Pedru Netu: «Chelsi»da o'zimni uyimdagidek his qilyapman»
Pedru Netu «Chelsi» bilan shartnomani uzaytirishi, Xabi Alonso bilan ishlash va jamoa mentaliteti haqida gapirdi.
Pedru Netuning The Times nashriga bergan intervyusidan eng muhim jihatlar.
Viktor Mozes bilan taqqoslash haqida:
«O xudo, meni bunday atamang! Men yangi Pedru Netuman!.
Lateralmi yoki vinger? Bu rolni istalgancha atashingiz mumkin. Hatto boshqa murabbiylar qo'l ostida ham men har doim qanot himoyachimga yordam berishga harakat qilganman.
Men g'alaba qozonishni va jamoa uchun qo'limdan kelganini qilishni istayman. Xabi menga aynan shunday rol yukladi – ham hujumda, ham himoyada jamoaga maksimal darajada yordam berish».
Rolikli xokkey bilan shug'ullangani haqida:
«Rolikli xokkeyda ham himoyalanishni, ham hujum qilishni bilish kerak. To'liqqonli o'yinchi bo'lish uchun ikkala ishni ham yaxshi bajarish lozim.
Ehtimol, hujumda ham, himoyada ham kurashishga bo'lgan intilishim o'sha yerdandir.
Rostini aytsam, menga himoyalanish yoqadi. Bundan zavq olaman, chunki bu jamoaga yaxshiroq natijalarga erishishga yordam berishini bilaman».
«Chelsi» bilan shartnomani uzaytirish haqida:
«O'ylaymanki, bunda bosh murabbiy hal qiluvchi rol o'ynadi. U men bilan gaplashdi, mendan nima kutayotganini tushuntirdi va menga ishonishini bildirdi.
Klub egasi [Behdad Egbali] ham bu yerda baxtli bo'lishim uchun qayg'urdi.
Yangi shartnoma bo'yicha kelishib olganimizdan juda xursand edim. Qadrlanayotganingizni his qilsangiz, o'zingizni doim uydagidek his qilasiz. Menda aynan shunday tuyg'u bo'ldi».
Tajribali o'yinchilarning roli haqida:
«Jamoada bunday futbolchilarning bo'lishi juda muhim. Ular ko'p narsaga erishgan va bizning ba'zilarimiz, masalan, Estevao yoki Kenda hali duch kelmagan qiyinchiliklarni boshdan kechirishgan.
36 yoshli Jordan Xendersonni ko'rganingizda, to'g'ri mentalitet qanchalik muhimligini tushunasiz. U shuncha sovrin yutgan bo'lsa-da, baribir g'alabaga chanqoq. Shunda muvaffaqiyatga yanada ko'proq intilishingiz kerakligini tushunasiz».
Xabi Alonso haqida:
«U nima qilish kerakligini to'g'ridan-to'g'ri aytadi. Shu tufayli o'yinchilar ulardan nima kutilayotganini aniq tushunishadi. Hatto biror narsa ko'ngildagidek bo'lmasa ham, u vaziyatni xotirjam tahlil qilishga va nimalarni o'zgartirish kerakligini aniq ko'rishga yordam beradi.
Nima qilish kerakligini aniq tushunib tursangiz, muhit o'zgaradi. Kallangiz tiniq bo'lsa, jamoa yaxshi o'ynaydi va futboldan zavq olasiz. Hatto bir o'yinda ishlar yurishmasa ham, keyingisida o'zingizni ko'rsatishingiz kerakligini bilasiz. Jamoadagi har bir kishi aynan shunday kayfiyatda.
O'ylaymanki, bu hatto chetdan ham seziladi. Biz maydonda yaxshiroq hamkorlik qila boshladik, tartibliroq harakat qilyapmiz. O'yinimizda energiya ko'paydi. Biz shu ruhda davom etishimiz kerak.
Navbatdagi qadam – erishilgan natijalar bilan to'xtab qolmaslikni o'rganish. Agar ketma-ket bir, ikki, uch yoki to'rt o'yinda g'alaba qozongan bo'lsak, beshinchisini ham yutishga intilishimiz kerak. Doimo ko'proq narsani xohlash lozim. Murabbiy jamoaga aynan shunday mentalitetni singdirishga harakat qilyapti».