Sidney Govu "Lion"ning mavsumdagi eng yaxshi o'yini hamda Liga 1'dagi o'yinlarning to'xtatilishi borasidagi qoidalarga o'z munosabatini bildirdi.
🎙️ Sidney Govu: "Lion" mavsum boshidan buyon o'zining etalon o'yinini o'tkazdi — barcha jihatlar bo'yicha. Garchi men Frank Ezning xalqaro o'yinlar uchun uch haftalik tanaffus oldidan tarkibda biroz rotatsiya qilish qarorini tushunmasam-da, hamda Lepol yoki Blas kabi o'yinchilarni zaxirada ko'rishga qarshi bo'lmasam-da, bu hech qanday holatda "Lion"ning ajoyib o'yinini kamsitmasligi kerak.
Nihoyat, birinchi bo'limda o'yinning to'xtatilishiga kelsak: agar reglament bunday bannerlarni taqiqlasa, hech qanday muammo yo'q. Ammo unda bu qoidalar hamma joyda qo'llanilishi kerak. Men bu Liga 1'ning boshqa joylarida delegat qarori bilan o'yinning to'xtatilishiga yoki sanksiyalarga olib kelganmi-yo'qmi, tekshirib ko'rmadim, lekin eng avvalo bu chora bir xilda qo'llanilishi shart.
Lassin Sinayoko "Velodrom"da xet-trik qayd etib, Liga 1 to'purarlar jadvalida peshqadamga aylandi. Futbolchi o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Le Parisien xabariga ko'ra:
Lassin Sinayoko o'z faoliyatidagi ilk xet-trik muallifiga aylandi. U "Velodrom" stadionida unutilmas oqshomni o'tkazdi: 24-soniyada kiritilgan gol, 19-daqiqadagi bosh bilan urilgan to'p va 86-daqiqadagi g'alaba keltirgan penalti.
Bu aqldan ozdiradigan oqshom, uni hech qachon unutmayman. Biz Parijdan keldik, buni Marselda amalga oshirdik va bundan go'zalroq narsa yo'q.
Allaqachon "Nitssa" darvozasini ishg'ol qilgan 9-raqamli futbolchimiz mavsumni ajoyib boshlab, Liga 1 to'purarlar jadvalida peshqadamlik qilmoqda.
Liam Rosener ham uning to'psiz harakatini, pressingini va jamoaga olib kirayotgan katta foydasini alohida ta'kidladi.
Lassin Sinayoko bu mavsumda qaysi cho'qqilargacha yetib bora olar ekan?
Bruno Jenezyo «Marsel» bosh murabbiyi sifatidagi ilk matbuot anjumanida o'z falsafasi va klubdagi muhit haqida gapirdi.
🎙️ Bruno Jenezyoning ilk matbuot anjumani
— Sizni «Marsel»ga o'tishga nima undadi?
Men har kuni bu yerda muxlislar tomonidan shunday ishtiyoq, shunday hayajon va kutishlar hukm surayotganiga amin bo'lyapman, bunday muhit boshqa hech qayerda yo'q. Biz hissiyotlarni tuyish uchun — g'alabalarda ham, qiyinroq damlarda ham — shu kasbni tanlaymiz. Muzokaralarni mantiqiy yakuniga yetkazishim kerakligi men uchun ayon edi. Asosiy istagim yangi mavsum boshlanishiga qadar shu yerda bo'lish edi. Ishlar o'z yo'lida ketdi, bu kutilganidan biroz ko'proq vaqt oldi. Ammo eng muhimi: men juda baxtliman va jamoa boshqaruvida ekanligimdan juda faxrlanaman.
— Siz o'zingizdan oldingi murabbiylar — Xorxe Sampaoli, Igor Tudor, Marselino yoki Roberto De Dzerbiga qaraganda kamroq dogmatik murabbiydek ko'rinasiz...
Meni pragmatik murabbiylar qatoriga qo'shishlarini tanqid deb qabul qilmayman, chunki bu haqiqat — mening falsafam shunday. Har kimning o'z usuli bor. Bu yerda avval ko'p ishlar qilingan va yaxshi qilingan, buni hurmat qilish kerak. Men futbolchilarning individual sifatlariga, jamoa tarkibiga moslashaman, bunga moslashmagan o'yinchilarga o'yin uslubini majburlab o'tkazmayman. Boshqa tomondan, muxlislar va futbolchilarimga nima taklif qilmoqchi ekanligim borasida o'z prinsiplarim va e'tiqodlarim bor.
Jamoa to'pni olib qo'yishda faol ishtirok etishini va imkon qadar har doim yuqori pressing qo'llashini yoqtiraman. To'p bizda bo'lganda esa futbolchilarga katta erkinlik beriladi, ammo bu erkinlik ma'lum bir doirada bo'lishi kerak. O'yinchi pozitsiyalarni o'zgartirishi, harakatlanishi mumkin, ammo muvozanatni saqlash va maydonning kengligi hamda chuqurligi bo'yicha doimiy ravishda ma'lum joylarni egallash zarur. Futbolda natija juda muhim, ammo jamoa qadriyatlar va jipslik nuqtai nazaridan nimalarni namoyish etishi ham asosiy ahamiyatga ega. Agar to'g'ri kayfiyatda bo'lsak, natijalar 90–95 foiz holatlarda o'zini uzoq kuttirmaydi.
«Marsel» atrofida sodir bo'layotgan barcha narsa qiziqarli — bu o'ziga xos klub. Bu yerda g'alaba qozonish boshqa klubdagi g'alabadan butunlay o'zgacha oqibatlarga ega. Mag'lubiyat ham xuddi shunday. Klub atrofidagi muhit shunday, ammo bu yerga kelganingizda, buni bilasiz. «Marsel»da murabbiy bo'lib ishlash uchun ma'lum darajada telbalik kerakligi haqida ko'p gap-so'zlarni eshitganman. Men bunday deb o'ylamayman! Balki ba'zi vaziyatlarda shundaydir.
Qiyin pallalarda xotirjamlikni saqlash, sovuqqon va vazmin bo'lish — bu muhim. Bu mening xarakterimdagi jihatlardan biri. Ammo men tik turgan holda uxlamayman! Kimki meni doimo xotirjam, muvozanatli va do'stona bo'ladi deb o'ylasa, adashadi. Agar ovoz ko'tarish kerak bo'lsa, buni qilaman va ba'zida ovozim balandroq chiqadi. Ammo bu mening asosiy yondashuvim emas: jamoam va rahbariyat bilan yaqin aloqani saqlab, xushmuomalalik bilan ham ko'plab g'oyalarni yetkazish mumkin.
— Klubdagi ilk qadamlaringiz qanday kechmoqda?
Futbolchilardan tashqari, o'tgan mavsum o'z izini qoldirgan, jamoa ichida og'ir damlarni boshdan kechirgan, ammo shu bilan birga klubni sevadigan va uning uchun borini berishga tayyor insonlar bilan uchrashdim, masalan, biz bilan qolgan sobiq murabbiylar shtabi a'zolari. Atrofimizda ko'plab iqtidorli mutaxassislar bor. Ba'zi futbolchilar o'tgan mavsumda ishtirok etishmagan, ishchi muhit juda yaxshi, jamoa qiziqish va maqsad sari intilish bilan ishlamoqda. Albatta, ba'zi o'yinchilar ketishi mumkin — bu ham ular, ham biz uchun noaniq va murakkab davr. Ammo maydondagi ishlar juda yaxshi ketmoqda.
Korentan Tolisso mavsum boshidagi qiyinchiliklari, Fonseka bilan munosabati va goli haqida gapirdi.
🆕 Tolisso o'zining goldan keyingi g'azabi haqida:
O'sha g'azab, barcha muammolarimdan keyin men uchun muhim bo'lgan gol? Rostini aytsam, mavsum boshidan beri qorin mushaklarim bilan bog'liq hech qanday muammo yo'q. G'azabim bunga mutlaqo aloqador emas edi.
Ko'proq gap shaxsiy mavsum boshlanishimda. Dastlabki o'yinlarda ko'rsatgan o'yinimdan umuman qoniqmadim. Men uchun namunali bo'ladigan va o'zimga bo'lgan ishonchni qaytarishga yordam beradigan o'yinni o'tkaza olmadim.
Hatto gol urish ham nasib qilmadi... Birinchi o'yinda penaltini golga aylantira olmadim. Shuningdek, "Gavrl"ga qarshi o'yinda bizga juda katta yordam berishi mumkin bo'lgan ajoyib vaziyatni ko'kka sovurdim.
Hal qiluvchi epizodlarda foyda keltirmaganim va yetarlicha yuqori darajani ko'rsata olmaganim menga psixologik jihatdan biroz ta'sir qildi.
Fonsekaning qo'llab-quvvatlashi bugungi muvaffaqiyatli o'yinimning bir qismimi? Ha, albatta. Men o'zimni juda ko'p tahlil qilaman va doimo o'zimga savollar beraman. Oxirgi o'yinlarda kerakli darajani ko'rsatmaganimni bilaman.
U ham mening chiqishlarimni ko'rib turganini bilaman, shuning uchun u mendan norozi edi. U kecha men haqimda nimalar deganini eshitdim. Shuningdek, u men haqimda nimalar deb o'ylashini ham bilaman. U bu yerga kelganidan beri o'zimni juda-juda yaxshi his qilyapman. O'ylaymanki, hozir eng yaxshi formadaman.
Bugun ichimda o'sha g'azab bor edi, chunki men unga kechagi so'zlari adolatli ekanligini, u haq bo'lganini va har doim menga ishonishi mumkinligini ko'rsatib qo'ymoqchi edim.
Bruno Jeneziyo "Marsel"dagi tarkib, transferlar va jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligi haqida gapirdi.
🎙️ Bruno Jeneziyoning mashg'ulotlar oldidan o'tkazilgan matbuot anjumani:
— Himoya chizig'i bo'yicha tayyorgarlik boshida markaziy himoyachilarimiz yetishmayotgan edi. Leonardo Balerdi va Nayef Agerdning ahvoli qanday?
Leo safga qaytdi, odatdagi tartibda mashg'ulot o'tkazmoqda. U payshanba kuni "Nim"ga qarshi o'yinda maydonga tushadi — balki to'liq emas, lekin o'yinning bir qismida. Nayef bo'yicha esa yaxshi yangiliklar bor. U formasini muvaffaqiyatli tiklamoqda va umid qilamanki, Niderlandiyadagi yig'in vaqtida jamoa bilan mashg'ulotlarga qayta oladi. Bu markaziy himoya juftligimiz uchun juda yaxshi xabar.
— Medina-chi?
U ham Rulli kabi 12-avgustda qaytadi. Ularda JCh finali bo'lgandi, kuchlarini tiklab olishlari uchun uch haftalik ta'til berdik. Garchi ular terma jamoa safida ko'p o'ynamagan bo'lsa ham, doim ham maydonga tushmagan bo'lsa ham, bu jarayon juda ko'p kuch talab qilishini bilamiz.
— Hujum chizig'ida uchta muhim yo'qotish (Meyson Grinvud, Pyer-Emerik Obameyang, Xamed Traore) yuz berdi va "OM" barcha futbolchilar bo'yicha takliflarni ko'rib chiqishini e'lon qildi. Shunga qaramay, o'tgan mavsumning asosiy o'yinchilari bo'lgan Guiri va Payshaoga ishonch bildirishni istamaysizmi?
Ha, albatta. Murabbiy sifatida bu yerda ikki jihat bor. Sport jihati: tabiiyki, qo'lingizda yaxshi o'yinchilar bo'lsa, ularni saqlab qolishni istaysiz. Igor va Amin hujum chizig'imda bo'lishsa, bundan juda xursand bo'lardim. Ammo ikkinchi jihat ham bor — moliyaviy. Bu mening vakolatimga kirmaydi, bu prezidentim va Greg Lorensining vazifasi. Milliy sport moliyasini nazorat qilish qo'mitasi (DNCG) tomonidan o'rnatilgan cheklovlarni bilamiz. Bunga ta'sir o'tkaza olmayman. Vaziyatni to'liq anglagan holda kelganman va uning o'zgarishi mumkinligini bilaman.
Bu jamoada nafaqat hujumda, balki boshqa chiziqlarda ham ko'plab yaxshi o'yinchilar bor. Ular murabbiyga ko'proq ishonch bag'ishlaydi va jamoaning o'ziga xos qiyofasini shakllantirishga imkon beradi. Sport darajasida barqarorlikni saqlash hamda klubni, Marsel xususiyatlarini, Liga 1ni yaxshi biladigan va tajribaga ega bo'lgan bir nechta o'yinchilarni olib qolish muhim — ko'pincha buni jamoaning "umurtqa pog'onasi" deb atashadi. O'yinchilar bilan har kuni ko'p gaplashaman, toki ular maydonda maksimal darajada jalb qilingan va diqqatli bo'lishsin.
— Yangi keladiganlar uchun aniq pozitsiyalarni belgilab oldingizmi? Masalan, Grinvud ketganidan keyin bo'shab qolgan o'ng qanot hujumchisi pozitsiyasi?
Albatta. Meyson ketganidan keyin bu ustuvor pozitsiya. Jamoani imkon qadar tezroq tayyorlashni istaymiz, ammo sabrli bo'lish kerak. To'g'ri muvozanatni topish zarur. Shubhasiz, voqealar rivojiga qarab boshqa ehtiyojlarimiz ham paydo bo'ladi. Bu transfer oynasi qiyinchilik bilan qizimoqda: jahon chempionati bo'lib o'tdi, ba'zi o'yinchilar hali kutishmoqda va balki o'n kundan keyin ular biz uchun qulayroq variantga aylanishar.
— "OM"ning mavsum boshidagi taqvimi haqida nima deysiz, dastlabki olti turda bir nechta muhim o'yinlar rejalashtirilgan?
Yomon emas deb o'ylayman. Darhol ishga kirishamiz, hushyor bo'lamiz. Har qanday holatda ham, taqvim... Biz doim "qulay" yoki "qiyin" deymiz, keyin esa Liga 1dagi barcha 34 ta o'yin qiyin ekanligini, barcha jamoalar ham jismoniy, ham taktik jihatdan yaxshi tayyorlanganini tushunamiz.
— Hozir mashg'ulotlarda nimalar ustida ishlayapsiz?
Bir nechta jihatlar ustida ishlayapmiz: jismoniy tayyorgarlik va taktika. Har kuni o'yin prinsiplarini mashq qilamiz. Bugun (seshanba) ertalab jismoniy tayyorgarlikka urg'u berilgan kuch mashg'ulotlari bo'ldi, ammo o'yin elementlari bilan. Tushdan keyin esa, "Nitssa"ga qarshi o'yinda (0:3 hisobidagi mag'lubiyat, shanba) ko'rganlarimdan kelib chiqib, nimalar yaxshi bajarilgani va nimalarni yaxshilash kerakligini hisobga olgan holda himoya bo'yicha taktik ish olib boramiz.