Bugun O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvida Marokash terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Rabot shahrida o‘tkaziladigan bahs oldidan raqibimiz haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tamiz.
Marokash ayollar terma jamoasi so‘nggi yillarda Afrika qit’asida eng katta o‘sishga erishgan jamoalardan biri hisoblanadi. “Atlas sherlari” laqabi bilan tanilgan jamoa 2022 va 2024-yilgi Afrika millatlar kubogida finalga qadar yetib borib, har ikki safar kumush medallarga sazovor bo‘lgan. 2026-yilgi qit’a chempionatida esa to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Jamoa 2023-yilda o‘z tarixida ilk bor ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ishtirok etgan. Avstraliya va Yangi Zelandiya mezbonlik qilgan mundialda Marokash Koreya Respublikasi va Kolumbiyani 1:0 hisobida mag‘lub etib, guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq 1/8 finalda Fransiyaga 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergan.
Marokash 2027-yil Braziliyada o‘tkaziladigan Jahon chempionati yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritgan. Jamoa ayni paytda FIFAning ayollar terma jamoalari reytingida 64-o‘rinni egallab turibdi.
Marokashning yetakchi futbolchilari qatorida G‘izlan Shebbak, Ibtissam Jraidi va Nuhayla Benzina kabilarni alohida ko‘rsatish mumkin. Xususan, Shebbak 2025-yilda o‘tkazilgan Afrika millatlar kubogida 5 ta gol bilan musobaqaning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan.
Jamoani ayni vaqtda fransiyalik mutaxassis Erik Blaik boshqarmoqda. Erik Marokash termasini 7-oktabr kuni qabul qilib oldi. U bungacha Fransiya ayollar terma jamoasining yordamchi murabbiyi, shuningdek, "Nant", PSJ, "Gengam", "Bordo" kabi klublarning bosh murabbiyi lavozimlarida ishlagan.
Bugungi uchrashuv Marokash poytaxti Rabotdagi “Olimpik” stadionida bo'lib o'tadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi