«Yuventus» qo'shimcha aksiya emissiyasini amalga oshirmoqda va investorlar uchun yo'llagan xabarida tan olishicha, klub joriy mavsumni operatsion zarar bilan yakunlaydi. Asosiy sabab – jamoa Chempionlar ligasi o'rniga Yevropa ligasida ishtirok etmoqda.
Chempionlar ligasisiz «Yuventus» zarardan qutula olmaydi: klub hatto 500 million yevrolik daromad maqsadini ham shunchaki «orzu» deb atamoqda.
● 3 noyabr kuni aksiyadorlar yig'ilishi direktorlar kengashiga kapitalni 250 million yevrogacha oshirishga ruxsat berdi. 12 noyabrda kengash ushbu imkoniyatdan qisman foydalanib, taxminan 200 million yevrolik qo'shimcha aksiya emissiyasini ma'qulladi. Yangi aksiyalar birinchi navbatda amaldagi aksiyadorlarga taklif etiladi.
● Joylashtirish jarayoniga klubning asosiy aksiyadori – An'yelli-Elkann oilasiga qarashli Exor xoldingi kafolat beradi. Exor va «Yuventus» o'zaro bog'liq bo'lgani sababli, klub kafolatni yirik bitim sifatida rasmiylashtirdi va bu bo'yicha alohida hujjat e'lon qildi.
● 13 noyabr kuni klub Italiya regulyatori CONSOB'ga investorlar uchun hujjat taqdim etdi. Bu to'liq prospekt emas: «Yuventus» Yevropa Ittifoqi qoidalaridagi istisnodan foydalandi. Regulyator hujjatni tekshirmagan va ma'qullamagan – klub buni press-relizda to'g'ridan-to'g'ri yozib o'tgan.
● Direktorlar kengashi 29 sentyabr kuni prognozni yangiladi – transfer oynasining birinchi qismidan keyin va o'tgan mavsumdagi muvaffaqiyatsizliklarni hisobga olgan holda. 2026/27 yillarda operatsion natija salbiy bo'ladi, operatsion pul oqimi esa, agar bir martalik tushumlar bo'lmasa, u ham manfiy ko'rsatkichga o'tadi. Klub aniq summalarni keltirmagan.
● Vaziyat bir yildan beri yomonlashib bormoqda: 2025/26 yilgi mavsumni «Yuventus» 66 million yevro zarar bilan yakunladi, bir yil avval bu ko'rsatkich 58,1 million yevro edi. Daromad 474,7 million yevrogacha tushib ketdi. Klub buni maydondagi natijalar o'tgan mavsumlardagi o'rtacha ko'rsatkichdan va kutganlardan past bo'lgani, shuningdek, bir martalik xarajatlar bilan izohlamoqda.
● Keyingi ikki mavsumda «Yuventus» bosqichma-bosqich yaxshilanishni va'da qilmoqda. Ammo asosiy shart – har ikki mavsumda ham Chempionlar ligasiga qaytish. Shu bilan birga, klubning o'zi bu eng muhim va noaniq omil ekanligini tan oladi: Chempionlar ligasiga chiqish rahbariyat qarorlariga emas, balki natijalarga bog'liq.
● Hozirning o'zida qancha mablag' kerak? Agar jamoa 2025/26 yilgacha bo'lgan mavsumlar darajasida o'ynasa, «Yuventus»ga 112,5–125 million yevro kerak bo'ladi – bu 250 million yevrolik limitning 45–50 foizini tashkil etadi. Ya'ni, klub hozirgi emissiyadan yig'adigan mablag'ning deyarli barchasi yaqin ikki mavsumdagi kamomadni yopishga ketishi mumkin.
● Klub uzoq muddatli maqsadlarni belgilab oldi: 500 million yevrodan ortiq barqaror daromad, shundan 100 million yevrodan ortig'i stadiondan tushadigan mablag'lar va operatsion nolga chiqish. Ammo hujjatda klub to'g'ridan-to'g'ri izoh beradi: bu maqsadlar «aspiratsion», ya'ni prognoz yoki va'da emas, ularga erishish muddati ham belgilanmagan.
🤔 Demak, «Yuventus» uchun Chempionlar ligasi endi obro'-e'tibor masalasi emas, balki moliyaviy barqarorlik shartidir. Exor klubni yana sug'urtalamoqda, ammo Chempionlar ligasisiz yana bir mavsum o'tsa, An'yelli-Elkann oilasiga katta ehtimol bilan yana cho'ntagidan pul chiqarishga to'g'ri keladi.