Manchester City'dan ochkolar olib tashlanishi (yoki umuman olib tashlanmasligi) haqidagi mish-mishlar fonida raqib klublarni boshqa savol qiziqtirmoqda: boy berilgan sovrinlar va pullarni kim qaytaradi? To'rtta klub allaqachon sudlashishga tayyor, Angliya futbolida esa bunday pretsedentlar mavjud.
Kim qaror qabul qiladi? Uchta variant mavjud:
1. Jazo doirasida (APL reglamentining W.52 qoidasi) – buni Manchester City'ni aybdor deb topgan komissiyaning o'zi amalga oshiradi.
2. Alohida jarayon (W.55.5 qoidasi) – muayyan klubning da'vosi bo'yicha tuzilgan alohida komissiya qoidabuzarni «boshqa har qanday shaxs yoki klubga cheksiz kompensatsiya» to'lashga majbur qilishi mumkin. Uni liga sud kollegiyasi raisi maxsus huquqshunoslar ro'yxatidan shakllantiradi va bu asosiy ishni ko'rib chiqqanlar bo'lishi shart emas. Burnley bilan aynan shunday bo'lgan.
3. Arbitraj (X bo'limi) – klublar o'rtasidagi nizolar uchun klassik yo'l. Har bir tomon bittadan arbitr tayinlaydi (masalan, birini Tottenham, ikkinchisini Manchester City tanlaydi). Bu ikki arbitr uchinchi shaxsni – raisni tanlaydi. Agar liga nizoda tomon bo'lmasa, u jarayonda ishtirok etmaydi. Pretsedent mavjud: 2007-yilda West Ham APLda qolgan, Sheffield United esa quyi ligaga tushib ketgan edi. Ammo arbitraj hujumchi Karlos Tevesni ro'yxatdan o'tkazish qoidalari buzilmaganida londonliklar kamroq ochko to'plagan bo'lishini tan olgan – yakunda 20 million funt sterling miqdorida jarima belgilangan.
Birinchi ikki holatda qaror ustidan APLning apellyatsiya instansiyasiga shikoyat qilish mumkin (Everton Burnley ishi bo'yicha shunday qilgan), oxirgi holatda esa faqat Angliya va Uels Oliy sudiga murojaat qilish imkoni bor.
Kim sudlashishga tayyor va nima uchun Manchester City bilan hammasi murakkabroq bo'ladi?
BBC ma'lumotlariga ko'ra, APL klublari rahbarlari darajasida o'tgan mavsumlar jadvalidagi Manchester City o'rnini ochkolar olib tashlanganidan keyin qayta ko'rib chiqish g'oyasi muhokama qilinmoqda. Bunday holda «shaharliklar» raqib klublarga egallagan o'rniga qarab kompensatsiya to'lashi mumkin edi.
Ammo buning uchun yashirilgan 830 million funt aynan qaysi ochkolarni keltirib chiqarganini isbotlash kerak bo'ladi. 2012 va 2014-yilgi chempionlik poygalarida bu osonroq, ammo Manchester City 100 ochko to'plagan 2017/18-yilgi mavsumda – ancha qiyin.
Isbotlash «ehtimolliklar balansi» bo'yicha amalga oshiriladi – bu Angliya fuqarolik ishlarida standart amaliyot. Da'vogar sud yoki komissiyani o'z versiyasi to'g'riligiga (ya'ni ehtimollik 50 foizdan yuqori) ishontirishi kifoya.
Aytgancha, eng uzoqni ko'ra oladigan klublar ikki yil oldin harakatni boshlashgan. 2024-yil noyabrida Arsenal, Liverpool, Manchester United va Tottenham Manchester City'ga rasmiy xabarnoma yuborishgan: ular klub aybdor deb topilsa, kompensatsiya talab qilish huquqini o'zida saqlab qoladi.
Sana tasodifiy tanlanmagan: Der Spiegel nashridan keyin olti yil o'tib, Angliyadagi shartnomaviy nizolar bo'yicha da'vo muddatiga rioya qilish uchun. Ammo qoidabuzarlik yashirilgan bo'lsa, hisob u fosh bo'lgan kundan boshlanadi. Shunday ekan, boshqalar uchun sud yo'li yopiq emas – shunchaki da'vo muddati kechroq boshlanganini isbotlash kerak.
Xullas, APL tomonidan beriladigan jazodan tashqari, Manchester City klublardan ham hisob-kitob talablarini kutishi kerak. Va bu liganing har qanday jarimasidan ham og'riqliroq bo'lishi mumkin.