The Telegraph nashri jurnalisti Sem Din «Arsenal» 2019-yilda Unai Emeri iste'foga chiqarilgach, yangi bosh murabbiy izlagani haqidagi tafsilotlarni o'zining yangi kitobida yoritib o'tdi.
Dastlab Mikel Arteta tajribasi yo'qligi sababli nomzodlar ro'yxatining eng quyi qismida bo'lgan. Nomzodlar orasida Karlo Anchelotti, Maurisio Pochettino, Roberto Martines, Patrik Vieyra, Massimiliano Allegri, Yulian Nagelsmann va Vitor Pereyra kabi mutaxassislar bor edi. Ayniqsa, «Arsenal» rahbariyati «Tottenxem»dan endigina ketgan Pochettino bilan jiddiy muzokaralar o'tkazgani e'tiborga molik. Argentinalik murabbiy prinsipial raqib jamoani boshqarish imkoniyatini muhokama qilishga tayyor bo'lgan.
Vaziyatni Edu Gaspar o'zgartirdi. Klub xodimlarining tavsiyasiga ko'ra, u Artetaga qo'ng'iroq qildi. Ularning birinchi suhbati taxminan bir soat davom etdi va ular futbol haqida deyarli gaplashishmadi. Keyinroq Edu Artetaning uyiga bordi, u yerda murabbiy jamoani qayta qurish, klub madaniyati va rivojlanish strategiyasi bo'yicha batafsil reja taqdim etdi.
Mikel shunchalik tayyorgarlik ko'rgandiki, xuddi klub ichida ishlab kelayotgandek edi. U hamma narsani o'ylab qo'ygan. Men uning tayyorgarlik darajasidan hayratda qoldim.
Uchrashuvdan so'ng rahbariyat yakuniy qaror qabul qilish uchun yig'ildi. Edu nomzodlarning suratlarini stol ustiga qo'ydi va Artetani boshqalardan oldinga surdi. Braziliyalik mutaxassisning so'zlariga ko'ra, aynan shaxsiy uchrashuv uni Arteta raqobatchilardan deyarli barcha asosiy parametrlar bo'yicha ustun ekanligiga ishontirgan. «Yakunda hamma narsa Mikel aynan bizga kerak bo'lgan inson ekanligi haqidagi hissiyotga kelib taqaldi».
Shu tariqa, 2019-yil dekabr oyida «Arsenal» jamoani shu paytgacha mustaqil ravishda bosh murabbiy bo'lib ishlamagan mutaxassisga ishonib topshirdi.