Trevoh Chalobah: "Chelsi"ga qaytishimga ishonardim"
Гордость Лондона ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 41

Trevoh Chalobah: "Chelsi"ga qaytishimga ishonardim"

The Athletic nashriga bergan intervyusining ikkinchi qismida Trevoh Chalobah o'zining o'tmishi, ijaradagi tajribalari va "Chelsi"dagi faoliyati haqida so'zlab berdi.

💬 Do'stlaring va oilang seni qanday ta'riflagan bo'lardi?

"Yoshligimda biroz sho'xroq edim. Ota-onamga qayerdaligimni aytmasdim. Yosh o'tgan sari donolashdim. Hozir ancha xotirjam, vazminman va oqim bilan ketyapman. Ammo nimani xohlayotganimni bilaman. Maqsad sari intiluvchanman".

💬 Sen 2018-yilgi Angliya Kubogi finalida "Manchester Yunayted"ga qarshi o'yinda zaxira o'rindig'ida eding, garchi bunga qadar birorta professional o'yin o'tkazmagan bo'lsang ham.

"O'sha mavsumning ikkinchi yarmida Antonio Konte meni doimiy ravishda asosiy jamoa bilan mashg'ulotlarga chaqira boshladi. Bir nechta o'yinchi jarohatlangandi va meni jamoa bilan birga borishim uchun chaqirishdi. Men: "Bu yaxshi tajriba", deb o'yladim. Keyin ismimni zaxiradagilar ro'yxatida ko'rdim va baxtdan sarmast bo'ldim. Asosiy jamoada bir daqiqa ham o'ynamay turib, medalni qo'lga kiritganman!".

💬 Ijara senga qanday yordam berdi? "Ipsvich"ga yaqin bir kishi bilan gaplashganimda, u seni juda iqtidorli, lekin hali juda yosh ekanligingni aytgandi. Keyin "Xaddersfild" va Fransiya.

"Ipsvich"dagi dastlabki ikki-uch oy og'ir kechdi. Akademik futboldan Chempionshipga o'tdim, u yerda o'yinlar qattiq va jismoniy kurashlarga boy. Haftasiga ikkita o'yinga ko'nikishim kerak edi, ammo jamoadoshlarim yordam berishdi. Yaxshi o'yinchi ekanligimni bilardim, lekin ko'p uzatmalar va ikkinchi to'p uchun kurash bo'ladigan futbolga moslashishim kerak edi. Yarim himoyada o'ynadim, o'z pozitsiyamda emas. Aslida, markaziy himoyachi sifatida maydon markazida edim. "Chelsi"da har hafta g'alaba qozonarding, "Ipsvich"da esa yo'q. Bu sinov edi, lekin menga kerak edi. Kattalar futboli. Sardor, tajribali o'yinchilar senga baqirishadi, o'yiningdan norozi bo'lishadi. Akademik futbolda buni ko'rmaysan. "Ipsvich"da ochkolar kerak edi, lekin yetarlicha to'play olmadik. Turnirdan chiqib ketish... kiyinish xonasidagi o'sha yuzlarni ko'rish. "Xaddersfild"da vaziyat shunga o'xshash edi, lekin u yerda ligada qolishga muvaffaq bo'ldik. Futbolning ikki tomonini ko'rdim. Keyin Fransiyaga, "Loryan"ga yo'l oldim, "Pari Sen-Jermen" kabi jamoalarga qarshi o'ynash va o'zimni boshqacha futbol turida sinab ko'rish uchun. Fransuz tilini o'rgandim, garchi ko'pini unutgan bo'lsam ham. Mashg'ulotlarga velosipedda borardim, plyaj yaqinida yashardim. Bu ajoyib edi. Qolaversa, bu COVID-19 davri edi, futbolga diqqatni jamlashdan boshqa qiladigan ish yo'q edi. Aynan o'shanda katta qadam tashladim. Menga akam yordam berdi — u "Napoli"da edi. U chet elda o'ynash tajribasi menga foyda berishini bilardi. Men esa o'zim ustimda ishladim — tezlik, uzatmalar, himoyadagi o'yin bo'yicha".

💬 Nihoyat, 2021-yilgi UEFA Superkubogi finalida "Chelsi" safida debyut qilding...

"Bu ajoyib edi. Fransiyadan yaxshi formada, kuchli va tayyor bo'lib qaytdim. Bosh murabbiy Tomas Tuxel edi va u PSJda ishlaganida meni Fransiyada ko'rgan. O'sha o'yindan oldin asabiylashdim, lekin maydonda hammasi joyida bo'ldi. Aynan shu narsa uchun mehnat qilgandim".

💬 Kelajaging "Chelsi" bilan bog'liq bo'lishini his qilganmiding?

"Chelsi" endigina Chempionlar ligasida g'olib chiqqandi va qiyin bo'lishini tushunardim. U yerda Tiago Silva, Andreas Kristensen, Antonio Ryudiger bor edi. Men: "Agar "Chelsi"da o'ynash peshonamga yozilgan bo'lsa, bu sodir bo'ladi", deb o'ylardim".

💬 Bu sening e'tiqodingmidi?

"E'tiqodim hayotim davomida har doim birinchi o'rinda bo'lgan. U bo'lmaganida bugungi darajamga yetmasdim. U menga matonat berdi. Bu mening tayanchim".

💬 Deklan Rays va Meyson Mauntni eslading. Hali ham aloqadasizlarmi?

"Ha, albatta. Barchamiz aloqadamiz. Dek bilan esa Angliya terma jamoasida ham birga o'ynayman".

💬 Endi "Komo" Chempionlar ligasida Mauntning "Yunayted"iga qarshi o'ynaydi...

"U bilan bu haqda gaplashib oldim. Premyer-ligada unga qarshi o'ynaganman, lekin uni yana ko'rish ajoyib bo'ladi. Biz uchun bu ulkan o'yin. "Yunayted" — ulkan klub. Stadionimiz kichik, lekin atmosfera ajoyib. U ko'l bo'yida joylashgan — u yer juda chiroyli".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!