Antonio Conte: «Chelsi»dagi chempionlikdan keyin muvaffaqiyat osmondan tushmaydi»
Antonio Konte «Chelsi»dagi chempionlik davri va murabbiylik falsafasi haqida fikr bildirdi. U katta tarixga ega klublarda g'alaba qozonish muhimligini ta'kidladi.
Antonio Konte The Athletic nashriga bergan intervyusida o'zi qo'lga kiritgan Premer-liga chempionlik tituli «Chelsi» uchun hamon oxirgisi bo'lib qolayotgani haqida gapirdi:
Muammo shunda. Aynan shuning uchun og'ir mehnat muhim. G'alaba qozonish oson emas; buning uchun fatica [mashaqqatli mehnat] kerak. Shunchaki urinishlar emas. Balki qon, ter va ko'z yoshlar.
Ba'zilar muvaffaqiyat shunchaki osmondan qo'lingga tushadi deb o'ylashadi. Ammo uni o'zing borib qo'lga kiritishing kerak. Agar shunchaki o'tirib gapiraversang, hech narsa yuz bermaydi.
Bu biz autsayder maqomida yutgan Premer-liga tituli edi. Jamoa avvalgi mavsumni 10-o'rinda yakunlagan, Mourinyu esa dekabrda ishdan bo'shatilgandi.
Biz katta transferlarni amalga oshirmadik. Biz David Luis, Markos Alonso va N'Golo Kanteni imzoladik — klubda mendan uni rostdan ham xohlayotganimga o'n marta qayta so'rashgan. U «Chelsi»ning tipik o'yinchisi emasdi: baland bo'yli va kelishgan.
U shunday yigitlardan ediki, ularga qaraysan va shunchaki... men uni birinchi marta ko'rganimda, o'zimda ham uning jismoniy ma'lumotlari bo'yicha shubhalar paydo bo'lgandi [kuladi], ammo men uning top-o'yinchi ekanligiga mutlaqo amin edim.
Premer-liganing boshqa chempionatlardan farqi haqida:
Bugun Angliyada bazukalardan foydalanishmoqda, boshqa joylarda esa hamon to'pponcha ishlatishadi. Ammo biz pul qanday sarflanayotganini ham diqqat bilan kuzatishimiz kerak.
Aynan shuning uchun biz avvalroq hammasini to'g'ri baholash, o'z qarashlaringga ega bo'lish kerakligini gapirganmiz, chunki puling bo'lishi mumkin, lekin uni aql bilan sarflash kerak.
Katta tarixga ega klubda ishlash nimani anglatishi haqida:
Agar sen tarixi o'zi haqida so'zlaydigan — sovrinlar, chempionliklar va g'alabalardan iborat tarixga ega klubga kelsang, bu tarixni hurmat qilishning faqat bitta yo'li bor: klubni yana o'sha maqsadlar uchun kurashga qaytarish ambitsiyasiga ega bo'lish.
Men har yili faqat bitta jamoa g'alaba qozona olishini juda yaxshi tushunaman, lekin men o'z qalbimda olib yurishim va muxlislarim, o'yinchilarim hamda rahbarlarim qalbida o'sha uchqunni, o'sha umidni yoqishim kerakki, u senga: «La'nati, biz yuta olamiz», deb aytishga majbur qilsin.
Hatto bu bor-yo'g'i bir foiz bo'lsa ham — lekin bu bir foiz 70, 80 yoki hatto 100 foizga aylanish imkoniyatiga ega bo'lishi kerak. Hammasi buni qanday yetkazib berishingga bog'liq. Murabbiy muhim, chunki u bu xabarni har kuni uzatadi.
U har kuni hamma bilan o'zaro muloqot qiladi: shtabi, massajchi, ekipirovka uchun javobgar xodim, fizioterapevt, maydonni parvarish qiluvchi ishchi — barcha odamlar bilan, ularni jalb qilish va o'zini tarix yaratish yo'lidagi intilishning bir qismi deb his qilishga majbur qilish kerak. Tarixni esa faqat g'alabalar bilan yaratishadi.
O'z tarixini qaysidir ma'noda ko'zdan kechirib qo'ygan ko'plab klublar bor. Men ana shunday klublardan biriga kelib, bu tarix ustidagi changni qoqib tashlab, uni yana porlashga majbur qilishni istardim.
Bosim mavjud bo'lgan klublarda, oxir-oqibat, u yerga shunchaki qatnashish uchun emas, balki g'alaba uchun kurashishga kelayotganingni juda yaxshi tushunasan.