Zbignev Bonek: «Men har doim Maradonani tanlagan bo'lardim»
Polsha futboli afsonasi Zbignev Bonek Maradona va Messi o'rtasidagi farq hamda argentinalik yulduzga qarshi o'yinlar haqidagi xotiralari bilan o'rtoqlashdi.
Il Corriere dello Sport bosh muharriri bilan suhbatda polshalik futbol afsonasi, A Seriyada to'p surgan Zbignev Bonek «Maradona yoki Messi?» degan savolga javob berdi:
Ikkovi ham fenomenal o'yinchilar, lekin sezilarli farq bor. Diyego fol ishlatish odatiy hol bo'lgan dunyoda o'ynagan, Lionel esa maydonda unga tegish mumkin bo'lmagan dunyoda. Himoyachilarning Maradonaga bo'lgan munosabatini bugungi kun bilan solishtirib bo'lmaydi. Diyego juda ziddiyatli hayot kechirganiga qaramay, betakror. Agar menga tanlov imkonini berishsa, men har doim Maradonani tanlagan bo'lardim.
Bonek o'zi to'p surgan «Yuventus» va «Napoli» o'rtasidagi o'yinlardan birini ham esladi:
O'shanda birinchi bo'limdan keyin kiyinish xonasiga kirdik va kimdir: «Maradonani yaxshilab urib qo'yish kerak, chunki u xohlagan ishini qilyapti», dedi. Biz qaytdik, lekin hech kim unga tegmadi, chunki barchamiz unga juda qoyil qolardik. U ajoyib edi! Diyego yaxshi yigit va muloqotda juda yoqimli inson edi.