Uesli Sneyder Mourinyu haqida: «U bizni shunchaki maftun etib qo'ygandi»
Uesli Sneyder o'z xotiralarida Joze Mourinyu bilan ishlagan davrlari va 2010-yilgi Chempionlar ligasidagi g'alaba haqida so'zlab berdi.
«Inter» noyob do'stlar jamoasi edi va bu Mourinyuning xizmati, – deb ta'kidladi Uesli Sneyder o'z xotiralarida. – Samolyotga chiqayotganim yodimda. Oldingi qatorlarda – rahbariyat. Joze esa salonning oxirida, o'yinchilar bilan kulib o'tiribdi. Uning huzurida futbolchilar o'zlarini erkin his qilishardi.
U shunday derdi: «Sizlar odatdagidan biroz ko'proq erkinlik olasizlar, men esa evaziga ideal jamoaga ega bo'laman». O'yinlarda u bizdan maksimal darajada harakat talab qilardi, maydon tashqarisida esa mayda xatolarga – vino, sigaretaga ruxsat berardi… Joze – haqiqiy jentlmen. Barcha o'yinchilarning xotinlari va farzandlarining ismlarini bilardi. U bizni shunchaki maftun etib qo'ygandi.
Uning ko'rsatmalari odatda o'n daqiqa davom etardi, shundan so'ng biz shaxsiy raqibimizning o'yini yozilgan diskni olardik. Istisno tariqasida 2010-yilgi Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi «Barsa»ga qarshi o'yin oldidan so'zlagan nutqi bo'ldi – u qirq daqiqa davom etgan!
Joze bor kuchini sarflab, video, taktik tahlil va ovoz kuchidan foydalandi. U o'z chiqishini «Barsa»ning himoyadan hujumga o'tishdagi zaif tomonlariga va bizning o'zimizga bo'lgan ishonchimizga bag'ishladi.
Ko'rsatmalardan oldin biz «Barsa»dan o'tish juda qiyin deb o'ylardik, keyin esa finalga chiqishimizga ishondik. «San-Siro»dagi 3:1 hisobidagi g'alabadan va mening golimdan so'ng, «Kamp Nou»da bor-yo'g'i 66 daqiqa dosh bera oldim va o'rnimga Muntari tushdi. Kiyinish xonasiga borib hojatxona ustiga o'tirdim – shunchalik asabiylashgandim.
Mourinyu yakuniy g'alabamizdan so'ng aytgan ilk gap: «Endi biz final favoritimiz».
Barselonadagi o'yin – pley-offdagi ikkinchi va oxirgi uchrashuv bo'lib, unda Sneyder golsiz va assistsiz qolgan. 1/8 finalga «Inter» guruhda bor-yo'g'i ikkita g'alaba bilan kirib kelgan va ulardan birinchisi – Kiyevdagi (2:1) g'alaba Ueslining 1+1 natijasi evaziga qo'lga kiritilgan.
Keyin Eto’O uning uzatmasidan «Chelsi» darvozasiga gol urdi, Milito – SSKA va «Barsa»ga «San-Siro»da, Ueslining o'zi esa Valdesga gol urishdan oldin «Lujniki»da Akinfeev darvozasiga jarima zarbasidan gol kiritgan. Sneyder g'oliblik bilan yakunlangan Chempionlar ligasida «Inter»ning eng yaxshi to'purari nomini Milito bilan bo'lishib olgan: Ueslida 3+6, Diegoda 6+3.
«Real»ning zaxira maydonidagi mashg'ulotlar bilan boshlangan mavsum «Bernabeu»dagi Chempionlar ligasi finalidagi g'alaba bilan yakunlandi – Sneyderning Militoning ilk goliga qilgan assisti bilan.
15 yildan so'ng Uesli Ziggo Sport telekanali ekspertiga aylandi va 2025-yil kuzida shu sifatda «Ayaks» – «Benfika» o'yini oldidan Mourinyuni kutib oldi.
Joze semirib ketgan Sneyderning peshonasidan o'pdi va tushuntirdi: «Nega bunday qildim? Qo'ysangiz-chi, Uesli menga trebl va murabbiylik faoliyatimdagi eng yaxshi yilni sovg'a qilgan. Bu semiz odam – juda yoqimli».