O'zbekiston Superligasining 26-turidan o'rin olgan “Navbahor” – “Andijon” (1:0) jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Timur Kapadze ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
“Lochinlar” ustozi odatdagidek, o'z so'zini o'yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
Albatta, butun “Navbahor” jamoasini, muxlislarini — barchani g'alaba bilan tabriklayman. Qiyin uchrashuv bo'lishini bilardik. Qaysidir ma'noda prinsipial o'yin ekanini ham tushunardik. Lekin, o'ylaymanki, yaxshi tayyorgarlik ko'rdik. Albatta, o'yin oson o'tmadi, biroq, menimcha, yaxshi harakat qildik.
Biz har doim g'alaba qozonishni istaymiz. Ertaroq ham gol urish imkoniyatimiz bor edi. Futbol bu... Eng asosiysi, g'alaba qozondik va endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz. Albatta, “Andijon” jamoasiga keyingi o'yinlarda omad tilaymiz.
– Timur aka, mavsum yakuniga yetib qoldi. Mavsum davomida namanganlik muxlislar tomonidan Timur Kapadze nomi qaysidir ma'noda o'ziga xos “krichalka”ga aylanib qoldi. Namangandek shaharda bunday darajadagi natijaga erishish har doim ham murabbiylarga nasib qilavermagan. Bu sizda qanday hissiyotlarni uyg'otmoqda?
Albatta, bu juda yoqimli. Har bir muxlisga rahmat aytaman. O'ylaymanki, men ham, jamoam ham ularni xursand qilish uchun har tomonlama harakat qilyapmiz. Xudoga shukur, shunday natijalarga erisha olyapmiz. Har bir stadionga kelgan muxlisni xursand qilayotganimizdan o'zimiz ham mamnunmiz.
Qolaversa, muxlislarning bizga shunday munosabat bildirishi men uchun ham, jamoa uchun ham juda yoqimli holat. O'ylaymanki, bu hamisha shunday bo'lsin, har bir murabbiyga muxlislarni xursand qilish nasib etsin. Chunki murabbiylik shunday kasb: g'alaba qozonsangiz, hamisha ko'klarga ko'tarishadi, mag'lubiyatga uchrasangiz esa…
Xudoga shukur, harakat qilyapmiz, buning evaziga Xudo ham bizga baraka beryapti. Shuning uchun, albatta, bu juda yoqimli. O'ylaymanki, biz ham ularga o'z o'yinimiz bilan javob qaytaryapmiz.
– Hozirda ko'plab jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rishni boshladi. Garchi transfer bozori hali ochilmagan bo'lsa-da, kelasi mavsum uchun muzokaralar boshlangan. “Navbahor”da bugungi kunda vaziyat qanday? Kelasi mavsum uchun “Andijon”dan ayrim futbolchilarni tarkibingizga jalb qilishingiz mumkinmi?
Albatta, ikki frontda ham maydonga tushamiz, o'ynaymiz. Har bir uchrashuvga g'alaba qozonish uchun chiqamiz. O'ylaymanki, qaysi o'yin bo'lishidan qat'i nazar, maksimal darajada g'alaba uchun harakat qilamiz. Menimcha, bu borada tanlov bo'lmaydi. Qolgani nasib. Eng asosiysi, mashg'ulotlarda ham, umuman, o'yinga tayyorgarlik jarayonida ham professional yondoshsak, hammasi joyida bo'ladi.
Kubok masalasida ham bizni o'ylantirayotgan jihatlar ko'p. Chunki hozir milliy jamoa bilan bog'liq vaziyat ham bor. Oldinda yana bitta tur bor, keyin milliy jamoa yig'ini boshlanadi. Kimlar chaqirilishini hozircha bilmaymiz.
Bilasizlar, milliy jamoani ikkita uchrashuv kutyapti. Ikkinchisi 17 noyabr kuni safarda bo'ladi. Buning ustiga, 20 noyabr kuni “Neftchi” bilan o'z maydonimizda derbi o'yinimiz bor. 17 noyabrda o'ynab, futbolchilar qachon qaytib kelishadi? 18 noyabr kuni kelib, bir kun mashg'ulot o'tkazib, yana o'yinga tayyorlanishlari kerak bo'ladi. Ular o'ynay oladimi yo'qmi? Buning o'zi ham ko'plab muammolarni keltirib chiqaradi.
Buning ustiga, o'sha uchrashuvdan keyin darhol O'zbekiston kubogi doirasidagi uchrashuv belgilangan. Bunday holatlar, albatta, biz — murabbiylar uchun juda qiyin masala. Chunki hozir yana tanaffus bo'ladi, keyin yana tayyorgarlik ko'rishingiz kerak. Ayrim futbolchilar milliy jamoada bo'lganidan keyin o'yin ritmidan tushib qolishi, o'yin tonusini yo'qotishi mumkin. Bunday jihatlar ko'p.
O'ylaymanki, barcha jamoalarda shunday bosh og'rig'i bor. Albatta, milliy jamoa hammamiz uchun hamisha ustuvor hisoblanadi. Ularga faqat omad tilaymiz. Biz esa ishlashda davom etamiz.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!