Al-Nassr 3:1 Neftchi: Farg'onaliklar xalqaro maydondagi yubiley uchrashuvini o'tkazdi
AFC Champions League Elite doirasida "Neftchi" safarda "Al-Nassr"ga imkoniyatni boy berdi. Bu farg'onaliklar uchun xalqaro maydondagi 60-yubiley o'yin bo'ldi.
AFC Champions League Elite 2-turidan o'rin olgan "Al-Nassr"ga qarshi safar uchrashuvi vakillarimiz uchun xalqaro maydondagi 60-yubiley bahs bo'ldi. Afsuski, Ar-Riyodda kechgan bahs 3:1 hisobidagi mag'lubiyat bilan yakunlandi.
Uchrashuv har ikkala jamoaning faolligi bilan boshlandi, biroq tashabbusni mezbonlar asta-sekinlik bilan o'z qo'llariga olishdi. 34-daqiqada jarima maydonchamiz ichida bo'sh qolgan Anjelo hisobni ochdi. 42-daqiqada esa tajribali Ronaldu kuchli zarba bilan darvozamizga ikkinchi to'pni kiritdi. Bo'lim yakunida Markus Forssning goli ofsayd sababli bekor qilindi.
Ikkinchi bo'lim jamoamizning keskin hujumlari bilan boshlandi va 51-daqiqada Alisher Odilov hisobni qisqartirdi. Biroq 65-daqiqada Ikrom Aliboyev qizil kartochka olib, maydonni tark etgach, vaziyat murakkablashdi. Bir kishi kam bo'lib qolgan jamoamiz 78-daqiqada uchinchi golni o'tkazib yubordi: Anvarjon G'ofurovning xatosi sababli to'p o'z darvozamizdan joy oldi.
"Neftchi"ning xalqaro musobaqalardagi 60 ta uchrashuvi besh xil turnir doirasida o'tkazilgan. Ularning 16 tasi AFC kubogi, 2 tasi Osiyo kubok egalari kubogi, 17 tasi Osiyo klublar chempionati, 23 tasi Osiyo Chempionlar Ligasi va 2 tasi Osiyo Chempionlar Ligasi Elitasi hissasiga to'g'ri keladi.
Klubimizning xalqaro maydondagi mazkur uchrashuvlari ikki murabbiy boshchiligida o'tkazilgan. Shundan 58 ta bahs Yuriy Sarkisyan, 2 ta uchrashuv esa Islombek Ismoilov qo'l ostida o'tkazilgan.