Andijonda hakamlik tizimi bo'yicha ochiq muloqot o'tkazildi
FC ANDIJON ↗ ●●●●● Umumiy 👁 7

Andijonda hakamlik tizimi bo'yicha ochiq muloqot o'tkazildi

Bugun «Andijon» futbol klubi qarorgohi muhim uchrashuvga mezbonlik qildi. O‘zbekiston futbol hakamlar markazi direktori Ma’mur Saidqosimov hamda mamlakat hakamligini rivojlantirish yo‘nalishida mas’ul etib tayinlangan Farhod Abdullayev klub qarorgohiga tashrif buyurib, jamoa a’zolari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

E’tiborlisi, hakamlik masalalari bo‘yicha klublar bilan bevosita muloqotlarni yo‘lga qo‘yish tashabbusining dastlabki uchrashuvi aynan «Andijon»dan boshlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Farhod Abdullayev 2021–2026-yillar davomida Saudiya Arabistonida hakamlar departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan. Endi esa u yurtimizga qaytib, O‘zbekistonda hakamlik tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish jarayonida mas’uliyatli vazifaga tayinlandi.

Uchrashuvda «Andijon» klubi rahbariyati, murabbiylar shtabi, futbolchilar hamda muxlislar ishtirok etdi. Suhbat davomida hakamlik va VAR tizimiga oid dolzarb masalalar ochiq muhokama qilindi, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Mutaxassislar tomonidan ekranda turli o‘yin epizodlari namoyish qilinib, ularning hakamlik nuqtayi nazaridan tahlili ham o‘tkazildi. Bu esa uchrashuvni oddiy muloqotdan ko‘ra amaliy va mazmunli tus olishiga xizmat qildi.

Shuningdek, endi klublar hakamlik bilan bog‘liq savol, taklif yoki tushunmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda maxsus platforma orqali murojaat qilishlari va tegishli mutaxassislardan javob olishlari mumkinligi ma’lum qilindi.

Uchrashuvda muxlislar ham o‘z fikr va mulohazalarini bildirib, hakamlik tizimiga oid takliflarini o‘rtaga tashladilar. Murabbiylar va futbolchilar esa amaliyotda uchrayotgan masalalar yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirishdi.

Eng muhimi, bu jarayonda asosiy e’tibor — ochiqlik, muloqot va muammolarni birgalikda hal etishga qaratilmoqda.

O‘zbekiston futbol hakamlar markazi vakillari klublar bilan bevosita muloqotlarni davom ettirishini, bildirilgan fikr va takliflar esa hakamlik tizimini takomillashtirish jarayonida inobatga olinishini ta’kidladi.

«Andijon» futbol klubi rahbariyati o‘z navbatida bunday ochiq muloqot va tashrif uchun minnatdorlik bildirdi.

Demak, hakamlik haqidagi muloqot endi maydondan tashqarida ham ochiq davom etadi. Yangi yondashuvning ilk manzili esa — «Andijon» bo‘ldi. 👍

Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!