Davide Anchelotti: «Real Madrid» Kroosning ketishi bilan dunyoning eng yaxshi yarim himoyachisini yo'qotdi»
Davide Anchelotti Toni Kroosning ketishi "Real Madrid" uchun qanday yo'qotish bo'lgani va Vinisius Juniorning o'yin uslubi haqida fikr bildirdi.
D. Anchelotti: "Madrid" Kroosning ketishi bilan dunyoning eng yaxshi markaziy yarim himoyachisini yo'qotdi"
"Lill" ustozi bilan intervyudan parchalar
"Gaplarim tanqid sifatida qabul qilinishini istamayman, ammo maydonda Modrich yoki Kroos bo'lganida, to'p deyarli har doim bo'sh zonaga ochilgan o'yinchiga yetib borardi.
Men hozirgi "Madrid" futbolchilari bunday uzatmalarni amalga oshira olmaydi demoqchi emasman. Men shuni nazarda tutyapmanki, vertikal o'yin uchun bunday uzatmalarni topa oladigan futbolchi kerak. Vertikal futbol — bu faqat yugurishga qodir sakkiz nafar o'yinchi emas. Yana ularni bo'sh zonalarga "qo'yib yubora" oladigan futbolchi kerak.
"Madrid" Kroosning ketishini qanday yengib o'tadi? Jamoa qaytarib bo'lmaydigan narsani yo'qotdi. Toni ketganidan keyin "Madrid" aynan nimani yo'qotdi? O'z pozitsiyasida dunyoning eng yaxshi o'yinchisini. Shunchaki "Menga yana bir Kroos kerak" deb bo'lmaydi, chunki ikkinchi bunday futbolchi mavjud emas.
Kroos o'yinni to'liq nazorat qilardi, uning tempini belgilab berardi. O'yin aynan Toni xohlagandek rivojlanardi. Bundan tashqari, u to'psiz ham ulkan ish hajmini bajarardi — har bir o'yinda 11 km masofani yugurib o'tardi.
Kroos himoyalanishni ham bilardi: u o'yinni taktik tushunish bo'yicha ajoyib qobiliyatga ega edi. Ayniqsa, uning tayanch zonasida o'ynaganini ko'rish menga yoqardi. Men buni shunchaki yaxshi ko'rardim.
Ammo Tonining o'ziga to'p uchun kurashish yoki yakkakurashlarga kirishish unchalik yoqmasdi. U tayanch yarim himoyachisiga qora ishni qoldirib, markaziy yarim himoyachi pozitsiyasida o'ynashni afzal ko'rardi. Shubhasiz, Kroosning ketishi "Madrid" o'yin uslubiga juda kuchli ta'sir qildi. Jamoa bir zumda juda ko'p narsadan ayrildi".
"Vinisiusmi? U haqida nima ham deya olaman... U Chempionlar ligasining ikkita finalida gol urdi. Men unga faqat minnatdorchilik bildira olaman. Vinisiusning jamoadoshlari uni yaxshi ko'rishi tasodif emas. Hammasi uning beg'araz inson ekani va birorta ham mashg'ulotni o'tkazib yubormasligida.
Vinisius mas'uliyatdan qochmaydi, bahona izlamaydi, hech qachon kuchini ayamaydi va "bir oz og'riq his qilyapman, shuning uchun mashg'ulot o'tkazmayman" demaydi. Vinisius har doim jamoaga yordam berishga tayyor. Jamoadoshlari buni bilishadi va aynan shuning uchun uni juda qattiq yaxshi ko'rishadi.
Vinisius sport formasining cho'qqisida bo'lganida, u yolg'iz o'zi o'yin taqdirini o'zgartira oladi. Bunday futbolchini juda diqqat bilan kuzatish kerak, chunki u jamoaning umumiy balansiga ta'sir qiladi.
Bu shuning uchun sodir bo'ladiki, Vinisius — juda to'g'ri chiziqli va vertikal o'yinchi. U o'z kuchiga shu qadar ishonadiki, doimo driblingga kirishadi. Vinisiusga aynan shunday o'ynashiga imkon beradigan jamoa strukturasi kerak. Agar u bo'lmasa, o'yin osongina nazoratdan chiqib ketishi mumkin, chunki Vini doimo hujum qiladi...
Siz Vinisiusni o'zgartira olmaysiz, ammo butun jamoa strukturasini o'zgartirishingiz mumkin. Va u yaxshi formada bo'lganida, Vini sizga o'yinlarni yutib beradi. "Madrid"da u buni ko'p marta qilgan.
Vinisiusning Alonso qo'l ostidagi "El-Klasiko"da almashtirilganidan noroziligi? Vini xatoga yo'l qo'yganini birinchi bo'lib tushunadi. Ammo bu allaqachon o'tmishda qoldi. O'tgan mavsumda "Madrid" aynan shu epizod tufayli yirik sovrinlarsiz qoldi deb o'ylamayman.
"Madrid" futbolchilari nihoyatda professional. Biz otam bilan ularning hech biridan salbiy munosabatga duch kelmaganmiz. Futbolchilar maydondan chiqib ketishni xohlashmaydimi? Xo'sh, bu tabiiy hol. Vinisius buni Kroos, Modrich, Kazemiro ming marta qilganidek qildi..."