Mourinyu: "Ba'zida Valverde yarim himoyada o'ynaydi"
"Qirollik klubi" ustozi o'yinoldi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Ertaga bizni AEKga qarshi juda jiddiy o'yin kutib turibdi. Biz pley-off bosqichiga chiqishga yaqinmiz, ammo kuchli sakkizlikka kafolatlangan tarzda kirishimiz uchun hali uzoq yo'l bor. AEK o'z maydonida juda kuchli — jamoa joriy mavsumda shu yerda barcha o'yinlarda g'alaba qozongan. Biz ertangi o'yinga maksimal konsentratsiya bilan yondashishimiz kerak.
Tarixga nazar solsak, "Madrid" Afinada sakkizta o'yinda bor-yo'g'i bitta g'alabaga erishgan, bu faktning o'zi ko'p narsani anglatadi. Qolaversa, raqib har safar "Madrid" futbolkasini ko'rganida, bu ularga qo'shimcha motivatsiya bag'ishlaydi.
Shuning uchun ertaga biz eng yaxshi futbolimizni ko'rsatishimiz, o'yinga maksimal darajada jiddiy yondashishimiz va odatiy darajamizni saqlab qolishimiz kerak, chunki bizga ochkolar zarur".
"Roma" bilan o'yin biz uchun burilish nuqtasi bo'ldimi? Hissiy nuqtai nazardan, u bizga ijobiy impuls bergan bo'lishi mumkin. Ammo o'yinimiz sifati bo'yicha burilish nuqtasi haqida gapiradigan bo'lsak, men bunday deb o'ylamayman. Men qandaydir alohida epizoddan ko'ra tizimli mehnatga ko'proq ishonaman.
Biz bir-birimizni yaxshiroq bilib boryapmiz. Har bir mashg'ulot va har bir o'yin bizga kuchliroq bo'lish imkonini beradi. Biz bir-birimizni tushunishda davom etyapmiz, birgalikda o'tkazilgan har bir tajriba esa sheriklarimizni yanada yaxshiroq bilishga yordam beradi.
Aynan kundalik mehnat va to'plangan tajriba jamoani kuchliroq qiladi. Men "burilish nuqtasi" deb ataladigan narsalarga unchalik ahamiyat bermayman".
"Hozirgi "Madrid"ni 2011/12-yilgi mavsum jamoasi bilan solishtirishmi? Yo'q. Men hech qanday taqqoslashlar o'tkazishni istamayman. Menga jamoalarni, o'yinchilarni yoki boshqa narsalarni solishtirish yoqmaydi. Jamoamiz ulkan salohiyatga ega, ammo biz hali hech narsa yutganimiz yo'q — biz yo'lning boshidamiz. Shunga qaramay, qo'limdagi tarkibdan juda mamnunman".
"Madrid" bilan Chempionlar ligasidagi g'alaba "Portu" va "Inter" bilan erishganlarimdan nimasi bilan farq qilardi? Bu dunyoning eng buyuk klubi bilan Chempionlar ligasidagi g'alaba bo'lardi. Ammo men gipotetik ssenariylar haqida mulohaza yuritishni istamayman — haqiqat haqida gapirishni afzal ko'raman. Haqiqat shundaki, biz hali umumiy bosqichdan ham chiqib ketganimiz yo'q".
"Valverde o'tgan yili o'ng qanot himoyachisi pozitsiyasida o'ynash uchun tug'ilmaganini aytgandi. Uni endi o'ng qanot himoyachimiz deb hisoblaymanmi? U jamoa uchun juda muhim, qolaversa, u bizning sardorimiz. Men uni aynan shunday qabul qilaman.
Sardor bo'lish — butunlay boshqacha mas'uliyatni zimmasiga olishni anglatadi. Va sening zimmangda shunday mas'uliyat bo'lsa, jamoa uchun hamma narsani qilasan: agar kerak bo'lsa, hatto chap qanot himoyasida ham o'ynaysan. Menda bu borada hech qanday shubha yo'q.
Darhaqiqat, tarkibni rejalashtirishda biz dastlab Fedenini yarim himoyachi sifatida ko'rib chiqqanmiz, o'ng qanot himoyachisi sifatida emas. Shunga qaramay, Valverdening bu pozitsiyadagi o'yinidan juda mamnunman. U o'ng qanot himoyasida bo'lganida jamoa yaxshiroq o'ynayapti.
Ammo yarim himoyada o'yinchilarimiz ko'p emasligi sababli, ishonchim komilki, ertami-kechmi Fede yana markazda maydonga tushadi — hech bo'lmaganda vaqti-vaqti bilan. Biroq hozir u o'ng qanot himoyasida o'ynamoqda".
"Vinisius ertangi o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushadi. Vinisius, Mbappe va Diomande birga o'ynashadimi? Siz yana Braim va Endrikni unutib qo'yyapsiz... Hujumda juda ko'p sifatli futbolchilarimiz bor. Men uchun o'yinchilarning ko'pligi hech qachon muammo bo'lmagan.
Diomande ham, Braim kabi ikkala qanotda ham o'ynay oladi. Endrik ham o'ngda, ham chapda harakat qila oladi... Ammo barcha futbolchilar orasida aynan Vinisius chap qanotda o'ynashga eng mos keladi. Biz buni bilamiz".
"Gyulerni allaqachon eng yuqori darajadagi o'yinchilar qatoriga qo'shish mumkinmi? U ertangi o'yinni o'tkazib yuboradi. Shuning uchun bu savolni menga juma kuni bering".
""Madrid"imni ideal jamoaga aylantirishim uchun yana qancha vaqt kerak bo'ladi? Uch mavsum. Uch yil".
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!