Xabi Alonso murabbiylik falsafasi va o'zgarishlar haqida
Breakeven’s | Челси ↗ ●●●●○ Matbuot 👁 38

Xabi Alonso murabbiylik falsafasi va o'zgarishlar haqida

Xabi Alonsoning Sky Sports nashriga bergan intervyusi. Asosiy qismlar. 2/4-qism.

Rafael Benites, Joze Mourinyu, Karlo Anchelotti va Pep Gvardiolaning murabbiylik falsafasiga ta'siri haqida:

Har biri faoliyatimning ma'lum bir bosqichida juda muhim rol o'ynagan.

«Liverpul»ga kelganimda 21-22 yoshda edim. Agar o'shanda murabbiyim Anchelotti bo'lganida, hammasi boshqacha kechishi mumkin edi. U bilan «Real»da ishlashni boshlaganimda esa 30 yoshda edim.

«Liverpul»da menga juda ko'p taktik bilimlar kerak edi. Rivojlanishim uchun raqib qanday harakat qilishi, undan nima kutish kerakligi, maydonda qanday vaziyatlar yuzaga kelishi va ustunlikni qanday qo'lga kiritish bo'yicha batafsil tushuntirishlar talab etilardi.

Rafa buni a'lo darajada bajara olardi. Shuningdek, u jamoalarni aynan tartibli tashkilotchilik evaziga raqobatbardosh qilib shakllantirardi. «Liverpul»dagi besh yillik hamkorligimiz davomida u menga juda ko'p narsani o'rgatdi.

Keyinroq yanada yetuk futbolchiga aylandim va «Real»ga o'tdim. O'sha bosqichda gap boshqa narsa – kurashish qobiliyati va g'oliblik mentaliteti haqida borardi.

Men allaqachon yaxshi futbolchi edim, lekin aynan shu jihatlarda kuchayishim mumkinligini tushunardim: natija uchun kurashishni o'rganish, g'oliblik mentalitetini rivojlantirish, yanada qat'iyroq va o'zimga nisbatan talabchanroq bo'lish. Madridda ancha yetuk o'yinchiga aylandim.

Faoliyatimning so'nggi bosqichi, Myunxendagi davrim esa magistraturaga o'xshardi. Sen allaqachon oliy ma'lumot olgansan, lekin o'qishni davom ettirib, keyingi bosqichga chiqmoqchisan.

Pep bilan ishlashni xohlaganman, chunki uning jamoalari nega bunchalik yaxshi o'ynashini tushunish menga juda qiziq edi. Hammasini ichkaridan ko'rishni istardim. O'ylaymanki, aynan Myunxendagi faoliyatimning so'nggi yillari murabbiylik ishiga o'tishimga tayyorgarlik ko'rishimga yordam berdi.

Jarayonlar qanday tashkil etilgani, nima uchun aynan shunday voqealar sodir bo'lishi va ishni qanday yo'lga qo'yish kerakligi haqida ko'proq o'ylay boshladim. O'sha yillari bularning barchasiga alohida e'tibor qaratdim, chunki futbolchilik faoliyatim asta-sekin yakuniga yetayotganini va ertami-kechmi murabbiy sifatida o'zimni sinab ko'rmoqchi ekanligimni tushunardim.

Murabbiylik faoliyatining boshlanishi haqida:

Dastlabki bosqichda qaysi o'yin modelini tanlashimiz yoki 4-2-3-1 sxemasida o'ynashimiz unchalik qiziqtirmasdi. Jamoa bilan ishlashda o'zimni qanday his qilayotganimni tushunish ancha muhimroq edi. Futbolchilar bilan gaplashish qanchalik qulay? Ular bilan kontakt o'rnata olyapmanmi? Murakkab qarorlarni qabul qilishda, masalan, futbolchiga: “Bugun o'ynamaysan”, deb aytishda qanday yo'l tutyapman?

Agar bunday qarorlar kuchli stress keltirib chiqarsa, bu kasb qanchalik og'ir va talabchan ekanligini tushunasan. Ammo agar ularni ishning tabiiy qismi deb qabul qilsang va hatto bundan ma'lum bir zavq olsang, unda murabbiylik faoliyati senga organik tarzda kela boshlaydi. Men buni his qildim va bu aynan meniki ekanligini angladim. Shundan so'nggina futbolning o'zi haqida ko'proq o'ylay boshladim.

Yarim himoyachi bo'lganim uchun nazorat men uchun har doim muhim edi. O'yin borishini qanday nazorat qilish kerak? Balansni qanday ta'minlash lozim? Futbolchilar o'rtasidagi to'g'ri masofani qanday saqlash kerak? O'yin jarimadan jarimaga qadar cheksiz hujumlarga aylanib ketishining oldini qanday olish mumkin? Futbol falsafam aynan shu savollar asosida shakllana boshladi.

Ammo keyin moslashish kerakligini tushunib yetasan. Mavjud futbolchilarga, ishlayotgan chempionatingning xususiyatlariga qarab moslashish kerak. Masalan, «Bayer»ga kelganimda jamoa qiyin ahvolda edi. Yakunda biz qarshi hujumlarda juda kuchli jamoaga aylandik. Futbolchilarga qarab o'yladim: “Hozir qiyin vaziyatdamiz. Vazifamiz eng chiroyli futbolni ko'rsatish emas. Natijaga qanday erishishni tushunishimiz kerak”.

Shu sababli o'yin sxemasini o'zgartirdik. Juda ixcham harakat qila boshladik va qarshi hujumlardan samarali foydalandik. Yakunda Yevropa ligasi yarim finaliga qadar yetib bordik va keyingi mavsum uchun ushbu turnirda ishtirok etish huquqini qo'lga kiritdik.

Shuning uchun har doim moslashishga harakat qilaman. O'z g'oyalarim va qanday futbol yoqishi haqida tasavvurlarim bor, lekin ayni paytda vaziyatni hisobga olish va unga moslashish zarur.
Ulashish

Izohlar (0)

Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!