🤩 Isaan Khan xabariga ko'ra:
2025/26-yilgi mavsumga kelib, Mikel Artetaning «Arsenal»dagi ta'siri deyarli mutlaq darajaga yetdi. O'yinchilar yo uning «muhokama qilinmaydigan tamoyillari»ni qabul qilishdi, yo tarkib chetidan joy olishdi. Shaxsiy ego uchun o'rin yo'q edi. Artetaning so'zi — BUYRUQ.
2020-yilda Angliya Kubogi qo'lga kiritilgach, klub uning maqomini bosh murabbiydan (head coach) menejerga (manager) ko'tardi. Bu shunchaki lavozim o'zgarishi emasdi: sport fanlari, tahlil va boshqa asosiy bo'limlar to'g'ridan-to'g'ri Artetaga hisobot beradigan bo'ldi. Xodimlar o'z xulosalarini taqdim etishar, u eshitib, savollar berar va yakuniy qarorni qabul qilardi. Uning qarashlariga mos kelgani qolar, qolgani o'zgartirilardi. Hatto o'yinchilarning yuklamalari bo'yicha tavsiyalar ham mutaxassislarning so'nggi so'zi emasdi: Arteta mashg'ulotlar qanchalik tez-tez va qanday intensivlikda o'tishini o'zi belgilardi. Uning ta'siri shunchalik kuchaydiki, hatto «Emireyts» stadionini kengaytirish masalasida ham Artetaning fikri inobatga olindi. Qurilish bo'yicha ekspert sifatida emas, balki uning fikri klubdagi deyarli barcha muhim masalalarda og'ir vaznga ega bo'lgani uchun.
«Arsenal» ichidagi deyarli har bir jarayon yakunda Artetaga borib taqaladi. Shu sababli, uning kelajakdagi ketishi shunchaki murabbiy almashinuvi emas, balki u yaratgan butun tizimning jiddiy qayta qurilishini anglatadi. Alohida mavzu — bu axborot nazorati. Arteta jarohatlangan o'yinchilarning haqiqiy holatini ataylab yashirardi. Hatto futbolchi o'ynashga tayyor bo'lsa ham, matbuot anjumanida u ishtirokini shubhali deb atashi mumkin edi. Uning sevimli javoblari: «Ko'ramiz» va «Mashg'ulotni kutish kerak». U futbolchining jismoniy holati haqidagi kichik ma'lumot ham raqib murabbiyiga tayyorgarlik ko'rishda ustunlik beradi deb hisoblardi. Klub xodimlariga ham jarohatlar haqidagi yangiliklar tashqariga chiqmasligi qat'iy uqtirilgan.
Detallarga bo'lgan obsesiya mayda narsalargacha yetib borardi. Arteta jihozlar, mikrofonlar va hatto jurnalistlar odatda qayerda o'tirishigacha e'tibor berardi. Bir safar savol berilayotgan paytda u tanish reportyorni to'xtatib: «Sen joyingni o'zgartirding», deb aytgan. Mavsumoldi yig'inlarida ba'zi xodimlar Artetaning nigohidan yoki qisqa tanbehidan qo'rqib, uning yonida zararli taomlarni iste'mol qilmaslikka harakat qilishardi. Shu bilan birga, qattiqqo'llik xarakterning butunlay boshqa tomoni bilan uyg'unlashgan. Klub xodimlaridan birining o'g'li maktabda tazyiqqa uchraganida, Arteta bolakayni bazaga taklif qilib, futbolchilar bilan tanishtirgan va unga ishonchini qaytarish uchun kechki payt klub trenajyor zalida shug'ullanishga ruxsat bergan.
David Raya o'tganidan so'ng, Arteta uning butun oilasini stadionga taklif qilib, darvozabonning bobosi Xoakin uchun maxsus nomli futbolka tashkil qilgan. Aynan total nazorat, talabchanlik va shaxsiy munosabat uyg'unligi o'yinchilarni uning ortidan ergashishga majbur qilardi. O'zining yaqin doirasidagi odamlarni Arteta deyarli oila deb bilardi. Ibratli holat chempionlik qo'lga kiritilgandan so'ng yuz berdi. «Selxerst Park»da Martin Edegor Premer-liga kubogini ushlab, individual fotosessiyaga tayyorgarlik ko'rayotgandi. Shu payt «Arsenal» xodimi kubokni kapitandan: «U bosh murabbiyga kerak», degan so'zlar bilan olib, Artetaga olib borib berdi. Chempionlik mavsumiga kelib, «Arsenal» deyarli to'liq o'z murabbiyining aksiga aylangandi.