Anvar G'afurov: "Jamoamizga sof forvard kerak"
SURKHON PFK ↗ ●●●●● Matbuot 👁 29

Anvar G'afurov: "Jamoamizga sof forvard kerak"

Anvar G'afurov ishtirokidagi matbuot anjumanidan🎤

— Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz?
— Juda yaxshi jamoaga qarshi bahs olib bordik. O‘ylaymanki, uchrashuv qiziqarli va kurashlarga boy bo‘ldi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun harakat qildi. Bir necha o‘yindan buyon gol ura olmayotgan edik, bugun bu seriyaga chek qo‘ydik. Afsuski, o‘z darvozamizdan ham gol olib chiqdik. Raqib kuchli va yaxshi shakllangan jamoa. Shunga qaramay, yigitlarning harakatlaridan e’tirozim yo‘q.
— Jamoangiz yaxshi o‘yin namoyish etayotgan bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishda qiynalmoqda. Buning asosiy sababi nimada?
— Bizda gol urish uchun vaziyatlar yetarli, faqat ulardan unumli foydalanishimiz kerak. Hech bir futbolchi ataylab vaziyatlardan foydalana olmayotgani yo‘q. Bu futbol, ba’zida bitta imkoniyatdan foydalanib ham g‘alaba qozonish mumkin. Eng muhimi, xatolar ustida ishlab, keyingi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rishimiz lozim.
— «Surxon» kelasi mavsumda oldiga yuqori maqsadlarni qo‘ygan taqdirda, bunday vazifalarni bajarishga qodir jamoaga aylanishi mumkinmi?
— Albatta, buning uchun, avvalo, sifatli seleksiya kerak. Tarkibimizda yosh futbolchilar ko‘p va jamoa asta-sekin shakllanib bormoqda. O‘yinlarimiz ham buni ko‘rsatmoqda. Biroq yuqori o‘rinlar uchun kurashish va katta maqsadlarga erishish uchun tarkibni kuchaytirish zarur. Ayniqsa, sof hujumchi masalasi dolzarb. Birinchi davrada ko‘plab gollar urgan Chinedu boshqa jamoaga o‘tdi. Tornike esa aslida hujumchi emas, majburiyat sababli uni oldingi chiziqda o‘ynatmoqdamiz. U o‘z vazifasini bajaryapti, ammo jamoamizga sof forvard kerak.

Futbolchilarimizga va Surxondaryodan kelib bizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. Kelasi mavsumda yanada yaxshi natijalar qayd etib, muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!