💙🎙 Moyzes Kaysedo klub uchun bergan intervyusida:
«Aytishim mumkinki, «Chelsi» — bu mening uyim, chunki bu yerda menga xuddi klubda juda, juda uzoq vaqtdan beri o'ynayotgandek munosabatda bo'lishadi. Men uchun bu o'zgacha joy va men ushbu klubga aloqador barcha insonlarga quvonch ulashishni istayman, chunki bilaman: bu yerda men uchun qo'llaridan kelgan barcha ishni qilishdi. Kiyim-kechak uchun mas'ul xodimdan tortib bosh murabbiymizgacha, barchasi menga mehr bilan munosabatda bo'lishadi».
«Men dunyoning eng yaxshi klublaridan birida uch yildan ortiq unutilmas vaqtni o'tkazmoqdaman — va bu ajoyib yo'l. Garchi birinchi mavsumda, rostini aytsam, bir nechta qiyin damlarni boshdan kechirishimga to'g'ri kelgan bo'lsa-da, ular menga ulg'ayishimga, rivojlanishda davom etishimga va hozirgi holatimga yetib kelishimga yordam berdi. Ortga nazar tashlar ekanman, boshdan kechirganlarimdan xursand ekanligimni ayta olaman».
«Hozir shunchaki ushbu klub uchun borimni berishga harakat qilib, zavq olyapman, chunki u menga hamma narsani berdi. Menga har narsada yordam berishdi va buning evaziga men juda o'sdim. Endi menda tajriba ko'proq, yanada yetukroq bo'ldim va shunchaki o'rganishda davom etib, o'z ishimni bajarishni xohlayman. Men «Chelsi»dan juda minnatdorman va muxlislarga hamda klubdagi barchaga nimalarga qodirligimni ko'rsatishda davom etmoqchiman».
💬 O'zining yetakchilik qobiliyatlari haqida:
«Har bir murabbiy menga maydonda muloqot qilishda muvaffaqiyatga erisha olishimni aytadi. Ular mening yetakchi ekanligimni bilishadi va sheriklarim bilan ko'proq gaplashishim foydali bo'lishiga ishonishadi. Sen buni o'zingdan avval bo'lganlar, masalan, Tiagu Silva misolida o'rganasan. U biz uchun namuna edi va har qanday vaziyatda yordam berishga harakat qilardi. Uning bu yerda yetakchilik fazilatlarini namoyon etishi barchamiz uchun hayratlanarli edi».
«Endi kapitanlardan biri bo'lish — men uchun zavq va oilam uchun alohida g'urur manbai. Garchi ko'p gapirishni yoqtiradigan o'yinchilardan bo'lmasam-da, o'zimni harakatlarim orqali ko'rsatishni yaxshi ko'raman, shunda boshqalar mendan o'rnak olishlari mumkin. Men doimo jamoadoshlarimga, murabbiylarga va muxlislarga nimalarga qodirligimni ko'rsatishni istayman».
💬 Muxlislar bilan bog'liqlik haqida:
«Ekvadordagi va «Stemford Brij»dagi muxlislar meni juda qo'llab-quvvatlashadi. Har bir o'yinda tribunada Ekvadordan kelgan odamlarni ko'raman. «Chelsi» muxlislari men haqimda qo'shiq kuylashganda bu ajoyib tuyg'u. Ular menga juda yaxshi munosabatda bo'lishadi, men esa har hafta ularga borimni ko'rsatishni istayman, chunki ular dam olish kunlari o'yinga kelib, quvonishni va zavq olishni yoqtirishadi. Aynan shuning uchun biz har kuni astoydil mashg'ulot o'tkazamiz: biz muxlislar haqida o'ylaymiz va ular eng yaxshisiga loyiqdirlar».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!