Fernando Torres «Liverpul»dan «Chelsi»ga o'tishi haqida: «Bu meni o'ldirardi»
Гордость Лондона ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 11

Fernando Torres «Liverpul»dan «Chelsi»ga o'tishi haqida: «Bu meni o'ldirardi»

Fernando Torres The Athletic nashriga bergan intervyusida «Liverpul»dan «Chelsi»ga o'tishi haqida gapirdi:

«Men odamlar uchun bu qanchalik og'ir bo'lishini tushunmagan ekanman. Ketganimda ularning og'rig'ini ko'rdim va bu meni o'ldirardi. Men uchun asosiy raqib «Manchester Yunayted» edi. «Liverpul»da o'ynaganimda buni aynan shunday qabul qilardim. Men hech qachon «Manchester Yunayted»ga o'tmagan bo'lardim. Bu xuddi «Real» va «Atletiko» o'rtasidagi munosabatga o'xshaydi».
«Men Angliyada qolishni xohladim, chunki Premyer-ligani va u yerdagi futbol uslubini yaxshi ko'rardim. «Liverpul»dagi ilk mavsumimdan so'ng «Barselona»ga o'tish imkoniyatim bor edi, lekin takliflarni eshitishni ham istamadim, chunki baxtli edim. Keyin, 2010-yilda «Barsa» yana meni sotib olishga urindi, ammo yakunda o'rnimga u yerga David Vilya o'tdi».
«Meni «Chelsi» va «Manchester Siti» o'z safiga qo'shib olmoqchi edi. Men «Chelsi» o'z tarkibidagi ajoyib futbolchilar evaziga menga sovrinlar yutish uchun eng yaxshi imkoniyatni taqdim etishini his qildim».
«Ba'zida futbolda o'z yo'lingdan borishing va o'zing uchun nima yaxshiroq ekanligi haqida o'ylashing kerak. Lekin senga borini bergan odamlarga og'riq yetkazayotganingni anglamaysan. Men «Liverpul» muxlislari uchun qanchalik muhimligimni tushunmagan ekanman. Men o'zimni shunchaki navbatdagi o'yinchi deb o'ylaganman».
««Chelsi» tarkibida «Enfild»ga ilk bor qaytganimda, menga juda og'ir bo'lgan. Men dahshatli o'yin o'tkazganman [«Chelsi» 1:4 hisobida mag'lub bo'lgan]. Birinchi marta uyda bo'lsam-da, aslida uyda emasdim».
««Liverpul»dan ketish qarorimdan afsuslanmayman, chunki o'sha paytda o'zim uchun to'g'ri deb bilgan ishni qilganman. Lekin barchasini tushuntirishga va yangi egalar bilan yaxshilab gaplashib olishga vaqt topa olmaganimdan afsusdaman. Shuningdek, «Liverpul» muxlislarining tuyg'ularini jarohatlaganimdan ham afsusdaman».
«O'sha paytda men uchun hamma narsa sovrinlar yutish bilan bog'liq edi. Ammo yosh o'tgan sari bular eng muhimi emasligini tushunasan. Odamlar bilan bo'lgan aloqa ancha muhimroq. Baxtli bo'lish va biror narsaning haqiqiy qismi ekanligingni his qilish — bundan ham muhimroq».
«Gap sovrinlarda emas, balki ortingda qoldirgan merosingda. Hali ham meni kechirmaganlarni tushunaman, lekin o'z nuqtai nazarimni tushuntirish imkoniyati ba'zilarning fikrini biroz o'zgartirishiga olib keldi».
«Bu odamlarning kechirimini olish men uchun juda ko'p narsani anglatadi. Bu xuddi yelkamdan 300 kilogrammlik yuk tushgandek bo'ldi».
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!