Mirko Yelichich: Jasur Yaxshiboyevning maydonda qolishi tavakkal edi
Lokomotiv bosh murabbiyi Mirko Yelichich Jasur Yaxshiboyevning o'yini va jamoaning xarakteri haqida fikr bildirdi.
Mirko Yelichich: — Rahmat. Yana bir bor o‘zimizga o‘zimiz qiyinchilik tug‘dirdik. Bu bizning dastlabki daqiqalardayoq gol o‘tkazib yuborayotgan beshinchi yoki oltinchi o‘yinimiz bo‘ldi. Bunday holatdan keyin o‘yinni qurish ancha qiyinlashadi. Ammo bugun jamoamizning xarakterini ko‘rsatdik. Oliy ligada o‘ynaganda jamoalar o‘rtasidagi sifat borasidagi farq unchalik katta bo‘lmaydi. Lekin xarakterdagi farq ko‘p narsani hal qiladi. Bizning jamoada kuchli xarakter va jamoaviy ruh borligi juda yaxshi. Bu qiyin vaziyatlarda katta yordam beradi. Bugun futbolchilarimiz buni yana bir bor isbotlashdi. Ular g‘alabaga haqli edilar. Ba'zida uch ochko qo‘lga kiritasan, ammo g‘alabaga to‘liq loyiq edik, deb ayta olmaysan. Bugun esa biz g‘alabaga haqiqatan ham loyiq edik.
— Mirko aka, g‘alaba bilan tabriklayman! Menda ikkita savol bor. Birinchisi, iqtidorli futbolchi Jasur Yaxshiboyevning xarakteri ancha murakkab ekanini hech kim inkor etmaydi. Birinchi bo‘limda Bilol Tupliyev juda yaxshi o‘ynadi, ammo ikkinchi bo‘limda charchagani sezildi. Jamoa 0:1 hisobida yutqazayotgan paytda siz Nurullayevni maydonga tushirdingiz. Bu vaziyatda ikkita yo‘l bor edi: charchagan futbolchini almashtirish yoki yana bir provokatsiya bo‘lsa, qizil kartochka olishi mumkin bo‘lgan futbolchini maydondan olish. Jasur esa Abdumajidov bilan to‘qnashuvda unga zarba berdi, ammo hakam bu holatni payqamadi. Siz tavakkal qildingiz, Bilolni almashtirdingiz va Jasurni maydonda qoldirdingiz. Natijada u gol urdi. Murabbiy sifatida bu qaroringizni qanday izohlaysiz?
— Biz raqibga bosim o‘tkazishda davom eta olishimizni ko‘rdik. Bilol, albatta, juda ko‘p mehnat qiladi, himoyada ham, hujumda ham jamoaga yordam beradi. Jasur esa hal qiluvchi vaziyatlarda biroz yaxshiroq qaror qabul qila oladi. Bilol yaxshi pozitsiyalarga chiqadi, ammo ba'zan vaziyatning yakuniy bosqichida to‘g‘ri qaror qabul qilishda nimadir yetishmaydi. Jasur esa raqib futbolchilari charchagan paytda shunday vaziyatlardan samarali foydalana oladi. Unda buning uchun yetarli mahorat bor. Bundan tashqari, u tajribali futbolchi. Maydonda qayerda turish kerakligini biladi, zarur paytda tanasi bilan to‘pni himoya qila oladi. Shuning uchun uni maydonda qoldirishga qaror qildik.
— Tushundim. Ammo men boshqa jihatni nazarda tutyapman. Teletranslyatsiyada ham ko‘rindi: yana bir provokatsiya bo‘lganida, siz futbolchisiz qolishingiz mumkin edi. Demak, bu tavakkalga ongli ravishda bordingiz, to‘g‘rimi?
— Biz Jasur bilan gaplashdik. U katta yoshli, tajribali futbolchi. Unga xotirjam bo‘lishi, hissiyotlarga berilib, buning o‘yinga xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini aytdik. Hozir bizning oldimizda boshqa vazifa bor edi — bu uchrashuvda g‘alaba qozonish. U bizni tushundi. Ba'zida futbolchi bilan gaplashganingizda, u sizni tushunmayotganini yoki aytganingizni bajarishga tayyor emasligini his qilasiz. Jasur esa bizni to‘liq tushundi va maydonda o‘zini nazorat qila olishini ko‘rsatdi.
Uning ayrim o‘yinlarida g‘alaba uchun kurashish istagi va kuchli hissiyotlarini yaqqol sezish mumkin. Ba'zida esa bunday bo‘lmaydi. Bugun unda ana shu ishtiyoq bor edi. Shuning uchun tavakkal qilib, uni maydonda qoldirishga tayyor edim.