BBC Sport: «Tottenxem» «Manchester Siti» qoidabuzarliklari sabab katta moliyaviy zarar ko'rdi
BBC Sport hisobotiga ko'ra, «Tottenxem» «Manchester Siti»ning qoidabuzarliklari tufayli 119,9 million funt miqdorida moliyaviy zarar ko'rgan.
BBC Sport ma'lumotlariga ko'ra, «Tottenxem» 2009-yildan 2018-yilgacha bo'lgan davrda «Manchester Siti» tomonidan yo'l qo'yilgan qoidabuzarliklar tufayli eng katta potensial moliyaviy zarar ko'rgan klub bo'ldi.
«Biz aldov davrini boshdan kechirdik, — dedi «Tottenxem»ning sobiq bosh murabbiyi Maurisio Pochettino. — Hech qanday jazo qilingan ishlarni to'g'rilay olmaydi».
Uning so'zlari mazmuni tushunarli. «Manchester Siti» Chempionlar ligasiga yo'llanma olgan sakkiz mavsumning to'rttasida «Tottenxem» Chempionlar ligasi zonasidan bir pog'ona pastda qolgan. Bunda ushbu to'rt holatning faqat bittasida jamoani Pochettino boshqargan.
BBC Sport «Siti»ning Chempionlar ligasidagi daromadlari hamda «Tottenxem»ning Yevropa ligasidagi daromadlari o'rtasidagi farqni hisoblab chiqdi.
Ushbu to'rt mavsum davomida «Siti» Chempionlar ligasida 148,2 million funt, «Tottenxem» esa Yevropa ligasida 29,9 million funt ishlab topgan.
Eng katta farq 2014/15-yilgi mavsumga to'g'ri keladi. «Siti» APLda ikkinchi, «Tottenxem» esa beshinchi o'rinni egallagan. Keyingi mavsumda «Siti» Chempionlar ligasi yarim finaliga chiqqani uchun 71,2 million funt, «Shporlar» esa Yevropa ligasidagi ishtiroki uchun 17,7 million funt olgan. Farq — 53,5 million funt.
Bundan tashqari, «Tottenxem» APLda olti marta «Siti»dan pastroq o'rinni egallagan. Bu esa yana 6,6 million funtlik farqni keltirib chiqargan.
Shu bilan birga, 2013/14-yilgi mavsumda «shporlar» «Siti»ning muvaffaqiyatidan foyda ham ko'rishgan. «Tottenxem» yevrokuboklarga aynan «Siti» Liga kubogini yutgani evaziga chiqa olgan. Shu sababli «shporlar» 2014/15-yilgi mavsumda Yevropa ligasidagi ishtiroki uchun 5,1 million funt ishlab topishgan.
Yakunda «Tottenxem»ning sof moliyaviy yo'qotishlari 119,9 million funtni tashkil etdi.