Uesli Fofana: «Chelsi» bilan sovrin yutishni orzu qilaman»
Uesli Fofana «Chelsi»dagi ambitsiyalari, yangi transferlar va jamoaning kelgusi mavsumdagi maqsadlari haqida The Athletic nashriga intervyu berdi.
The Athletic nashriga bergan intervyusida Uesli Fofana yangi transferlar, klub loyihasiga bo'lgan ishonchi va kelajakdagi maqsadlari haqida gapirdi.
Danni Uelbek va Jordan Xendersonning jamoaga qo'shilishi haqida:
«Ular juda katta yordam bera olishadi. Ular shunchaki boshqa o'yinchilarga yordam berish uchun kelishmadi, o'zlari ham juda yaxshi mavsumlarni o'tkazishgan va o'ynash uchun kelishgan. Jordan deyarli hamma narsani yutgan, Danni ham ko'p narsaga erishgan va katta klublarda to'p surgan. Ular g'alaba qozonish va mavsum davomida yuqori saviyani saqlab qolish sirlarini bilishadi. Mashg'ulotlarda ham ular juda muhim bo'lishadi, chunki katta intensivlik olib kirishadi. Agar kimdir o'ziga bo'lgan talabni pasaytirsa, ular turtki berishadi. Klub bunga e'tibor qaratgani juda yaxshi bo'ldi».
«Chelsi» loyihasiga bo'lgan ishonchi haqida:
«O'ylashimcha, bizda kerakli hamma narsa bor. Yaxshi o'yinchilar, ajoyib muxlislar va yaxshi klub. Bizda yaxshi egalar va direktorlar bor — ularning klub uchun qilayotgan ishlari haqiqatan ham ta'sirli. Jamoamizga qarasangiz, hozir hamma narsa joyida. Danni va Jordan boshqa narsalar qatori, hammaga to'g'ri mentalitetni saqlab qolishga yordam berish uchun ham kelishdi, chunki o'tgan mavsumda bu borada muammolar bor edi. Bizda juda iqtidorli futbolchilar bor. Har bir pozitsiyada ikki-uch nafardan yuqori saviyadagi o'yinchi bor, shuning uchun kelajak juda porloq bo'lishi mumkin».
Klub bilan sovrinlar yutish istagi haqida:
«Men bu klub bilan sovrin yutmoqchiman, chunki «Chelsi»ga o'tish mening orzuim edi. Avvalroq sovrin yutganman [2021-yilda «Lester Siti» bilan Angliya Kubogi], lekin bu yerga kelganimda ambitsiyalarim juda yuqori edi. Men klub bilan hamma narsani yutmoqchi edim va bu istak yo'qolgani yo'q. Turnirdan chiqib ketish, ayniqsa «Arsenal» kabi raqibga qarshi o'yinda mag'lub bo'lish juda og'ir. Jamoangiz nimagadir qodir ekanini his qilib, unga erisha olmasangiz, buni qabul qilish qiyin. Lekin endi bu ortda qoldi. Yangi mavsum boshlanyapti, oldinda yangi turnirlar va kurashish kerak bo'lgan yangi sovrinlar bor. Biz «Chelsi»miz, shuning uchun hamma narsani yutishga urinishimiz kerak: har bir o'yin, har bir turnir».
Yevrokuboklar yo'qligi haqida:
«O'ylashimcha, bunda ijobiy tomon ham bor. Bizda Chempionlar ligasi va umuman yevrokuboklar bo'lmaydi, shuning uchun Premer-ligaga diqqatimizni qarata olamiz. Bizda kuchli jamoa bor va hamma narsa uchun kurasha olamiz. Bizda yangi, juda yaxshi murabbiy va kuchli shtab bor. Kurashish uchun barcha sharoitlar mavjud».