Karim Kulibali va Ugo Oliveyra «Lans»ga qarshi o'yin oldidan fikrlarini bildirdi
Strasbur futbolchilari va bosh murabbiyi Lansga qarshi bo'lajak bahs oldidan o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
🔻 Karim Kulibali «Lans»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida:
Men bu yerda ekanligimdan juda xursandman. Rahbariyat va murabbiy bilan ko'p gaplashdik va klubda yaxshi loyiha borligini his qildim. Shu bois o'tishimdan juda mamnunman.
O'tgan mavsum Bundesligada men uchun birinchi professional mavsum edi. Tajribaliroq o'yinchilardan ko'p narsani o'rgandim va endi bu yerda rivojlanishda davom etmoqchiman.
Germaniyada tug'ilganman, ota-onam Kot-d'Ivuar'dan. Uyda fransuz tilida gaplashamiz, ta'limni esa Germaniyada olganman. Bolaligimdan ivuarliklar futbolini kuzatib borganman va Drogba hamda Yaya Turega havas qilganman.
Kuchli tomonlarim — jismoniy holat va chap oyog'im. Uzatmalarni yaxshi amalga oshiraman va raqib chiziqlarini yorib o'ta olaman. Shu bilan birga, o'ng oyog'im ustida ishlashim va tajriba to'plashda davom etishim kerak.
Himoyada Van Deyk, Ryudiger va Jonatan Ta kabi o'yinchilarga qarab o'rnak olaman. Ulardan o'rganadigan narsalar ko'p.
Mavsumoldi tayyorgarlikni yaxshi o'tkazdim va jismonan tayyor ekanligimni his qilyapman. Maydonga tushish yoki tushmaslikni murabbiy hal qiladi.
Birinchi uy uchrashuvini intiqlik bilan kutyapman. Muxlislar ko'magi qanchalik muhimligini bilaman. Biz maydonga tushib, har bir epizod uchun kurashishni va «Lans»ni mag'lub etish uchun borimizni berishni istaymiz.
🔻 Ugo Oliveyra «Lans»ga qarshi o'yin oldidan matbuot anjumanida:
Biz uchun o'z muxlislarimiz qarshisida ilk bor uyda o'ynash juda muhim. Biz yolg'iz o'ynamaymiz — stadionimiz va minglab muxlislarimiz jamoaning bir qismiga aylanishi kerak. Ayniqsa, qiyin pallalarda ularning ko'magiga muhtojmiz.
«Lans» — juda kuchli va tajribali jamoa. Ularda yuqori darajadagi tashkilotchilik, jismoniy kuch va yetuklik bor. Bizni og'ir o'yin kutib turibdi.
«Marsel» bilan o'yindan so'ng ko'p narsani tahlil qildik. Birinchi bo'lim kuchli raqib bilan tengma-teng o'ynay olishimizni ko'rsatdi. Chetlatishdan keyin hammasi ancha murakkablashdi, ammo jamoa kurashishda davom etdi.
O'yinchilarni birlashtirish, yangi kelganlarni moslashtirish va prinsiplarimizni shakllantirish uchun vaqt kerak. Yosh bu yerda bahona emas — tajriba o'yinlar va qiyin vaziyatlar orqali keladi.
Shuningdek, transfer oynasi yopilishi va guruh barqarorlashishi men uchun muhim. Shunda ishlash osonroq bo'ladi, chunki hamma o'z vazifalarini tushunadi va futbolga e'tibor qaratadi. Ammo hozir eng muhimi — «Lans» bilan o'yin. Butun e'tiborimiz shunga qaratilgan.
Ayrim o'yinchilar, jumladan Dukure, Chiluell, Godo va Oyedele bo'yicha shubhalar bor. Maydonga tusha olishadimi yoki yo'q, ko'ramiz.