The Athletic (Kortegana) xabariga ko'ra, «Arsenal»ning asosiy vakillari bir necha oy davomida Vinisius bilan batafsil suhbatlashgan. «Kanonirlar» vingerga klubga o'tgan taqdirda u loyihaning asosiy yuzi bo'lishini aytishgan. Shuningdek, suhbatlar davomida ular har ikki tomon uchun tijoriy foydalarni ta'kidlashgan.
Londonliklar hatto 26 yoshli braziliyalik futbolchining transferi uchun klubdagi maoshlar tarkibini buzishga ham tayyor bo'lishgan. Garchi tomonlar o'rtasida hech qanday kelishuv bo'lmasa-da, o'yinchi bilan shaxsiy shartnoma shartlarini kelishib olish ular uchun muammo tug'dirmasdi.
«Arsenal» taklif qilgan moliyaviy shartlar Vinisiusni klub unga chin dildan qiziqayotganiga ishontirgan. Futbolchi «kanonirlar» rahbarlari va Mikel Arteta bilan bir necha oylik muzokaralardan so'ng «Arsenal»ga o'tishga jiddiy qiziqish bildirgan.
Shu sababli, «Arsenal»da Vinisiusning transferiga hujumchining «Madrid» rahbariyati bilan shartnomani uzaytirish bo'yicha yakuniy uchrashuvigacha ishonch komil bo'lgan. «Qirollik klubi» o'z taklifini yaxshilagani haqidagi xabar londonliklar rahbariyatida xavotir uyg'otgan.
Natijada, o'sha oqshomning o'zida Vinisiusning atrofidagilar «Arsenal»ga u «Madrid»ga bo'lgan sadoqati va madridliklarning shartnomani uzaytirish uchun ko'rsatgan moliyaviy sa'y-harakatlari tufayli ularning taklifini rad etishga qaror qilganini ma'lum qilishgan. Shu bilan birga, vingerga yaqin kishilar «Arsenal»ga ko'rsatilgan qiziqish uchun minnatdorchilik bildirishgan.
Shuningdek, Joze Mourinyuning «Real Madrid»ga qaytishi ham Vinisius bilan yangi shartnoma imzolashda muhim rol o'ynagani ta'kidlanmoqda. Murabbiy iyun oyidan boshlab braziliyalik futbolchi bilan doimiy ravishda muloqotda bo'lgan. Mourinyu uni jamoada saqlab qolishni istagan.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!