UEFA Italiyani Yevro-2032 mezbonligidan mahrum qilishi mumkin
Italiya futbol federatsiyasidagi inqiroz sabab UEFA Yevro-2032 mezbonligi masalasida ogohlantirish bilan chiqdi.
⚽️ Yevro-2032 xavf ostidami? UEFA Italiyani ogohlantirmoqda
Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) atrofida jiddiy inqiroz yuzaga kelmoqda. Federatsiyaga tashqi boshqaruv o'rnatilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda – uning prezidenti Jovanni Malago nomzodini ilgari surish vaqtida tizimda ro'yxatdan o'tmagani bilan bog'liq qoidabuzarlik aniqlangan.
● UEFA rahbari Aleksander Cheferin vaqtinchalik boshqaruvchi tayinlanishi Italiya futboliga nisbatan «UEFA ishonchini yo'qqa chiqarishi» mumkinligini allaqachon bildirib o'tdi.
Nima gaplar?
● La Gazzetta dello Sport ma'lumotiga ko'ra, Nyonda Malagoning ketishi emas, balki undan keyin nimalar bo'lishi ko'proq xavotir uyg'otmoqda.
Ikki xil ssenariy bo'lishi mumkin:
1. Yumshoq. Malago ketadi, Italiya Olimpiya qo'mitasi (CONI) cheklangan vakolatlarga ega komissar tayinlaydi va u yangi saylovlarni o'tkazadi. Federatsiya normal ish rejimiga qaytadi – Yevro xavf ostida emas.
2. Qattiq. Komissar amalda prezidentni almashtiradi va federatsiya boshqaruvini o'z qo'liga oladi. UEFA va FIFA buni Italiya futboli avtonomiyasiga tashqi aralashuv deb baholaydi – Yevro xavf ostida.
● Muhim jihat – FIGCga nisbatan moliya yoki boshqaruv bo'yicha hech qanday e'tiroz yo'q. Shuning uchun uzoq muddatli tashqi boshqaruv nima uchun kerakligi tushunarsiz.
Yevro-2032 musobaqasini Italiya Turkiya bilan birgalikda o'tkazishi kerak. Italiyaliklar uchun turnir eskirgan stadionlarni yangilash uchun muhim turtki hisoblanadi. Turkiyada esa final qismini yolg'iz o'zi o'tkazish uchun yetarlicha zamonaviy arenalar mavjud.
Hammasini komissarning muddati va vakolatlari hal qiladi. Italiyaning Yevro huquqini saqlab qolishi shunga bog'liq.