Shveytsariyaning "CIES Football Observatory" tadqiqot markazi dunyoning 49 ta oliy divizion ligasida faoliyat yuritayotgan akademiya bitiruvchilari soni (15 dan 21 yoshgacha bo'lgan davrda klubda kamida 3 mavsum o'tkazgan futbolchilar), ular ishtirok etgan uchrashuvlar darajasi, maydondagi daqiqalar va o'rtacha yosh ko'rsatkichlari asosida yillik global reytingni e'lon qildi.
Yangi-langan reytingda "Paxtakor" akademiyasi 50,3 ball bilan 46-o'rinni egalladi. 2025 yilgi reytingda jamoamiz akademiyasi 34,1 ball bilan 90-o'rinni egallagandi.
"Paxtakor" akademiyasida tarbiyalangan 59 nafar futbolchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 6 nafari ayni paytda "Paxtakor"ning asosiy jamoasida o'ynamoqda.
Klubimiz bu borada Osiyo futbol konfederatsiyasi klublari orasida top-60 talikka kirgan yagona jamoa sifatida qit'ada 1-o'rinni egallab, Braziliyaning "Kruzeiro" (49,8), Ukrainaning "Shaxtyor" (48,4), Angliyaning "Arsenal" (46,6), Xorvatiyaning "Xayduk" (46,2) va Portugaliyaning "Portu" (45,5) klublarini ortda qoldirdi.
Reytingda Portugaliyaning "Benfika" klubi birinchi, Argentina-ning "River Pleyt" va "Boka Xuniors" klublari ikkinchi va uchinchi o'rinlarni egallagan.