The Athletic nashriga bergan yangi intervyusida Antonio Konte «Chelsi» va «Tottenxem»dagi faoliyati haqida gapirib o'tdi:
G'alaba qozonish oson emas, bu juda ko'p kuch talab qiladi. Gap faqat urinishlar haqida ketmayapti. Bu qon, ter va ko'z yoshlari. Ba'zilar muvaffaqiyat osmondan tushadi deb o'ylashadi, lekin unday emas. Uni izlash, qo'lga kiritish kerak. O'tirib olib, mumkin bo'lgan muvaffaqiyat haqida gapirish hech qanday foyda bermaydi.
«Chelsi» bilan biz autsayder bo'la turib, APLda g'olib chiqqanmiz. Klub o'tgan mavsumni o'ninchi o'rinda yakunlagandi, biz katta transferlar qilmaganmiz. Biz Luis va Alonsoni tarkibga qo'shib oldik. Klub mendan o'n marta Ngolo borasida ishonchim komilmi deb so'ragan. U «Chelsi»ning tipik o'yinchisi emasdi, bo'yi baland va kelishgan ham emasdi. E'tiborga loyiq hech narsasi yo'qdek edi, hatto o'zim ham uni birinchi marta ko'rganimda, unga jismoniy kuch yetishmaydi deb o'ylaganman! Ammo keyin uning top o'yinchi ekanligini tushunib yetdim.
«Tottenxem» bilan shartnoma imzolaganimda, klubdagi hamma narsani o'zgartirish bo'yicha jiddiy ambitsiyalarim bor edi. Shu jumladan, u yerda men bilan Fabio Paratichi bo'lgani uchun ham. Men kelganimda «Tottenxem» to'qqizinchi o'rinda edi. Mavsum yakunida biz «Arsenal»ni ortda qoldirib, to'rtinchi o'rinni egalladik.
Ammo yangi mavsumda biz bir-birimizga mos emasligimizni tushundim. Esimda, qachondir yutqazdikmi yoki durang o'ynadikmi, Leviyga xabar yozgandim. U menga: «Xavotir olma, keyingi safar yutamiz», deb javob bergan. Bu nima degani? Unga doim aytardim — vaziyatga chuqurroq nazar tashla! Meni eng ko'p g'azablantirgani shundaki, odamlar «Tottenxem» hech qachon hech narsa yuta olmaydi, chunki ular omadsizlar deb gapirishardi. Hisoblaymanki, klubning har bir xodimi bunday gaplarni eng yomon formatda qabul qilishi kerak. Bu cheksiz hazillarga aylanib ketdi, ular ustidan hamon kulishadi. Hatto «Arsenal» «Brayton»ga 0:3 hisobida yutqazganda ham, hamma «Arsenal» o'sha o'yinda «Tottenxem»ga aylanib qoldi deyishadi. Ishoning, bu meni juda asabiylashtiradi.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring.
Hozircha izoh yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!