Yaqinda Union U-19 yoshlar jamoasi atrofida bosh murabbiyning iste'fosi va DFB tomonidan rasman chetlatilishi bilan yakunlangan mojaro yuz berdi. Gap bosh murabbiy Yens Xartelning yig'inlar va mashg'ulotlar vaqtidagi bir nechta(!) kamsituvchi bayonotlari haqida bormoqda.
Eng ko'p muhokama qilinayotgan voqea tafsilotlarini avstriyalik nashr Heute Bild'ga tayanib e'lon qildi. Voqea jamoaning yozgi yig'inlarida sodir bo'lgan. Xartel jamoaviy birlashishni tashkil qilmoqchi bo'lib, o'yinchilar va xodimlarni bir-biri bilan yaqinroq tanishishlari uchun tushlik vaqtida boshqa joylarga o'tqazib chiqadi. Bir nechta qora tanli futbolchilar (ularning nemis pasporti borligini ta'kidlash joiz) bir stol atrofida o'tirib qolishganda, murabbiy yonidan o'tayotib, quyidagicha savol bergan:
«Ist das hier der afrikanische Tisch?» — «Bu yer «afrikaliklar stoli»mi?»
Bu ommaga oshkor bo'lgan yagona holat. DFB yakunda kamsituvchi xulq-atvorning uchta holatini aniqladi, biroq bu epizodlarning to'liq mazmuni oshkor etilmayapti. Matbuotdagi insaydlardan tashqari, shikoyat mualliflari Xartelga qarshi ayblovlar yozilgan xatni bir vaqtning o'zida bir nechta manzilga: Union'ning o'ziga, DFB, Berlin senati va Landessportbund Berlin — yer sport birlashmasiga yo'llashgan. Shikoyat qiluvchilarning shaxsi ommaga oshkor qilinmagan.
Voqea tafsilotlari:
• Xartel allaqachon U-19 murabbiyi lavozimini tark etdi. Klub tomonlar tanaffus qilishga kelishib olganini, murabbiy esa hozircha kasbiy faoliyat bilan shug'ullanmaslik va sodir bo'lgan voqeani qayta mulohaza qilish niyatida ekanini ma'lum qildi.
• Xartel o'z xatolarini ommaviy tan oldi va jamoa hamda klubdan uzr so'radi. Klubning o'zi ham Xartel noto'g'ri yo'l tutganini tan olib, ichki sanksiyalar qo'llanilganini bildirdi. Shu bilan birga, klub vakili Lutz Munack murabbiyning jamoa bilan munosabatlari butun faoliyati davomida yaxshi bo'lib qolganini ta'kidladi.
• DFB Xartelni 12 haftaga murabbiylik faoliyatidan chetlatdi (8 + 4 shartli). Xartelning o'zi qarorga rozi bo'ldi va shundan so'ng u kuchga kirdi. Xartel «nizolarni hal qilish va vaziyatni yumshatish bo'yicha trening»dan o'tishi va uni yakunlaganini DFB oldida tasdiqlashi kerak.
Natijada Union yana yangi murabbiy izlashga majbur bo'lmoqda – Xartelning o'zi yozda Mari-Luiza Eta ayollar jamoasiga ketganidan so'ng kelgan edi.
Reddit'da Xartelning bu qilmishida uning Hansa Rostock'dagi o'tmishi ta'siri borligi haqida hazillar qilinmoqda.