Anvar Gafurov: «Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadik»
SURKHON PFK ↗ ●●●●● Matbuot 👁 34

Anvar Gafurov: «Yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadik»

Anvar Gafurov ishtirokida o‘yindan keyingi matbuot anjumani

Bugungi o‘yin haqida fikrlaringiz?
Assalomu alaykum. Bugungi uchrashuv qiyin kechishini oldindan bilgan edik. Chunki har ikki jamoa uchun ham ochkolar juda muhim edi. Menimcha, bugun jamoamiz yaxshi o‘yin namoyish etdi, biroq yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalana olmadik.
Qizilqum jamoasida ham gol urish uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Agar o‘z vaziyatlarimizdan samarali foydalanganimizda, natija biz uchun ijobiy bo‘lishi mumkin edi. Shunga qaramay, yigitlarga yaxshi o‘yin uchun rahmat aytaman. Kelgusi uchrashuvlarda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz ustida ishlab, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Uzoq masofani bosib kelib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlagan muxlislarimizga alohida minnatdorlik bildiraman. Biz ular uchun ham maydonda bor kuchimizni berib, kurashishda davom etamiz.
So‘nggi uchrashuvlarda ayrim jamoa bosh murabbiylari hakamlik yuzasidan e’tiroz bildirishmoqda. Bugungi bahsda ham hakamlik bilan bog‘liq e’tirozli vaziyatlar kuzatildimi?
Yo‘q, hakamlik yuzasidan hech qanday e’tirozim yo‘q. Insoniylik nuqtayi nazaridan qaraydigan bo‘lsak, barchamiz insonmiz va xato qilishimiz mumkin. Bugungi uchrashuvda ham ayrim kichik xatoliklar bo‘lgan bo‘lishi mumkin, biroq o‘yin sur’ati yoki yakuniy natijaga ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy vaziyatlar yuzaga kelmadi.
Siz U-21 jamoasiga murabbiylik qilgan davrda jamoa ijobiy natijalar qayd etayotgan edi. Biroq asosiy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganingizdan so‘ng «Surxon» U-21 jamoasining natijalari pasaydi. Buni qanday izohlaysiz?
Har bir murabbiyning o‘ziga xos yo‘nalishi va ish uslubi bor. Shu sababli, bu masalani chetdan turib muhokama qilishni to‘g‘ri deb hisoblamayman.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!