Pio Esposito Fransiya himoyachilariga qiyinchilik tug'dirdi
Internazionale Milano ↗ ●●●●● Matbuot 👁 30

Pio Esposito Fransiya himoyachilariga qiyinchilik tug'dirdi

Fransiyaning «L'Equipe» gazetasi «Inter» hujumchisi Pio Espozitoning Italiya - Fransiya uchrashuvidagi o'yiniga alohida to'xtaldi. Maqoladan ayrim parchalar:

«Yigirma bir yoshida u hali ham juda yosh ko'rinadi, butun faoliyati oldinda, ammo Pio Espozito allaqachon himoyachilar uzoq vaqt eslab qoladigan hujumchilardan biriga aylandi. U bosim o'tkazadi, kurashadi, tajribali futbolchidek to'pni himoya qiladi va eng muhimi – gol uradi: «San Siro»dagi yomg'irli oqshom Dayot Upamekano va Jeremi Jake uchun og'ir kechdi. Bunga asosiy sabab – aynan shu markaziy hujumchi edi.

Espozito o'yinga gol urish uchun katta ishtiyoq bilan yondashdi va o'yin ssenariysini deyarli yolg'iz o'zi yozdi. Unga gol urish uchun birinchi imkoniyatning o'zi yetarli bo'ldi: yaqin ustun oldidagi harakati Filippo Indzagining o'yinini eslatib yubordi.

Espozitolar oilasining kenjasi so'nggi oylarda Italiyaning eng yulduz hujumchilari bilan taqqoslanishga o'rganib qoldi. Barqarorlik, xarakter va o'sish aynan u Italiya terma jamoasi ko'p yillardan buyon orzu qilgan «to'qqizlik» ekanligini ko'rsatmoqda.

Espozito jismonan juda baquvvat, uni joyidan qo'zg'atish qiyin, u kuchli va texnikasi ham yetarli, shu bois uni ko'pincha Kristian Vyeri bilan solishtirishadi. Kecha u o'zining qisqa faoliyatida ilk bor terma jamoa safida dubl qayd etdi va 14 ta o'yinda 9 ta golga mualliflik qildi. Statistika bo'yicha u Vyeridan o'zib ketdi: Vyerining dastlabki 14 ta o'yinida 8 ta gol (1998 yil), jami esa 49 ta o'yinda 23 ta gol bo'lgan.

Uning akasi Sebastiano kecha penaltini golga aylantira olmadi, shuning uchun navbatdagi penalti belgilanganda, Pio «nuqta»ga yaqinlashdi, Menyan ustidan g'alaba qozondi va ko'z yoshlari bilan akasi bilan birga nishonlashga yugurdi.

- Akamning xatosini tuzatishni xohladim, chunki u xato qilganda menga ham u kabi og'riqli edi. Penaltidagi eng muhim narsa – uni tepish uchun jasoratga ega bo'lish.

Pioda jasorat yetarli va u butun Italiya unga yuklagan rolni bajarishga tayyor ko'rinadi».

Manba: «L'Equipe»

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!