Uesli Fofana: "Chelsi"da barqarorlikka erishishimiz kerak"
Гордость Лондона ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 10

Uesli Fofana: "Chelsi"da barqarorlikka erishishimiz kerak"

Uesli Fofana The Athletic nashriga bergan intervyusida tanqidlar, jarohatlar va jamoadagi o'zgarishlar haqida gapirdi.

💬 Tanqidlar haqida:

"Jamoa yutqazganda va ishlar yurishmaganda, aybdor qidirishadi: "Bu uning aybi, buniki". Men buni qabul qila olaman. Klub men uchun katta summa to'lagan. Men o'z pozitsiyamdagi eng yaxshi o'yinchi bo'lish va jamoaga yordam berish ambitsiyalari bilan kelganman. Shuning uchun ishlar yomon ketganda, aybdor bo'lishga tayyorman".
"Eng muhimi – klubda mening mentalitetimni bilishadi, jamoadoshlarim esa meni yaxshi tushunishadi. Zaxiradamanmi yoki maydonda – albatta, g'alaba qozonishni istayman va har bir o'yinda bor kuchimni berishga harakat qilaman. To'rt yil oldin "Chelsi" bilan katta shartnoma imzolaganman. Dastlab bularning hammasini tushunish qiyin edi, ammo endi, to'rt yildan so'ng, futbol qanday ishlashini tushunib yetdim".

💬 Jarohatlari haqida:

"O'tgan mavsumda men uchun eng muhimi sog'lom qolish va nihoyat jarohatlar hamda boshqa muammolar haqidagi fikrlarni boshimdan chiqarib tashlash edi. Jarohatlarsiz to'liq mavsum o'tkazish men uchun juda muhim edi. Endi keyingi qadamlarga e'tibor qarata olaman. Yaxshi formada bo'lishni, o'z darajamni ko'rsatishni va jamoaga yordam berishni istayman. Oldinga qarab harakatlanishga tayyorman, eng asosiysi shu".
"Formada bo'lsam, o'ynayman, yaxshi harakat qilaman, jamoamga g'alabalar va sovrinlar uchun kurashishda yordam beraman. Hozir bizda Chempionlar ligasisiz va umuman yevrokuboklarsiz mavsum, shuning uchun bor e'tiborimizni Premer-ligaga qarata olamiz. Bizda kuchli jamoa, yangi va juda yaxshi murabbiy, ajoyib shtab bor – sovrinlar uchun kurashish uchun barcha narsa mavjud. Agar sog'lom bo'lsam va yaxshi formada bo'lsam, yordam bera olaman".

💬 Tarkibdagi raqobat haqida:

"Har kim yaxshi o'ynashi va yaxshi mashg'ulot o'tkazishi kerak, shundan so'ng murabbiy qaror qabul qiladi. Hamma bilan shunday bo'ladi. Kimdir ketishi, kimdir qaytishi mumkin. Menga kelsak, hammasi oddiy: yaxshi mashg'ulot o'tkazish, sog'lom qolishga harakat qilish, qolganini esa murabbiy hal qiladi".
"Agar klub menga endi kerak emasligimni aytsa, demak shunday bo'lishi kerak ekan. Albatta, xafa bo'laman, lekin bu futbol. Har kim o'z o'rni va o'ynash imkoniyati uchun kurashishi kerak. Bu nafaqat menga, balki hammaga tegishli – barchada shunday mentalitet bo'lishi kerak. Hozir eng muhimi – mavsumoldi o'yinlari va mashg'ulotlarda bor kuchini berish. U tugagach, har kim klub va murabbiy bilan suhbatlashadi va yakuniy qaror qabul qilinadi".

💬 O'tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizlik haqida:

"Mavsum davomida bizda ko'plab o'zgarishlar bo'ldi. Albatta, buni bahona sifatida ishlatish mumkin, lekin o'ylaymanki, gap o'yinchilarning o'zida. Biz borimizni bermadik, o'yinlarni boy berdik va xatolarga yo'l qo'ydik".
"Bularning hammasini yangi mavsumga ko'chirib bo'lmaydi. O'ylaymanki, hamma o'tgan yili nima noto'g'ri bo'lganini juda yaxshi tushunib turibdi. Har kim o'ziga ko'zgu orqali qarab, o'z ishini baholadi".
"Bunda ijobiy tomon ham bor: endi biz oldinga qarab har keta olamiz. Bu kelajak uchun yaxshi saboq va biz undan xulosa chiqara olamiz".

💬 Jamoadagi o'zgarishlar haqida:

"O'ylaymanki, hamma bizga barqarorlik kerakligini tushunib turibdi. Bu haqda o'tgan mavsumdayoq rahbariyat bilan gaplashganmiz, direktorlar ham xuddi shuni aytishgandi. Ular ham o'yinchilar kabi fikrlashadi. Albatta, bizga natijalar kerak. Agar har bir o'yinda yutqazsang, nimadirni o'zgartirish kerak".
"Ammo bizga barqarorlik ham zarur. O'ylaymanki, Xabi Alonso buning uchun munosib inson. U yosh murabbiy, biz yosh jamoamiz, o'zi esa ajoyib o'yinchi bo'lgan. U o'yin detallarini biladi, futbolni yaxshi tushunadi va bizda juda kuchli murabbiylar shtabi bor".
"Bunday tuzilma bilan biz rivojlanishimiz va bu mavsumda hamma narsa uchun kurashishga yetarlicha kuchli bo'lishimiz mumkin. O'ylaymanki, klubdagi hamma bir tomonga qarab harakat qilyapti: ishlashimiz, g'alaba qozonishimiz, raqobatlashishga harakat qilishimiz va keyin qayerda bo'lishimizni ko'rishimiz kerak".
"O'yinchilarning Entso [Mareska] bilan munosabatlari ajoyib edi, chunki birga ishlashga, uni bilishga va u o'yinchilardan nima kutayotganini tushunishga vaqtimiz bo'ldi. Xabi bilan ham shunday bo'ladi deb o'ylayman. Biz ishlashimiz, o'rganishimiz, uni murabbiy va inson sifatida bilib olishimiz kerak".
"Vaqt o'tishi bilan biz o'zgacha narsa qura olamiz. Klub uchun hozir eng muhimi – murabbiy, o'yinchilar, shtab va egalar o'rtasida mustahkam munosabatlar o'rnatish, shunda hamma bir yo'nalishda harakat qiladi".
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!