Xabi Alonso o'yindan keyingi matbuot anjumanida fikrlarini bildirib o'tdi:
O'yin haqida:
«Raqib hisobni tenglashtirganidan keyin hammasi izdan chiqdi. O'zgarishlardan so'ng tashabbusni butunlay boy berdik. Ungacha yomon o'ynamayotgandik. Vaziyatlar yaratayotgan, to'p bilan ko'p muomalada bo'layotgan va pressingdan yaxshi chiqib ketayotgan edik. Ammo o'sha lahzadan keyin ular o'zlariga ishonishni boshlashdi, biz esa ishonchni yo'qotdik».
«Shundan so'ng bir daqiqa ham ruhiy barqarorlikni qaytara olmadik, pressingdan chiqib keta olmadik va raqib darvozasi tomon yaqinlasha olmadik. Bu o'yin borishini butunlay o'zgartirib yubordi».
O'yinchilarning qiyinchiliklarga bardosh bera olmasligi haqida:
«Biz albatta yechim topishimiz kerak, chunki qiyinchiliklar har qanday o'yinda yuzaga keladi. Chidamliroq bo'lish, bunday damlarni yengib o'tish va oldinda hali ko'p vaqt borligini tushunish — bu chempionatdagi majburiy talablar».
«Bugun biz ruhiy jihatdan zaif holatda ekanligimizni his qildim. Zarba qabul qilganimizda, undan tiklanish uchun bizda kuch va matonat yetishmayapti. Bugun aynan shunday his qildim».
Ayrim futbolchilarning o'yiniga oid savolga:
«Yo'q, yo'q, yo'q. Menda bunday his yo'q. Menimcha, biz buni jamoa sifatida, kollektiv bo'lib yengib o'tishimiz kerak. Bir-birimizni qo'llab-quvvatlashimiz, birgalikda yechim topishimiz lozim, chunki bunday vaziyatlar hali ko'p bo'ladi».
«Maydonda o'yinchilar bunday damlarni yengib o'tishlari va o'zlariga: «Biz hali o'yindamiz, oldinda daqiqalar ko'p, o'yin tugamadi», deb aytishlari kerak. Bugun biz tashabbusni qaytara olmagandek tuyuldi».
Moyzes Kaysedoning holati haqida:
«U og'riqli zarba qabul qildi, ertagacha kutishimiz kerak. U og'riq sezdi, qanchalik jiddiy ekanligini ko'ramiz».
Koul Palmerning muxlislar oldiga bormagani haqida:
«Yo'q, biz hafsalamiz pir bo'lgandi, muxlislarning ham hafsalasi pir bo'ldi, chunki ularning kutganlari yuqori. Ulardan uzr so'raymiz, biz birgalikda buni yengib o'tishimiz kerak».
«Aytganimdek, hozir eng oson damlar emas, biz zaif holatdamiz. Ammo birgalikda ishlashimiz va bir-birimizga tayanch bo'lishimiz kerak, chunki oldinda hali juda uzoq yo'l bor».
«Tottenxem» va «Lids»dan uchralgan mag'lubiyatlar haqida:
«Men ularning hafsalasi pir bo'lganini tushunaman va buni ular bilan baham ko'ramiz. Biz qiladigan yagona ish — bu vaziyatni o'zgartirish va yaxshiroq o'ynash uchun bor kuchimiz bilan ishlash».
Jamoaning muvaffaqiyatsizlikka munosabatini qanday to'g'rilash kerakligi haqida:
«Bizning ishimiz aynan shunda — yechim topish, ustida ishlash va bugungidek salbiy tajribani yengib o'tish qobiliyatini rivojlantirish. Umid qilamanki, kelajakda qiyin damlarda ijobiy natijalarga erishamiz».
«Futbol shunaqa, bunday holatlar albatta bo'ladi. Ammo jamoa rivojlanishida, men tez-tez gapiradigan jarayonda bu juda muhim jihat».
Raqiblarning jismoniy ustunligi haqida:
«Yo'q, men bunday deb o'ylamayman. Men futbolga oid yechimlarni topishga harakat qilyapman. Gap faqat jismoniy ustunlikda emas. Bu umumiy tushuntirish bo'lishi mumkin, ammo biz buni yengishimiz kerak, chunki bular Premer-liga talablari. Juma kuni «Nottingem Forest»ga qarshi o'ynaganimizda, yana shu holatga duch kelamiz».
«Lids» darvozasiga belgilangan penalti haqida:
«Yo'q, men rozi emasman. Men rozi emasman. Maykl Oliverning penalti belgilash qarori juda qattiqqo'l bo'ldi deb o'ylayman, VAR ham bunday harakat qilmagan bo'lardi. Mening nazarimda, bu penalti emas edi».
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!