Nataniyel Braun: «Bavariya»dagi yulduzlar bilan birga o'ynash — aqlbovar qilmas holat»
Nataniyel Braun «Bavariya»ga o'tganidan keyin jamoaning yulduz futbolchilari bilan birga to'p tepish unga qanday taassurot qoldirgani haqida gapirdi.
Nataniyel Braun «Bavariya»ga kelgan ilk kunlaridagi taassurotlari bilan o'rtoqlashdi:
«Bu shunchaki aqldan ozish. Avvaliga biroz g'alati tuyulgandi. Hali ham Superkubok doirasidagi «Dortmund»ga qarshi o'yinimizni eslayman. Men «o'nlik» pozitsiyasida o'ynayotgandim. Har bir o'yindan oldin bizda yig'ilishlar bo'ladi, unda himoyachilar va hujumkor futbolchilar alohida guruhlarga bo'linishadi, o'sha safar men hujumkorlar bilan birga edim. Biz har doim murabbiy nima qilishimiz kerakligini aniq tushuntirib beradigan xonaga kiramiz.
Va men atrofga qarayman va birdaniga Maykl, Luis va Harri bilan bir xonada ekanligimni tushunaman. O'zimga o'zim: «To'xta, bu rost bo'lishi mumkin emas. Qanday qilib bunday bo'lishi mumkin?» — deb o'yladim. Chunki men aslida chap qanot himoyachisiman. Bu shubhasiz, «ha, bu aqldan ozish» deb o'ylagan lahzalarimdan biri edi. Ammo endi ular mening jamoadoshlarim. Bu hali ham o'zgacha tuyuladi, lekin bunga ko'nikib qolasan. Hozir ular shunchaki mening jamoadoshlarim».