Surxon bosh murabbiyi Bunyodkor bilan o'yin va jamoadagi muammolar haqida
SURKHON PFK ↗ ●●●●● Matbuot 👁 32

Surxon bosh murabbiyi Bunyodkor bilan o'yin va jamoadagi muammolar haqida

O‘yin haqida fikrlaringiz

Assalomu alaykum. Qiziqarli va murosasiz o‘yin bo‘ldi. Har ikki jamoaga ham ochko juda zarur edi. Shunga qaramay, yaxshi futbol namoyish etildi.

Men uchun “Bunyodkor” jamoasi begona emas. Ularning futbol falsafasi va o‘yin uslubini yaxshi bilaman. Qaysi tarkib bilan maydonga tushishidan qat’i nazar, ular doimo yaxshi futbol ko‘rsatishga harakat qiladi.

Bizning futbolchilar ham bugun yaxshi o‘yin namoyish etishdi, juda katta mehnat qilishdi. Ular bu uchrashuvda bizga ochko qanchalik muhimligini yaxshi anglashgan edi.

Termizdan kelib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman. Ularning yordami biz uchun juda muhim.

“Surxon” so‘nggi o‘yinlarda gol ura olmayapti. Jamoaga hujumchi qanchalik yetishmayapti?

Buni faqat men emas, statistika ham ko‘rsatib turibdi. Bu muammo nafaqat bizda, balki ko‘plab jamoalarda ham mavjud.

Albatta, kerakli vaziyatlarda maydonning holati ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Olmaliqdagi stadion maydonida biroz notekislik va namlik bor edi. Lekin bu bizning vaziyatlardan foydalana olmayotganimizga asosiy sabab bo‘lmasligi kerak.

Biz juda ko‘p vaziyatlar yaratyapmiz. Mirjalol Qosimov ham ta’kidlaganlaridek, jamoamiz yetarlicha imkoniyatlar yaratyapti, ammo yakuniy nuqtada muammo bor.

Bugun ham yaxshi vaziyatlar yaratdik, lekin ularni golga aylantirishda qiynaldik. Yosh futbolchilarimiz bor, ammo ularga vaqt kerak. Agar ular mavjud imkoniyatlardan samarali foydalana olishsa, balki bugun boshqa darajada — legioner sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lishardi.

Biz ishlashda davom etamiz. Balki jamoamiz uchun yana yangi futbolchi kashf etarmiz.

“Guliston”ga qarshi o‘yinda kutilmagan natija qayd etildi va jamoa kubokni tark etdi. Bunga nima sabab bo‘ldi?

Bu natija kimlargadir kutilmagan tuyulishi mumkin. Ammo “Guliston” juda yaxshi shakllangan jamoa.

Guruh bosqichida “Buxoro” ham ushbu jamoaga mag‘lub bo‘lgan edi. “Buxoro” har bir uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko‘radigan, juda ahil jamoalardan biri. Har bir futbolchisi o‘yin oxirigacha bor kuchini berishga harakat qiladi. Ularni shartli ravishda “Bavariya”ga o‘xshatish mumkin — mashinadek bir maromda harakat qiladigan jamoa. Ammo ular ham “Guliston”ga mag‘lub bo‘lishdi. Bizning o‘sha uchrashuvimizda ham vaziyatlar bo‘lgan, biroq ulardan foydalana olmadik. Futbolda bunday holatlar bo‘lib turadi. Qaysi jamoa doimo yutadi? Hatto “Real Madrid” ham quyi liga vakiliga mag‘lub bo‘lgan holatlar bor. Menimcha, futbolning qiziq tomoni ham shunda.

“Surxon” “Guliston”ga qarshi o‘yinga raqibni mensimasdan tushgan degan fikrga qo‘shilasizmi?

Yo‘q, bunga qo‘shilmayman. Bizning tarkibimizda yosh futbolchilar ham maydonga tushdi. Ularga qachondir imkoniyat berishimiz kerak.

Biz deyarli bir tarkib bilan o‘yinlar o‘tkazib kelyapmiz. Futbolchilarga dam berishimiz, yoshlarimizga ham ishonch bildirishimiz zarur.

Xudo ko‘rsatmasin, asosiy tarkibdagi biror futbolchi jarohat olsa yoki kartochkalar sababli maydonga tusha olmasa, uning o‘rniga kimni tushiramiz? Yosh futbolchiga imkon bermasak, u o‘z-o‘zidan tajriba orttirmaydi.

Yosh futbolchi “Menga o‘n ta o‘yindan beri imkon berishmayapti, ammo birdaniga mendan katta natija talab qilishyapti”, deb o‘ylashi mumkin. Bu esa to‘g‘ri emas.

Biz ularga imkoniyat berishimiz, ishonishimiz kerak. Besh qo‘l barobar emas, albatta. Lekin har bir futbolchiga imkoniyat berib, uning imkoniyatlarini ko‘rishimiz zarur. “Guliston”ga qarshi uchrashuvda ham vaziyatlar bo‘lgan.

Birinchi bo‘limda standart vaziyatlar ko‘p bo‘ldi, ammo ulardan foydalana olmadi jamoa. Ikkinchi bo‘lim esa qiziqarliroq kechdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o‘yinga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

Biz har bir futbolchimizga ishonishimiz kerak. Ularga asta-sekin imkoniyat berib borishimiz zarur. Agar imkoniyat bermasak, ular tajribani qanday orttiradi? PlayStation o‘ynab o‘rganishmaydi-ku. Ular maydonga tushishi, xato qilishi va shu xatolar ustida ishlashi kerak.

Keyin biz ularni tahlil qilib, xatolarini ko‘rsatib, tushuntirishimiz lozim.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!