi mavsumining eng yaxshi to'purari bo'ladi. Uning manziliga aytilgan tanqidlarmi? Men Kilian uchun umuman xavotirda emasman. Bugun u o'zini yaxshi ko'rsatdi va yanada yaxshiroq o'ynaydi.
"Bernabeu"da muxlislarning Mbappega nisbatan hushtakbozligini tushunamanmi? Men hech qachon muxlislarning harakatlariga izoh bermayman. Men Kilianni almashtirilgandan so'ng o'pib qo'ydim va bu unga bo'lgan hurmatimni ko'rsatadi.
Siz [jurnalistlar] muxlislarning hushtakbozligi haqida so'rashda davom etyapsiz, chunki sizga bu mavzu yoqadi, shunday emasmi?! Siz "Mourinho muxlislarning hushtagidan g'azabda" deb yozmoqchisiz. Ammo men buni aytmayman. Mourinho hech kimdan g'azabda emas, u o'z jamoasidan mamnun".
"Trentga yarim himoyada o'zi uchun odatiy bo'lmagan pozitsiyada o'ynab, ko'rsatgan sa'y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. U o'zini juda yaxshi ko'rsatdi.
Trent "Inter" yarim himoyachilarini qo'riqlashda a'lo darajada harakat qildi. Ha, bir necha bor to'pni boy berdi, ammo bu tabiiy, chunki markazda o'ynash qanot himoyachisi pozitsiyasidan keskin farq qiladi: maydon markazida raqiblar seni har tomondan qurshab oladi, qanotda esa faqat bir tomondan".
"Inter"ga qarshi o'yinda boshqacha ish qilmoqchi edim, ammo buning iloji bo'lmadi. Ayniqsa, yarim himoyada o'zgarishlarni ertaroq amalga oshirmoqchi edim, biroq zaxira o'rindig'ida variantlarim yo'q edi".
"Kurtua "Inter"ga qarshi uchrashuv yakuniga ko'ra o'yinning eng yaxshi futbolchisi sovrinini olishi mumkin edi. Agar bunday o'yin uchun bu sovrin berilmasa, unda qachon beriladi, tushunarsiz. Ko'rinishidan, bu sovrinni topshirishga mas'ul shaxs o'yin davomida uxlagan. Ammo Kurtuaga bo'lgan hurmatimni saqlagan holda, bu sovrinni Valverdedan tortib olmoqchi emasman".
"Tchuameni bunday shiddatli o'yinda ishtirok etish uchun ko'rsatgan sa'y-harakatlari uchun minnatdorchiman. Shu kungacha u oxirgi marta JCHda maydonga tushgandi".
"Braim o'zini juda yaxshi ko'rsatdi. Bugun u butun jamoa uchun ishladi".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!