#Andijon — yangiliklari

Chap ustun yangiliklari

Sergey Lushan: «Imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilamiz»
FC ANDIJON ↗ Matbuot

Sergey Lushan: «Imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilamiz»

Mash'al bosh murabbiyi Sergey Lushan jamoaning Superligadagi qiyin ahvoli va tarkibni yangilash jarayoni haqida gapirdi.

«Mash'al» — «Andijon» bahsidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

Fikr bildirish qiyin. O'yinimiz o'xshamadi. Maydonga tushishyapti, ammo qo'lidan hech nima kelmayapti. Bu intellekt saviyamiz shunday. Keyin nima bo'ladi, bilmayman. Raqib jamoani g'alaba bilan tabriklayman. Rostini aytsam, tabriklayverib, o'zim ham charchadim. Shunga qaramay, bugungi o'yinda ijobiy jihatlar ham bo'ldi. Biz tarkibni taxminan 80 foizga yangilash yo'lidan boryapmiz. Bugun ko'rgan bo'lsangiz kerak, maydonga juda yosh futbolchilarni, hali bolaligicha bo'lgan yigitlarni tushirdik. Ulardan har biri, jumladan, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham o'zini munosib ko'rsata oldi. Yana bir yigit esa markaziy himoyachi. Biz motivasiyasi bor shu futbolchilarga tayanamiz.
Mening tushunishimcha, tajribali futbolchilarda motivasiya deyarli butunlay yo'qolgan. Bunga sabab bo'layotgan ayrim holatlarni men ham tushunishga harakat qilaman. Bu haqda avval ham gapirganman, shuning uchun yana qaytib o'tirishni istamayman. Agar futbolchilarga yetib borolmasak, ularni ishontirolmasak, tushuntira olmasak, nima qilaman? Axir, faqat biz emas, boshqa klublarda ham shunday vaziyatlar bor. Ba'zi paytlarda sabr qilish kerakligini tushunish lozim.
Hozircha ularga yetib borolmayapmiz. Nima qila olaman? Men ularni ham tushunishga harakat qilaman. Har holda, biz hammamiz Xudoning panohida yuribmiz. Imkoniyat hali bor. Hamma narsa bo'lishi mumkin. Hozircha biz izlanishdamiz. Nimani sinab ko'rmaylik, o'xshamayotgan paytlar bor. Buning faqat ikki xil izohi bor, deb o'ylayman. Yoki bu yerda yig'ilgan futbolchilarning salohiyati shu daraja — ular bundan ortig'iga qodir emas. Yoki bu vaziyatning yarim yildan beri futbolchilar faqat bazada yashab, mashg'ulot o'tkazayotgani bilan bog'liq tomoni bor. Ular pul degan tushunchaning o'zi qanday ko'rinishda bo'lishini ham unutib qo'yishgan, shekilli. Balki ikkalasi ham ta'sir qilayotgandir. Balki ham u sabab, ham bu sabab bordir. Lekin buning bizga yengilligi yo'q.
Yana bir bor aytaman: oldimizda ikki vazifa bor edi. Birinchisi — imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilish. Agar buning uddasidan chiqa olmasak, keyingi mavsum uchun yangi jamoa shakllantirish. Hozir, asosan, shu ish bilan shug'ullanyapmiz.
O'ylaymanki, keyingi o'yinda ham sizlar hali hech qachon ko'rmagan yana ikki nafar futbolchini maydonda ko'rasiz. Bugun uch nafar yangi futbolchi o'ynadi. Keyingi bahsda yana bir-ikki nafar futbolchini sinab ko'ramiz. Ya'ni, tarkibni bosqichma-bosqich 80 foizga yangilashga o'tamiz. Albatta, biz majbur bo'lib qo'yayotgan pozisiyalar ham bor. Aslida bizga ma'qul bo'lgan ikki-uchta pozisiya bor. Qolgan pozisiyalarda esa yo o'yinchilarning imkoniyati yetmayapti, yoki ularning xohishi yo'q. Shuning uchun tarkibni o'zgartirishga majburmiz. Boshqa variantimiz yo'q.
Jamoa Superligada qoladimi yoki yo'qmi — buni yolg'iz Xudo biladi. Har holda, imkoniyatimiz butunlay tugagani aniq bo'lmaguncha ishlashda, harakat qilishda, nimadir o'ylab topishda va izlanishda davom etamiz.
Bilasizmi, nimadir o'ylab topish juda qiyin. Ayniqsa, mavsumoldi yig'inlar bo'lib, yangi futbolchilarni olib kelish imkoniyati bo'lganda, muammoni hal qilish osonroq. Futbolchini almashtirishingiz, boshqasini olib kelishingiz mumkin. Bizda esa bor narsa shu. Qo'limizdagi futbolchilar bilan ishlashga harakat qilyapmiz. Ularga ham tushuntiryapmiz: boshqa futbolchilarimiz yo'q. Agar hammamiz birga bo'lsak, demak, bir maqsad sari birga harakat qilishimiz kerak. Hozir esa bizda shunday vaziyat: kimdir xohlayapti, lekin qodir emas; kimdir qodir, lekin xohlamayapti. Hozircha mana shu holatni bir joyga yig'ishning uddasidan chiqa olmayapmiz. Shunga qaramay, yaxshi jihatlar bormi? Ha, bor. 👍
Islom Ahmedov: «Qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi»
FC ANDIJON ↗ Matbuot

Islom Ahmedov: «Qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi»

«Andijon» bosh murabbiyi Islom Ahmedov «Neftchi»ga qarshi o'yindan so'ng mag'lubiyat sabablari va jamoadagi transferlar haqida gapirdi.

Vodiy derbisi doirasidagi «Andijon» - «Neftchi» o'yinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov qatnashdi.

Muxlislarimizdan uzr so'raymiz. Juda alamli mag'lubiyatga uchradik. Bizni tinmay qo'llab-quvvatlab kelayotgan ishqibozlarimiz oldida juda uyatdamiz. O'yinga kelsak, qizil kartochkagacha uchrashuv tizgini bizning nazoratimiz ostida o'tayotgandi. Birgina qizil kartochka hamma rejalarimizni buzib yubordi. Uni joyini to'ldirgunimizcha birinchi golni o'tkazib yubordik.

- Mag'lubiyatni asosiy sababchisi kim deb o'ylaysiz?

Mag'lubiyatga uchragandan keyin baribir murabbiy aybdor bo'ladi. Qo'ldan kelgancha tayyorgarlik ko'rdik. Birinchi taymda yomon o'ynamadik. Hujumlarimiz ko'p bo'ldi, to'pni nazorat qildik. Ikkinchi taymni boshidagi kutilmagan qizil kartochka barcha rejalarimizni buzdi. U o'yinchimizni ham atay qildi, deb ayta olmaymiz. Balki emosiyada o'zini to'xtata olmagandir. Futbolchilarimiz ham professional bo'lishi va o'zini boshqarishni ham bilishi kerak. Qizil kartochka xissiyot orqali yuz berdi. Qolgan joyda futbolchilarimiz 100 foiz borini berishdi. Ayblash noto'g'ri.

- O'sha qizil kartochka butun boshli jamoaning o'yinini, tayyorgarligini o'zgartirib yubordi. Oxirgi uchrashuvlarda qizil kartochkalar ko'paymoqda. Buni oldini olish uchun jamoada ruhiy tayyorgarlik ham olib boriladimi?

Baribir futbol hissiyotlarga boy. Tushuntiramiz, gapiramiz. Futbolchilar ham o'zini boshqarishni bilishi kerak. Futbolchilar maydonda o'zini boshqara bilishi kerak. O'yinchilarimiz ham atay qilishyapti, deb o'ylamayman.

- «Andijon» yozgi ta'tilgacha yaxshi o'yin ko'rsatayotgandi. Yozgi tanaffusdan so'ng 6 ta o'yin o'tdi va 5 ochko oldi, xolos. Bu natija murabbiylar shtabini o'ylantirmayaptimi?

Albatta. Izlanyapmiz, kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Ko'rib chiqamiz. O'yin tomonlama yomon o'ynamayapmiz. Biroq yakuniy hujumlar bo'yicha bizda muammolar bo'layotgandi. Mana, yangi hujumchi oldik. Bugun ham yaxshi o'ynayotgandik, ammo qizil kartochkadan keyin vaziyat o'zgardi.

- Shoxmalik Komilov nega o'yin qaydnomasiga kiritilmadi?

Qaydnomaga 20 ta o'yinchi kiritiladi. Hamma o'yinchilarga imkoniyat beramiz. Mashg'ulotlar jarayonida kuzatib boramiz. Har bir chiziqqa o'yinchilar qoldirishimiz kerak bo'ladi. Bizda raqobat kuchli. Bu uchrashuvda Shoxmalikka dam berishga qaror qildik. U safimizga yig'inimiz yakunlanayotgan paytda qo'shildi. Hali bizning o'yin uslubimizni to'liq tushunib yetgani yo'q. Shu bois futbolchiga dam berib turdik.

- Bu mag'lubiyatni omad bilan bog'laysizmi? Holbuki, jamoangizda gol urish uchun bir nechta yaxshi vaziyatlar bo'ldi, darvozabon, himoyachilar qaytarib qolishdi...

Omaddan ko'ra, taqdir deb o'ylaymiz. Harakat qildik, bugun yutqazish peshonamizga yozilgan ekan.

- Jamoaga qabul qilingan Nodirxon Ne'matxonov ko'p o'tmasdan shartnomani bekor qilib ketdi. Shuningdek, darvozabon Rustamjonovni ketishiga nima sabab bo'ldi?

Nodirxon Ne'matxonovga «Qizilqum»dan o'yin amaliyoti bo'yicha aniq taklif berishgan. Bizda aytganimizdek, raqobat kuchli. Ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'ladigan joyga o'zi tanladi. Rustamjonov bilan 6 oyga kelishilgan ekan va u «Respublika FA» jamoasiga ketdi.

- Yozgi transferlardan ko'nglingiz to'ldimi?

Ochig'i, ro'yxatimizda bir qator o'yinchilar bor edi. Ularni hammasini ham ololmadik. Oxirgi kungacha futbolchilar bilan aloqada bo'ldik. Olishga harakat qildik. YAxshiki, Rustam Turdimurodovni jalb qila oldik.

- «Neftchi» Izzatilla Po'latovni «Andijon»ga qo'yib yuborishga rozi bo'lgan ekan, lekin «Andijon» bu taklifni rad etibdi. SHu holatga to'xtalib o'tsangiz.

Rahbariyat hal qiladi. Ayrim sabablarga ko'ra o'xshamadi.

O'ng ustun yangiliklari

Andijon G'uzorda g'alabani tantana qildi

Andijon G'uzorda g'alabani tantana qildi

Andijon G'uzorda Mash'al ustidan g'alaba qozondi. O'yindagi yagona gol Po'latxo'ja Xoldorxonov hisobiga yozildi.

Ahmedov boshchiligidagi «Andijon» jamoasi G'uzorda «Mash'al»ga qarshi bo'lib o'tgan uchrashuvda o'zi uchun kerakli uch ochkoni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.

Bahs taqdirini 53-daqiqada Po'latxo'ja Xoldorxonov tomonidan kiritilgan yagona gol hal qildi. Eʼtiborlisi, Xoldorxonov Superligadagi 100-oʼyinini oʼtkazdi va u oʼzining yubiley bahsida hal qiluvchi golni urdi.

Albatta, bahs mobaynida «Burgutlar»da ko'plab imkoniyatlar yuzaga keldi. Tashabbus ham vakillarimiz tarafida bo'ldi. Biroq birgina gol o'yinda yagona bo'lib qoldi.

Birinchi bo'limda Rustam Turdimurodov ham gol urgandi, lekin ofsayd tufayli inobatga olinmadi. Har qanday holatda ham «Andijon» mehmonda o'tgan qiyin o'yinda muhim uch ochkoni qo'lga kiritdi.

Endi jamoamizni 25 avgust kuni «Bobur arena»da «Xorazm»ga qarshi uchrashuv kutmoqda.

«Mash'al» - «Andijon» - 0:1 (0:0).
19 avgust. G'uzor. «Markaziy» stadion. 432 tomoshabin.

Hakamlar: Rustam Choriev, Mahmud Turdiev, Feruz Dostonov
Zaxira hakami: Nurjahon Sulaymonov
VAR: Abdurashid Xudoyberganov
AVAR: Xusan Xudoyberdiev
Nazoratchi: Aleksandr Popov
Komissar: Samandar Ibragimov

«Mash'al»: Doston To'xtaboev, Zafar Akramov (Muhammadbobur Mo'ydinov, 46), Stranija Bosnyak, Komiljon Tojiddinov, Sardor Abduraimov, Ibrohim G'anixonov (Mahmud Jo'raboev, 12), Humoyun Murtazoev (Tohir To'xtasinov, 46), Ifeani Ifeani (Ahror Rahimov, 52), Ergash Ismoilov, Pavel Bureyev, Azizbek Choriev (Normurod Ko'charov, 59).

«Andijon»: Artyom Potapov, Abdurahmon Komilov (Odil Abdumajidov, 83), Mahmud Maxamadjonov, Nemanya Chalasan, Islom To'xtaxo'jaev, Aleksandr Andronikashvili, Damir Temirov (Shoxmalik Komilov, 80), Xumoyunmirzo Iminov (Dragan Cheran, 46), Imeda Ashortia (Doniyor Abdumannopov, 74), Po'latxo'ja Xoldorxonov (Bekzod Sulaymonov, 74), Rustam Turdimurodov.

Gol: Po'latxo'ja Xoldorxonov, 53 – 0:1.

Ogohlantirishlar: Mahmud Jo'raboev, 45+4 – Xumoyunmirzo Iminov, 44. Aleksandr Andronikashvili, 59.

Yozgi transfer oynasidagi o'zgarishlar: kelganlar va ketganlar
FC PAKHTAKOR ↗ Transfer

Yozgi transfer oynasidagi o'zgarishlar: kelganlar va ketganlar

Yozgi transfer oynasi doirasida jamoaga kelib qo'shilgan va tarkibni tark etgan futbolchilar ro'yxati.

Yozgi transfer oynasidagi o'zgarishlar

Kelganlar:
Ayman Hussayn - "Al Karma", Iroq (erkin agent)
Murtazo Puraliganji - "Persepolis", Eron (erkin agent)
Abdurahmon Aliqulov - "Rozenxeym 1860", Germaniya (erkin agent, U-21)
Erkinjon Erkinov - "Toktogul", Qirg'iz Respublikasi (erkin agent, proliga)
Arslan Vepayev - "Arqadag'", Turkmaniston (erkin agent, proliga)
Dilshod Sharofiddinov - "Neftchi" (U-21, erkin agent)

Ketganlar:
Pyotr Pajishek - KuPS, Finlyandiya (erkin agent)
Shahzod Azmiddinov - "Al Salmiya" Kuvayt (ijara)
Rustam Turdimurodov - "Andijon" (ijara)
Muhammadqodir Hamraliyev - "Navbahor" (transfer)

Jamoa ichidagi o'tishlar:
Farruh Agayev U-21 - Proliga
Abdusamad Saidov Proliga - U-21
Amirsaid Kamolxonov Proliga - U-21

«Andijon» uch nafar futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi
FC ANDIJON ↗ Transfer

«Andijon» uch nafar futbolchi bilan shartnomani uzaytirdi

«Andijon» klubi Hamidullo Karimov, Habibullo Habibullayev va Diyorbek Madaminov bilan shartnomalarni uzaytirdi.

«Andijon» klubi o'z tarkibini saqlab qolish yo'lida navbatdagi qadamni tashladi. Jamoa uch nafar futbolchi bilan amaldagi kelishuvni uzaytirdi.

Klub matbuot xizmati xabariga ko'ra, Hamidullo Karimov, Habibullo Habibullayev va Diyorbek Madaminov bilan yangi shartnomalar imzolandi.

Hamidullo Karimov 2029-yilning 31-dekabriga qadar, Habibullo Habibullayev va Diyorbek Madaminov esa 2028-yilning 31-dekabriga qadar «burgutlar» safida qoladigan bo'ldi.
Imeda Ashortia: Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman
FC ANDIJON ↗ Matbuot

Imeda Ashortia: Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman

Andijon jamoasi futbolchisi Imeda Ashortia jarohatidan so'ng o'zini qanday his qilayotgani va safga qaytish jarayoni haqida gapirdi.

Jamoamizning gruziyalik tajribali futbolchisi Imeda Ashortia yaqinda jarohat olib, safdan chiqqandi. U davolanish uchun yurtiga borib keldi.

Hozirgi holati borasida Ashortia klub matbuot xizmatiga quyidagilarni aytdi:

Mashg'ulot paytida Toshkentning Lokomotiv jamoasiga qarshi o'yin oldidan jarohat oldim. Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Kerak bo'lgan barcha muolajalarni o'tab bo'ldim. Jarohat oson emasdi, lekin, Xudoga shukr, hozir ahvolim ancha yaxshilandi. Hozirgacha uch-to'rtta individual mashg'ulot o'tkazishga ulgurdim. Yaqin kunlarda jamoa bilan birga mashg'ulotlarni boshlayman. Imkon qadar tezroq safga qaytishga umid qilyapman. Men doim qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman va jamoaga imkon qadar tezroq qaytish uchun bor kuch-g'ayratimni sarflayman.

Eslatib o'tamiz, Andijon jamoamiz Superliganing 17-turi doirasida 13 avgust kuni Bobur arenada Neftchini qabul qiladi. Vodiy derbisida barcha muxlislarimizni stadionda kutamiz.

Islom Ahmedov: Hujum chizig'ini kuchaytirish ustida ishlayapmiz
FC ANDIJON ↗ Matbuot

Islom Ahmedov: Hujum chizig'ini kuchaytirish ustida ishlayapmiz

Andijon bosh murabbiyi Islom Ahmedov So'g'diyona bilan o'yindan so'ng jamoaning hujum chizig'ini kuchaytirish bo'yicha muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

"So'g'diyona" - "Andijon" (1:0) o'yinidan keyin "Andijon" ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yinga keladigan bo'lsak, to'pni nazorat qildik, hujumlarga ham o'tdik. Baribir bizda hujumdagi tajovuzkorlik yetishmadi. Futbolchilarimiz borini berib harakat va mehnat qilishdi. Buning uchun ularga hech qanaqa e'tirozimiz yo'q. Hujumni yakunlashda kamchiliklarimiz ko'rinib qoldi.

- 10 avgust kuni yozgi transfer oynasi yopiladi. Jamoada yana yangi o'yinchilarni ko'rishimiz mumkinmi?

Bu masala bo'yicha rahbariyat bilan birga izlanyapmiz. Ayniqsa, hujum chizig'ini kuchaytirish bo'yicha istayapmiz. Bu borada bir-ikkita futbolchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Baribir ularni o'z jamoalari bilan amaldagi shartnomalari borligi uchun ushbu jarayon biroz qiyin kechyapti.

- "Andijon"ni keyingi turda o'z uyida "Neftchi"ga qarshi vodiy derbisi kutmoqda. Bugungi mag'lubiyatdan keyin futbolchilarni ruhlantirish va bo'lajak jiddiy uchrashuvga tayyorlash rejasi qanday bo'ladi?

Hozircha yigitlarimizga ikki kunlik dam berdik. Futboldan biroz chalg'ib, oilasi bilan birga bo'lib, ruhiy tomonlama o'zlariga kelib olishlari uchun shunday qildik. 9 avgustdan o'z bazamizda yig'ilib vodiy derbisiga tayyorgarlik ko'ramiz. Bu o'yinni ko'rib chiqib, yo'l qo'yilgan kamchiliklar ustida ko'proq ishlaymiz.
Sobir Pirnazarov «Andijon» murabbiylar shtabiga qo'shildi

Sobir Pirnazarov «Andijon» murabbiylar shtabiga qo'shildi

Tahlilchi murabbiy Sobir Pirnazarov «Andijon» klubi murabbiylar shtabida ish boshladi.

«Andijon» jamoasi murabbiylar shtabiga yangi mutaxassis qo'shildi. Tarkibini yanada shakllantirayotgan jamoa murabbiylar shtabini ham boyitib bormoqda.

Jumladan, tahlilchi murabbiy Sobir Pirnazarov «Andijon» klubida ish boshladi. Ushbu mutaxassis 1986-yilning 14-mart kuni Toshkentda tavallud topgan. Murabbiylik faoliyati davomida O'zbekiston U15, U16, U17, U20, U23 terma jamoalarida ishlagan. Shuningdek, «Olimpik» va «Qizilqum» klublarida ham tahlilchi murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Erishgan natijalari:
- 2022 — Toshkentda o'tkazilgan 23 yoshgacha bo'lganlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida 2-o'rin.
- 2023 — Xitoyda bo'lib o'tgan Osiyo o'yinlarida 3-o'rin.
- 2023 — Argentinada o'tkazilgan 20 yoshgacha bo'lganlar o'rtasidagi jahon chempionati ishtirokchisi.
- 2024 — Qatarda o'tkazilgan 23 yoshgacha bo'lganlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida 2-o'rin.
- 2024 — Parij Olimpiya o'yinlari ishtirokchisi.
- 2025 — 17 yoshgacha bo'lganlar o'rtasidagi Osiyo chempionati g'olibi, Qatarda bo'lib o'tgan jahon chempionati ishtirokchisi.

Ushbu mutaxassis jamoaning g'alabalariga o'z hissasini qo'shishiga umid qilamiz.

Andijon - Paxtakor uchrashuvi uchun chiptalar sotuvi boshlanadi

Andijon - Paxtakor uchrashuvi uchun chiptalar sotuvi boshlanadi

Superliganing 15-turi doirasidagi Andijon - Paxtakor uchrashuviga chiptalar sotuvi ertaga soat 09:30 dan boshlanadi.

1-avgust kuni Andijon shahridagi Bobur arenada Superliganing 15-turidan o'rin olgan Andijon va Paxtakor jamoalari o'rtasidagi bahs bo'lib o'tadi.

Ertaga soat 09:30 dan boshlab ushbu bellashuv uchun chiptalar stadionning rasmiy kassasida sotuvga chiqariladi.

Shuningdek, echipta_bot orqali sotuv jarayoni ham ertadan, 09:30 dan boshlanadi.

Barcha futbol muxlislarini 1-avgust kuni soat 19:30 da boshlanadigan Andijon - Paxtakor o'yiniga taklif qilamiz.