Napoli bosh murabbiyi jamoaning psixologik holati, tarkibdagi jarohatlar va bo'lajak Venetsiya bilan o'yin haqida fikr bildirdi.
🔘Jamoaning "Frosinone" va "Vilyarreal"ga qarshi o'yinlardagi noturg'unligi sizni xavotirga solmayaptimi?
"Xavotirga solmayapti, biz shunchaki muammolarga yechim topishimiz kerak. Biz o'yinning muayyan daqiqalarida to'pni yaxshiroq nazorat qilishimiz va Politano xatosi kabi kutilmagan vaziyatlarni to'g'ri boshqarishimiz lozim. O'yinda yana 80 daqiqa bor edi, bitta epizod hammasini hal qilmaydi. Biz o'yinni nazorat qildik va hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatga ega edik; bizda uch-to'rt qulay vaziyat bo'ldi... Biz o'zimizga ko'proq ishonishimiz kerak. Jamoa kuchli bo'lsa, hatto murakkab pallalarda ham – bu odatiy hol, chunki maydonda yolg'iz o'ynamaysiz – hech narsa izdan chiqmasligi kerak... Bu lahza o'tib ketishi bilan o'ynashda davom etish kerak, chunki natijani o'zgartirish uchun vaqtingiz yetarli. Biz buning ustida ishlashimiz va yaxshilanishimiz kerak."
🔘O'yinning ayrim daqiqalarida jamoaga psixologik muvozanat va hujumdagi shijoat yetishmayotgandek tuyulmayaptimi? Ikki markaziy hujumchi bilan o'ynash sxemasi yordam berishi mumkinmi?
"Bu yaxshi va samarali yechim bo'lishi mumkin, chunki u Xyolundni darvozaga orqa bilan o'ynash majburiyatidan ozod qiladi. U o'tgan safar yaxshi o'ynadi, garchi biz ba'zi omadsiz qarorlar qabul qilgan bo'lsak ham. Vaziyatlarni boshqarishni yaxshilash kerak; o'z kuchli tomonlarimizni anglashimiz zarur, chunki biz kuchlimiz. O'yinda nima bo'lishidan qat'iy nazar, bu jamoaning psixologik muvozanatini buzmasligi kerak: o'yinlar uzoq davom etadi va o'zimizni ko'rsatish uchun vaqt yetarli."
🔘Jarohat olganlar bilan ahvol qanday?
"Bizga barcha kerak. Angissa, Alisson va Olivera jamoaga qaytishdi va qaydnomaga kiritilishadi. Afsuski, biz Neresni yo'qotdik, u doimiy ravishda jarohatlardan aziyat chekmoqda. Vergara va Favazuli qaytishga hali tayyor emas, lekin tez tiklanishmoqda. Bizda Maktominey va jismoniy holatini tiklashi kerak bo'lgan boshqa futbolchilar bor. Jismonan tayyor bo'lishning o'zi yetarli emas... O'yinning o'zi – bu butunlay boshqa narsa."
🔘Kevin De Bryuyne xulq-atvori sizni g'azablantiradimi?
"Yo'q, mutlaqo. Maydonda tushunmovchilik bo'ldi, o'sha paytda biz hisobni 0-1 dan 3-1 ga o'zgartirgan edik... Balki u inglizcha, men esa italyancha gapirgandirman va tushunmovchilik kelib chiqqandir. U aqlli yigit, hammasini tushundi. Shu bilan hammasi yakunlandi, lekin bir-birimizni darhol tushunsak, albatta, yaxshiroq bo'ladi."
🔘Mavsumda uch marta hisobda oldinda borib, raqiblarga imkoniyatni boy berdingiz...
"Bizga qarshi uchta kambek? Vaziyatlarga qaraydigan bo'lsak... Gap yutqazganingda hammasi dahshatli, yutganingda esa mukammal bo'lishida emas... Unday emas. Natija fikrni shakllantirishini tushunaman... Eng muhimi – natija. Biz har doim yaxshiroq o'ynashga harakat qilamiz, lekin biz endi boshlayapmiz va bunday daqiqalar ustida ishlashimiz kerak. Hamma "Frosinone" bilan ajoyib o'ynadik deb aytgandi, lekin bizda gol ura olmagan sakkizta qarshi hujum bo'lgan. Agar o'sha vaziyatlardan yaxshiroq foydalanganimizda, "Frosinone"ga qarshi ajoyib o'ynadik va 3-0 hisobida yutdik deb gapirmagan bo'lardik. G'alaba qozonganda ham yaxshilashimiz kerak bo'lgan jihatlar bor: biz darvozamizga kamroq zarba yo'llanishiga yo'l qo'yishimiz, to'pni yaxshiroq nazorat qilishimiz kerak... Biz rivojlanishimiz kerak va men buni talab qilaman, chunki yigitlar ajoyib futbolchilar."
🔘Marianuchchi va Byokemning ahvoli qanday? Venetsiyada ularga imkoniyat beriladimi?
"Ular to'liq tiklanishdi. Luka tizzasidagi muammo tufayli bir necha oy maydonga tusha olmadi. Sem mavsumoldi tayyorgarligini o'tkazib yuborgandi va hozir formada. Bu ikki mutlaqo ishonchli o'yinchi va ularning borligi – katta ustunlik."
🔘Raqib haqida nima deya olasiz?
"Venetsiya"da nol ochko, uy o'yini va murabbiy almashinuvi: bu omillardan qo'rqamanmi? Davide Nikola doimo yaxshi ishlagan, u "Krotone"ni ligada olib qolgandi. U ajoyib murabbiy va nol ochkoga ega, lekin ko'plab vaziyatlar yaratayotgan jamoani boshqarmoqda. Bergamodagi so'nggi o'yinga qarashning o'zi kifoya. Biz u yerga og'ir oyoqlar va katta hurmat bilan boramiz."