Antonio Konte «Tottenxem»dagi davri haqida: «Ular hamon masxara qilinmoqda»
Antonio Konte «Tottenxem»dagi faoliyati va klubdagi muhit haqida gapirdi. Murabbiy jamoaning mentaliteti va «Arsenal» bilan bog'liq hazillar haqida fikr bildirdi.
Antonio Konte «Tottenxem»dagi o'z faoliyati haqida The Athletic nashriga bergan intervyusida so'zlab berdi:
Dastlab Konte «Tottenxem»ni boshqarish taklifini rad etgan (uning dastlabki instinktlari to'g'ri bo'lib chiqqan), ammo klubdagilar unga qo'ng'iroq qilishdan to'xtashmagan. Nihoyat, yozda tayinlangan Nunu Eshpiritu Santu 2021-yilning noyabrida ishdan bo'shatilgach, Konte o'z shubhalariga qaramay, mavsumoldi tayyorgarliksiz va to'liq transfer oynasisiz ushbu ishni qabul qilishga qaror qildi.
«Men «Tottenxem»ga vaziyatni biroz o'zgartirish ambitsiyasi bilan kelgandim, — deb eslaydi Konte. — Qisman u yerda «Yuventus»dagi sobiq hamkasbim Fabio Paratichi bo'lgani uchun. Men kelganimda ular to'qqizinchi o'rinda edi. Biz mavsumni to'rtinchi o'rinda yakunladik va «Arsenal»ni ortda qoldirdik».
Konte kelganidan keyingi olti oy ichida «Shporlar» qolgan jamoalar orasida eng yaxshilaridan biri bo'lishdi. Ulardan yuqorida faqat APL gigantlari turardi, ammo «Tottenxem» hatto ular bilan ham natijalarga erishdi: safarda «Manchester Siti»ni 3:2 hisobida mag'lub etdi, «Enfild»da bo'lajak kumush medal sohibi «Liverpul» bilan 1:1 hisobida durang o'ynadi va mavsum yakunida Mikel Arteta «Arsenal»iga 3:0 hisobida g'alaba qozonib, og'riqli zarba berdi.
Keyingi dushanba kuni «Arsenal» «Nyukasl»ga mag'lub bo'ldi va «Tottenxem» Maurisio Pochettino ketganidan keyin ilk bor Chempionlar ligasiga yo'llanma oldi. O'shandan beri «Shporlar» chempionatdagi yakuniy o'rin orqali u yerga qayta olishmadi.
Konte «Tottenxem»da birorta ham to'liq mavsum o'tkazmadi. Ikkinchi mavsumda Paratichi diskvalifikatsiya qilindi, birinchi jamoaning jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyi Jan Pero Ventrone vafot etdi, Konte esa kasal bo'lib qoldi. Bundan tashqari, Konte klub bilan mos emasligini tushunib yetdi.
«Esimda, biz yutqazgan yoki durang o'ynagan paytlarimizda Deniel Leviga xabar yozardim. U menga: «Xavotir olma, keyingisini yutamiz», deb javob berardi. Bu qo'llab-quvvatlash sifatida aytilgandi. Ammo men uchun bu ko'p narsani anglatardi. Men unga tinmay: «Siz umuman...? Qarang!» derdim».
Konteda ochko yo'qotishlar ahamiyatsiz bo'lmasa-da, hech bo'lmaganda yo'l qo'ysa bo'ladigan narsa sifatida qabul qilinadi degan taassurot qoldi. O'yinchilar ham buni ong ostida qabul qilishardi. Baliq boshidan sasiydi.
«Futbolchilar har doim eng oson variantni tanlashadi, — deydi Konte. — Bu ularga o'zlarini yaxshi his qilish imkonini beradi va kamroq kuch sarflashni talab qiladi».
Mart oyida Konte o'yinchilarning muammolari va «Tottenxem» ichidagi madaniyat haqida ochiq gapirish kerakligini his qildi. Bu uning klub bosh murabbiyi sifatidagi so'nggi matbuot anjumani bo'ldi. Jamoa o'yin tugashiga 16 daqiqa qolganida 3:1 hisobidagi ustunlikni boy berib, jon saqlash zonasidagi «Sautgempton» bilan durang o'ynadi.
«Meni eng ko'p aqldan ozdirgan narsa atrofimdagi odamlarning: «Tottenxem» hech qachon hech narsa yutmaydi», «Ular omadsizlar» deyishlari edi».
Konte fikricha, klubga aloqador barcha odamlar buni eng dahshatli haqorat sifatida qabul qilishlari kerak edi.
«Ularni masxara qilishardi. Hozir ham masxara qilishmoqda. Hatto hozir ham. «Arsenal» «Brayton»ga 0:3 hisobida yutqazdi (xalqaro tanaffusdan oldingi so'nggi o'yinda) va muxlislar: «Arsenal» «Tottenxem»ga aylanib qoldi», deb hazil qilishdi, tushunyapsizmi? Ishoning, bu meni juda g'azablantirdi».
«Tottenxem» Konte faoliyatining so'nggi 20 yili ichida «Atalanta» bilan bir qatorda istisno bo'ldi. Qolgan barcha klublarda u muvaffaqiyatga erishgan.