Superliga 18-turidan o'rin olgan "Buxoro" – "Neftchi" uchrashuvidan so’ng "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.
Superliga 18-turidan o'rin olgan "Buxoro" – "Neftchi" (4:1) uchrashuvidan so’ng jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Buxoro bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov o‘tgan uchrashuvdan so‘ng jamoaning jismoniy holati, tarkibdagi o‘zgarishlar va o‘yin uslubi haqida gapirdi.
Jamoamiz bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning uchrashuv haqida fikrlari:
Kutganimizdek, o‘yin juda og‘ir kechdi. Ayniqsa, bahsning so‘nggi daqiqalari juda keskin o‘tdi. Bu oson o‘yin bo‘lmasligini avvaldan bilardik. Yigitlarga rahmat aytaman. Ular uzoq vaqtdan keyin o‘z maydonimizda o‘ynashdi va muxlislarimizni xursand qilishni istashdi. Birinchi bo‘limda, ayniqsa uning boshlanishi va o‘rtalarida rejalashtirgan ishlarimizning ko‘pi amalga oshdi, yaxshi imkoniyatlar yaratdik. Ammo ikkinchi bo‘limda, ayniqsa o‘yin oxirida, son jihatidan ustun bo‘lishimizga qaramay, kelishilgan rejadan chetga chiqib ketdik. Hujum qilish o‘rniga hisobni saqlab qolishga harakat qilib, past blokda himoyalanishga o‘tib oldik. Yaxshiyamki, hisobni saqlab qolishga erishdik. Eng muhimi, bugun uch ochkoni qo‘lga kiritganimizdan xursandman.
— Bugungi g‘alaba bilan tabriklaymiz. Raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin nega qarshi hujumlar kamayib ketdi? Bu hisobni saqlab qolish uchun qilingan taktika edimi yoki futbolchilar berilgan vazifani bajara olishmadimi? Qarshi hujumlarda tezlik yetishmadi, ko‘p holatlarda to‘pni ushlab qolish bilan cheklanishdi.
Ikkinchi bo‘lim boshlarida raqib darvozasi oldida imkoniyatlarimiz bo‘lmadi, deb aytolmayman. Lekin 60-daqiqalardan keyin jismoniy jihatdan kuch yetishmay qoldi. Raqibning zaxiradan tushgan futbolchilari o‘yinga yaxshi kirishdi va himoyamizga katta bosim o‘tkazishdi. Bizda esa zaxiradan tushgan futbolchilar o‘yin ritmiga to‘liq moslasha olishmadi va jamoaga kutilgan darajada yordam bera olishmadi. Shuning uchun ham aytamanki, bu juda og‘ir o‘yin bo‘ldi, oxirgi daqiqalari esa haqiqiy asab sinoviga aylandi. Afsuski, ikkinchi bo‘limda asosan himoyalanishga majbur bo‘ldik. Ammo eng muhimi — natijani saqlab qoldik. Hozirgi vaziyatda uch ochko olganimizdan mamnunman. Balki ayrim vaziyatlarda mahorat yetishmadi, ayrim paytlarda esa sabr kamlik qildi. Lekin futbolchilarning fidoyiligi har doimgidek yuqori darajada bo‘ldi. Ular bor kuchini maydonda qoldirishdi.
— Filipovichni qachon maydonda ko‘rishimiz mumkin? Uning jarohati haqida ham ma’lumot bersangiz.
Filipovich tiklanish jarayonini deyarli yakunladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u to‘liq sog‘ayish arafasida va yaqin kunlarda jamoa mashg‘ulotlariga qaytadi. U tezroq safga qaytib, avvalgidek jamoaga yordam berishini umid qilyapmiz.
— Yaqinda Bashelaishvili jamoani tark etdi. Uning o‘rniga akademiyadan yana futbolchi jalb qilish imkoniyati bormi? Iqtidorli o‘yinchilar ko‘p, ammo hozircha faqat ikki nafar yosh futbolchiga imkoniyat berilmoqda. Buning sababi nimada?
Biz Bashelaishvili bilan shartnomani bekor qildik. Uning o‘rniga boshqa futbolchini jalb qilish masalasini hozircha ko‘rib chiqmayapmiz. Albatta, jamoani kuchaytirish uchun kamida yana bir-ikki nafar futbolchi kerakligini yaxshi tushunaman. Hozircha vaziyat shu.
— Jamoa nega 90 daqiqa davomida bir xil sur’atda o‘ynay olmayapti? Buning asosiy sababi nima, deb o‘ylaysiz?
O‘zi qaysi jamoa 90 daqiqa davomida bir xil tempda o‘ynay oladi? Buning iloji yo‘q. Biz kuchga asoslangan futbol o‘ynaymiz. Hozirgi iqlim va ob-havo sharoiti butun o‘yin davomida doimiy pressing va bosim o‘tkazish imkonini bermaydi. Qolaversa, «Lokomotiv»ga qarshi tinimsiz bosim bilan o‘ynash ham xavfli. Ular pressingdan yaxshi chiqib keta oladi va himoya ortida katta bo‘shliqlar qoldirishimizga sabab bo‘ladi. Bu esa katta tavakkalchilik. Faqat chiroyli futbol ko‘rsatish uchun ochilib o‘ynab, keyin o‘z darvozamiz oldida muammoga duch kelishning hech qanday ma’nosi yo‘q. Ayni paytda taqvim juda zich, ob-havo ham og‘ir. Futbolchilarni to‘liq tiklab olishga ulgurmayapmiz. Jarohatlar, charchoq — bularning hammasi to‘planib bormoqda. Amalda deyarli bir xil tarkib bilan o‘ynayapmiz. Futbolchilar robot emas, ular ham inson. Shuning uchun ulardan har doim bir xil darajadagi tempni talab qilish qiyin. Shu bois yana bir bor yigitlarga bugungi maydonda ko‘rsatgan fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildiraman.
Superliga 17-turidan keyin "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov "OKMK" ustidan qozonilgan g'alaba haqida fikr bildirdi.
Superliga 17-turidan o'rin olgan "Buxoro" – "OKMK" (2:0) uchrashuvidan keyin "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Avvalo, sizlarni ham g‘alaba bilan tabriklayman. O‘yin juda og‘ir kechdi. Albatta, oson bo‘lmasligini oldindan taxmin qilgandik. Raqib jamoa, mening nazarimda, yaxshi o‘yin ko‘rsata oladigan jamoalardan biri. Ularga qarshi harakat qilish juda qiyin bo‘ldi.
Yaxshiyamki, yana bir bor yigitlar sabr-toqat namoyon qilishdi. Bugun sabr qilish, o‘z imkoniyatlarimizni kutish juda muhim edi. Biz aynan shu vaziyatlarni kutishimiz kerak edi.
Umuman olganda, hamma narsa ham reja bo‘yicha kechmadi. Birinchi taymda ikki nafar himoyachimizdan ayrildik. Keyin o‘yin oxirida yana bir himoyachimiz qizil kartochka oldi.
Shunga qaramay, juda hissiyotlarga boy, ko‘p kuch talab qilgan o‘yin bo‘ldi. Yana bir bor aytaman, yigitlar haqiqiy qahramonlik ko‘rsatishdi. O‘yin oxirigacha bardosh berib, g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Buning uchun ularga katta rahmat aytaman.
Buxoro bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov Paxtakor bilan durangdan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Superliga 16-turidan o'rin olgan "Paxtakor" – "Buxoro" (2:2) uchrashuvidan keyin "Buxoro" bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
O'yindan va natijadan qoniqdim. Muhimi, nima uchun bu erga kelganimizni futbolchilarga uqtira oldik. To'g'risi, 2:0dan keyin vaziyatni o'nglashimizga ishonmagandim. Futbolchilarimizga rahmat, ular xarakter ko'rsata olishdi. Biz o'yinni tashlab yubormadik, jiddiy raqibga qarshi durang qayd eta oldik.
- "Paxtakor"ga qarshi alohida yondashuv bo'ldimi?
Albatta, biz har bir raqibdan kelib chiqib tayyorgarlik ko'ramiz. O'tkazib yuborilgan gollarni oladigan bo'lsak, o'tkazmasak ham bo'lardi, lekin xatolar yuzaga keldi. Aytib o'tganimdek, ikkita gol o'tkazganimizdan so'ng hammasi tugashi ham mumkin edi, ammo tavakkalga qo'l urdik. Men hamma sirlarni ochmoqchi emasman. Shuni aytishim mumkin, har bir o'yinga o'z rejamiz bo'yicha hozirlik ko'ramiz. Bu yerda eng muhimi, tanaffusdan keyin o'yinni tashlab yubormaslik edi. Shunday qildik va oxirigacha o'ynadik. Jamoamizdagi hamma mas'uliyatni oxirigacha his qilib turibdi. Zaxiradan tushganlarning o'yinni kuchaytirgani ham yordam berdi.
- Jamoangiz safarda "Paxtakor" bilan durang qayd etdi, lekin umumiy o'yinlarni oladigan bo'lsak, "Buxoro" mehmonda "Mashal" bilan "Navbahor"ni mag'lub eta olgan. Safar uchrashuvlarida nima yetishmayapti?
Biz o'z imkoniyatlarimizni juda yaxshi bilamiz va shuni bilgan holda o'z o'yinimizni namoyish etamiz. Futbolda xatolarni kechirish mumkin, lekin o'yinchi harakat qilmasa buni kechirib bo'lmaydi. Jamoamizdagi hamma buni yaxshi biladi. To'g'ri, ko'p uchrashuvlarda omad yuz o'girdi. "Surxon"ga mag'lub bo'ldik. OKMK bilan yaxshi o'ynab yutqazdik. Turli sabablarga ko'ra, yutqazyapmiz. Aniq sababini bilmayman. "Buxoro" uchinchi o'rinda va buni ko'pchilik yaxshi deb qabul qilyapti. Shunga qaramay, qo'lni tushirmaymiz, har bir bahs biz uchun muhim. Klublardagi moliyaviy holatni zo'r deb bo'lmaydi, shundan kelib chiqib yuqori o'rinni saqlab qolish biz uchun o'ta muhim sanaladi.
- Mavsum oxirigacha uchinchi o'rinni saqlab qolish uchun jamoaning kuchi etadimi?
Men yil boshidayoq maqsadimiz har bir o'yinda bor kuchni ishga solish deb aytganman. Hozir ham shu fikrdaman, o'yinchilarimiz maydonda borlarini berishini xohlayman. Biz uchun hozircha kelajak yo'q, biz uchun faqat bugun bor. Agar hozirgi o'rnimizni chempionat oxirigacha saqlab qolsak yaxshi bo'lardi. Lekin men uchinchi o'rin uchun kurashamiz deb baralla gapirmayman. Bu katta gapirish bo'ladi. Aytib o'tganimdek, hozirgi kun bilan yashayapmiz. O'yinni o'tkazdikmi, biroz dam olib keyingi bahsga hozirlik ko'ramiz. Avvalgi xizmatlar biz uchun rol o'ynamaydi, bugungi o'yinni o'ylashimiz kerak.