Mikel Arteta o'zining ish uslublari haqida kamdan-kam hollarda batafsil gapiradi, ammo "Sanderlend"ga qarshi o'yindan oldin u tan oldi: mavsumoldi tayyorgarlik vaqtida u ataylab futbolchilar uchun noqulayliklar va kutilmagan vaziyatlar yaratadi.
Mana "Arsenal" bosh murabbiyining eng g'ayrioddiy usullari.
1. Ovqatlanish va transportdagi kechikishlar
Arteta jamoaning odatiy tartibini ataylab o'zgartiradi: ovqatlanish va avtobuslarni kechiktiradi, boshqa yo'nalishlarni tanlaydi, kiyinish xonalarini issiqroq qiladi va hatto massaj stollari sonini qisqartiradi. Maqsad - o'yin kunida rejadan tashqari holatlar yuz berganda futbolchilarni xotirjamlikni yo'qotmaslikka o'rgatish.
2. Professional cho'ntakkesarlar
Jamoaviy kechki ovqatlardan birida Arteta cho'ntakkesarlarni yollagan, ular futbolchilarning telefonlari va hamyonlarini sezdirmay o'g'irlashgan. Kechki ovqat oxirida futbolchilarga cho'ntaklarini tekshirishni taklif qilishgan. Xabar shundan iboratki, hushyorlikni hech qachon yo'qotmaslik kerak.
3. Maxsus joylashtirish
Yig'inlar vaqtida futbolchilarni stollar atrofida ataylab aralashtirib o'tqazishadi: yoshlar, yetakchilar, murabbiylar va xodimlar birga o'tirib, muloqot qilishlari kerak.
4. Mashg'ulotlardagi musiqa
"Enfild"dagi o'yindan oldin Arteta mashg'ulotlarda You’ll Never Walk Alone qo'shig'ini qo'ygan. Umuman olganda, musiqa uning metodikasining bir qismiga aylandi: qo'shiqlar kerakli kayfiyatni yaratish uchun ishlatiladi, chempionlik poygasi oldidan esa maydon yonida TikTok videolari va futbolchilar haqidagi qo'shiqlar aks etgan ulkan ekranlar paydo bo'ldi.
5. Lampochkalar, rasmlar va tvitlar
"Tottenxem"ga qarshi derbi oldidan Arteta "ishtiyoq" va "tiniqlik"ni anglatuvchi yurak va miya rasmini chizgan. Boshqa safar jamoa va muxlislar o'rtasidagi bog'liqlik muhimligini tushuntirish uchun lampochka olib kelgan. "Brentford"ga qarshi o'yindan oldin esa futbolchilarga Ayvan Tounining eski masxaraomuz tvitini ko'rsatgan.
6. Haqiqiy olov
"Bornmut"dan uchralgan mag'lubiyatdan so'ng Arteta jamoadan shunday talab qilgan: "Qo'rquv yo'q. Sof olov". Bir necha kundan keyin mashg'ulot bazasida haqiqatan ham olov yoqishdi.
7. Bazadagi o'zgarishlar
Arteta bazada Win ismli labrador itini boqishni boshladi, APL chempionlik kubogi siluetini o'rnatdi (uni faqat chempionlikdan keyin yoritishlari kerak edi) va klub ildizlari ramzi sifatida 150 yillik zaytun daraxtini o'tqazdi.
8. Oilalar va barbekyu
Arteta muntazam ravishda jamoaviy barbekyu uyushtiradi va yig'inlarga futbolchilarning oilalarini taklif qiladi. Barcha bu usullarning bitta g'oyasi bor: shunchaki futbol jamoasini emas, balki har qanday vaziyatda diqqatni jamlay oladigan va hissiy barqarorlikni saqlaydigan, o'zaro bog'liq bo'lgan odamlar guruhini yaratish.
Bizning murabbiyimiz qanchalik zo'r 🥰
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!