Moyzes Kaysedo «Chelsi»dagi kelajagi, jamoadoshlari va yangi mavsum haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Moyzes Kaysedoning «Yuventus»ga qarshi o'yin oldidan o'tkazilgan matbuot anjumanidan iqtiboslar:
Yangi shartnoma haqida:
«Men shartnomani uzaytirganimda ular ko'p narsa deyishmadi. Men shunchaki ushbu klubda o'ynashda davom etishni xohladim. Klub menga yangi shartnoma taklif qildi va men darhol rozi bo'ldim, chunki «Chelsi» afsonasiga aylanmoqchiman».
Danni Uelbek va Jordan Xenderson haqida:
«Biz uchun bu juda muhim. Ularning biz bilan birga ekanligidan juda xursandman, chunki ular o'z tajribalari bilan yosh futbolchilarga yordam berishadi. Haqiqatan ham xursandman. Ishonchim komilki, birgalikda ko'p narsaga erishamiz».
Enso Fernandes haqida:
«Menga Enso yoqadi. U unga bo'lgan hurmatimni biladi — hamma uning qanday futbolchi ekanligini biladi. Nafaqat futbolchi, balki inson sifatida ham. Albatta, uning qolishini istayman, lekin bu mavzuda gapirmoqchi emasman. Agar u shu yerda qolsa, bu biz uchun katta plyus bo'ladi».
Danni Uelbek haqida:
«Futbolchi va inson sifatida u shunchaki top. «Brayton»ga o'tganimda u menga juda ko'p yordam bergan. U mening faoliyatimda katta rol o'ynadi. Endi u shu yerda va bu juda ajoyib. U biz bilan ekanligidan juda xursandman. U jamoamizga, jumladan, hujumchilarimizga ham katta yordam beradi».
Morgan Rojers haqida:
«U biz uchun juda muhim futbolchiga aylanadi. Uning kelganidan ham juda xursandman, chunki u o'zining gollari va samarali uzatmalari bilan jamoaga sifat qo'shadi».
Yangi mavsum haqida:
«Mavsum boshlanishini kuta olmayapman. Ishonchim komilki, biz uni juda yaxshi o'tkazamiz».
Mixail Mudrik haqida:
«U uchun juda xursandman, chunki bir lahzada futbol o'ynashni to'xtatish oson emas. Ammo u katta iroda kuchini ko'rsatdi. Hamma uning yana biz bilan ekanligidan xursand. Ishonchim komilki, u yanada kuchliroq bo'lib qaytadi».
Xabi Alonso «Tottenhem»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida Maksans Lakrua, Koul Palmer va Moyzes Kaysedo haqida gapirdi.
Xabi Alonso «Tottenhem»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida qatnashdi. Quyida murabbiyning asosiy fikrlari:
Maksans Lakrua haqida:
Maksansni Bundesligadagi vaqtlaridan beri bilaman, ammo u APLda juda o'sib ketdi deb hisoblayman. Gap faqat maydondagi o'yin haqida ketmayapti. Bu uning shaxsiyati va yetakchilik qobiliyatlariga ham tegishli – bularning barchasi unda bor. U mudofaa chizig'imizga kuch va barqarorlik bag'ishlaydigan juda ishonchli futbolchi. Ishonchim komilki, u jamoa o'yiniga darhol jiddiy ta'sir ko'rsata oladi. U kuchli xarakterga ega. U g'alaba qozonishni istaydigan va g'olib mentalitetiga ega yetuk futbolchi. Bundan tashqari, u himoyalanishni yaxshi ko'radi, bu menga ham juda yoqadi.
Koul Palmer bilan ishlash bo'yicha dastlabki taassurotlar:
U juda yaxshi ruhiy holatda ekanligini ko'ryapman. Uning kayfiyati to'g'ri, futbol haqida va jamoaga nima kerakligi haqida gaplashishga ochiq. Uning jamoadagi roli juda muhim, u maydondagi yetakchilardan biri bo'ladi. Koul qanchalik yaxshi o'ynasa, «Chelsi» shunchalik kuchli bo'ladi. Bunda hech qanday shubha yo'q. U uchun to'liq mavsumoldi tayyorgarligini o'tkazish juda muhim. U bunga to'liq e'tibor qaratganini ko'rish mumkin. Biz bir-birimizni yaxshi tushunamiz, o'zaro tushunish bor va menga uning xarakteri juda yoqadi.
Palmerga nimadir isbotlash kerakmi degan savolga:
Menga shunday tuyuladiki, u shunchaki futbolni yaxshi ko'radi va o'yindan zavq olishni istaydi. U zavq olganda, bu darhol ko'zga tashlanadi – bu uning o'yinida aks etadi. Uning vazifasi – futboldan zavqlanish va o'zining eng yuqori darajasini ko'rsatish. U nimaga qodirligini allaqachon ko'rsatgan va ishonchim komilki, bu mavsumda u haqiqatan ham ajoyib yil o'tkazish uchun katta ishtiyoqqa ega.
Palmerning maydondagi erkinligi haqida:
Intizom erkinlik beradi deb hisoblayman. Jamoada aniq tamoyillar va o'yin mexanizmlari bo'lsa, futbolchilarda qaror qabul qilish, o'z iqtidorini va eng yaxshi fazilatlarini namoyon etish imkoniyati paydo bo'ladi. Ammo kuchli jamoa bo'lishni istasak, barcha rioya qilishi shart bo'lgan bazaviy tamoyillar bor. Ishonchim komilki, barcha futbolchilar buni tushunishadi, chunki zamonaviy futbol aynan shunday tuzilgan. Bu Koulga ham, Joau Pedruga ham, Morgan Rojersga ham, Jeymi Gittensga ham, Dastan Satpayevga ham – barcha hujumkor o'yinchilarimizga tegishli. Ular bu yondashuvni bo'lishishlari kerak va ular buni allaqachon qilishmoqda.
Laviya haqida:
U ertaga maydonga tushishga tayyor.
Kaysedo haqida:
Uni kecha ko'rganimda, yarim himoyachilarimni qanchalik sog'inganimni tushundim. Men uzoq vaqtdan beri unga chetdan turib qoyil qolib kelaman. Uning klassi, xarakteri va mentaliteti ko'rinib turibdi. Ekvadorlik futbolchilarni yaxshi bilaman – ular o'ziga xos. Moyzes haqida ko'p yaxshi narsalar eshitganman, telefon orqali gaplashganmiz, lekin kecha birinchi marta shaxsan ko'rishdik. Bu yuqori darajadagi futbolchi. Men uchun u hech qanday shubhasiz dunyodagi eng yaxshi tayanch yarim himoyachilardan biri. Endi u shu yerda va unga yanada kuchliroq bo'lishiga yordam berish uchun birga ishlash vaqti keldi.
Markaziy himoyachilarning optimal soni haqida:
To'rt yoki besh – bu javob sizni qoniqtiradimi? [kuladi]
FIFA mojarosi haqida:
Futbol xususiy qo'llarda emas, balki odamlarga tegishli bo'lishi kerak deb hisoblayman. Biz uni aynan shunday sevamiz. Biz ajoyib jahon chempionatini ko'rdik va futbolni sevuvchi barchaning manfaatlarini himoya qilish juda muhim. O'ylaymanki, futboldagi ko'pchilik bir fikrda: biz o'yin umumiy bo'lishini, u hammaga tegishli bo'lishini istaymiz. Umid qilamanki, bu sodir bo'lmaydi. Biz futbolni o'zimiz sevganidek – jozibali va haqiqiy holatda saqlab qolishimiz kerak. Aynan shuning uchun u shunchalik ko'p his-tuyg'u va ehtiros uyg'otadi. Biz buni JCHda, EChLda, APLda – barcha turnirlarda ko'rdik. Chunki futbol hamma uchun mavjud. Kimdir bu shunchaki kichik o'zgarish deb aytishi mumkin. Ammo 20 ishtirokchili formatga rozi bo'lsangiz, keyin o'zingizni 51 ta ishtirokchi bilan topasiz. Biz esa buni istamaymiz.