Trevoh Chalobah: "Chelsea men uchun hamma narsa"
Гордость Лондона ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 44

Trevoh Chalobah: "Chelsea men uchun hamma narsa"

Trevoh Chalobah The Athletic nashriga bergan intervyusining uchinchi qismida "Komo"ga o'tishi, "Chelsea"dagi faoliyati va kelajakdagi maqsadlari haqida gapirib o'tdi.

💬 "Komo"ga o'tish qanday amalga oshdi?

"Yozda murabbiy men bilan bog'lanib, loyiha va meni qaysi pozitsiyada ko'rayotgani haqida gapirib berdi. Men "Komo"ning yuksalishi va u yerdagi jamoa qanchalik qiziqarli ekanligi haqida o'qigandim. U meni rostdan ham o'z safida ko'rishni istadi va tajribamni qadrladi. Bu yoqimli edi, o'zgarishlar qilish vaqti kelgandi".

"Futbolchi uchun turli tajribalarga ega bo'lish foydali, shuning uchun yana xorijga ketish oson qaror bo'ldi. Qolaversa, menga Italiya yoqadi. U yerga tez-tez dam olgani borib turaman".

💬 "Komo"da senga qanday?

"Ajoyib. Xodimlar, futbolchilar, muxlislar, shaharning o'zi — bularning barchasi hayot sifati, turmush tarzi va taomlar nuqtai nazaridan menga juda yaqin".

"Men ovqatlanishni juda yaxshi ko'raman. Bu yerda eng yangi mahsulotlar bor. Futbol ajoyib. Va bizda ajoyib murabbiy bor".

💬 Italyan tilini o'rganyapsanmi?

"Ushbu intervyudan keyin darsim bor. O'zimga olti oy muhlat berganman".

💬 "Chelsea"ni tark etish qiyin bo'ldimi?

"Albatta. O'tgan mavsumda jamoa biz xohlagan natijaga erisha olmadi, lekin men o'z faoliyatimdagi eng yaxshi mavsumlardan birini o'tkazdim deb o'ylayman — eng ko'p o'yin o'tkazdim va bir nechta gol urdim".

"Men u yerda sakkiz yoshimdan beri edim va klub afsonasiga aylanishni istagandim, lekin ba'zida hamma narsa biz rejalashtirgandek bo'lmaydi. Futbolchi har doim moslashishga tayyor bo'lishi kerak. Bir lahzada shu yerda bo'lishing, keyingisida esa boshqa joyda bo'lib qolishing mumkin. Lekin men shunday bo'lishi yaxshiroq deb qaror qildim".

"Chelsea" men uchun hamma narsa. Men hamon o'yinlarni kuzatib boraman va futbolchilar hamda xodimlar bilan aloqani saqlab turibman".

💬 A Seriya Premer-liga va Liga 1 dan nimasi bilan farq qiladi?

"Bu yerda taktika ancha ko'p. O'yinga tayyorgarlik ko'rishda detallarga, o'yin rejasiga juda katta e'tibor qaratiladi, ko'pincha pastki blokni yorib o'tishga to'g'ri keladi".

"Biz to'pga egalik qilishni va uni ko'proq nazorat qilishni yaxshi ko'radigan jamoamiz. Bizga ko'pincha chuqurroq joylashadigan jamoalar qarshilik ko'rsatadi. Taktik jihatdan aqlli bo'lish va bir qadam oldinda o'ylash kerak. Muxlislar Chempionlar ligasida o'ynayotganimizdan xursand".

💬 Angliya terma jamoasidagi chiqishlar-chi?

"Bu mening orzular xaritamda bajarilgan deb belgilagan yana bir maqsadim. "Chelsea"da o'ynash shulardan biri edi, Angliya terma jamoasiga chaqiruv olish, jahon chempionatida o'ynash ham shular jumlasidan. Tomas Tuxelga ham "Chelsea", ham Angliya terma jamoasi safida debyut qilish imkoniyatini bergani uchun minnatdorman".

💬 Senda haqiqatan ham orzular xaritasi bormi?

"Ha. U menda ko'p yillardan beri bor. Men uni o'zim bilan olib yuraman. Uni ko'rsatishdan mamnun bo'lardim, lekin barchasiga erishganimda buni amalga oshiraman".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!