OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov "Xorazm"ga qarshi kechgan O'zbekiston kubogi bahsi haqidagi fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Mirjalol Qosimovning “Xorazm”ga qarshi o’yindan so’ng bildirgan fikrlari
— O'yin haqida fikringiz? — Ikki jamoa ham g'alaba uchun harakat qildi. O'z imkoniyatlarimizdan foydalanib keyingi bosqichga chiqdik. Kubok bahslari bitta o'yindan iborat bo'lgani uchun yarimta vaziyatni ham golga aylantirishga to'g'ri keladi. Kecha ko'rdik, "Andijon" jamoasi 2:0 hisobida oldinda bora turib uchrashuv 2:2 hisobida tugadi va "Andijon" penaltilar seriyasida g'alaba qozondi.
Bugun "Xorazm" jamoasi ham jangovor o'yin ko'rsatdi, oxirigacha kurash olib bordi. Qiziqarli o'yin bo'ldi deb hisoblayman. Keyingi bosqichga chiqqanimizdan xursandman. Endi chempionatning navbatdagi turiga hozirlik ko'ramiz. Stadionga kelgan muxlislarga ham o'z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
— O'yinga bir kun qolganida "Xorazm"ga yangi murabbiy tayinlandi. Bu sizning tayyorgarligingizga qanday ta’sir qildi? — Albatta, o'yindan oldin har bir detalni inobatga olamiz. Raqib safida bugun ayrim yetakchilar o'ynamadi va boshqalar o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Bu o'z navbatida boshqa o'yinchilarga imkon beradi. Bugun Kubokka xos bo'lgan dramatik o'yin guvohi bo'ldik.
Paxtakor bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev OKMKga qarshi o'yindan so'ng jamoaning o'yini va kelgusi rejalar haqida fikr bildirdi.
"Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev OKMKga qarshi o’yindan so’ng o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
— O'yin haqida fikringiz? — Yaxshi o'yin bo'ldi. Bahs qiyin kechishini bilardik va shunga yarasha hozirlik ko'rgandik. Bugun ko'p vaziyatlar yaratdik va unumli foydalandik. Avvalgi o'yinlarda ham ko'p vaziyat yuzaga keltirib, foydalana olmay kelayotgandik. G'alaba bilan hammani tabriklayman. Yigitlarga rahmat aytaman.
— "Paxtakor" oxirgi ikkita o'yinda ayniqsa hujumda yaxshi harakat qildi va bir nechta gollar urdi. Engillik yuzaga kelishining sababi nimada? — Mashg'ulotlarda doim hammasi yaxshi bo'lishi uchun ishlaymiz. Omadimiz kelib gollar uryapmiz. Bundan hammamiz xursandmiz. Yanayam ko'proq to'p kiritishga intilamiz.
— Bugun realizatsiya zo'r bo'ldi: to'rtta imkoniyat va uchta gol. Adashmasam, OKMKda 6-7ta vaziyat bo'ldi. Agar hisob 2:2 yoki 3:3 bo'lib qolganida "Paxtakor" yana qo'sha olarmidi? — Bu - o'yin, vaziyatlarni yuazaga keltirdik va ulardan foydalandik. Olmaliq jamoasi standartlarda kuchli ekanini futbolchilarimizga alohida uqtirgandik. Bugun raqibga imkon bermadik deb o'ylayman. Sal erkin harakat qilgan paytimiz ham bo'ldi. Kamchiliklar ustida ishlaymiz.
— Hisob 2:0dan keyin ham qarshi hujumlardan foydalanib hisobni 4:0ga keltirish mumkin edi. — To'g'ri, bugun qarshi hujumga ko'p marta chiqdik. To'g'risi, yanada yaxshi o'yin ko'rsatishimizga maydon holati yo'l qo'ymadi. Hali mavsum uzun, yoshlarga ham imkon beramiz.
— Jamoa "Al Ahli" bilan o'yinga tiklanishga ulguradimi? — Bugundan shuning ustida ishlaymiz.
— Yaqinda Ro'ziqul Berdiev va Aleksandr Xomyakov O'zbekistondagi eng yaxshi hujumkor jamoa deb OKMKni aytishgandi. — Aslida men ham ularning fikriga qo'shilaman. OKMK yaxshi jamoalardan biri. Jamoani tajribali murabbiy boshqaryapti, tarkibi ham kuchli. OKMK oxirigacha kurashib futbol o'ynaydigan jamoa. Ham o'zi o'ynaydi, ham raqibga imkon beradi. Olmaliqda g'alaba qozonish oson emas. Hozirgi OKMK oldingilarga nisbatan kuchliroq. Bu yerda boshqa jamoalarga qiyin bo'ladi deb o'ylayman.
— Elit OCHLdagi raqib "Al Ahli"ni qanchalik o'rgandingiz? — Bu jamoa o'yinlarini kuzatib boryapmiz va tahlil qilyapmiz. Har 3-4 kunda maydonga tushayotganimiz sababli yigitlarda toliqish bor. To'rt nafar futbolchimiz jarohat olgan. Zaxiramizda birgina Nasrullaev bor edi, qolganlar esa yoshlar. Albatta, "Al Ahli" bilan qiyin bo'ladi, lekin o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.
— "Paxtakor" ishlari yurishib ketishi, uchtalab gol urib g'alaba qozonishi uchun Ortiqxo'jaev ketdi degan gaplar chiqishi yoki jamoadan Kubokdan chiqib ketishi kabi intriga kerakmidi? — Biz ham birinchi davrada chempion bo'lmoqchi bo'ldik, endi shunaqasi ham bo'p turadi.
Vali Sultonov OKMKga qarshi kechgan O'zbekiston Kubogi uchrashuvidan so'ng o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Vali Sultonovning OKMKga qarshi o’yindan so’ng bildirgan fikrlari
— O'yin haqida fikringiz? — Uchrashuv juda chiroyli va qiziqarli kechdi. Avvalambor Olmaliq jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Bazan chempionatda ham shunday qiziq o'yinni ko'rmasligimiz mumkin. Bir so'z bilan aytganda, muxlislarga yoqadigan futbol kechdi desa bo'ladi.
— Bundan 13 kun avval "Xorazm" shu stadionda OKMK mehmoni bo'lgandi. Albatta, shu o'yinni ham ko'rib chiqqan bo'lishingiz tabiiy. O'sha bahs bilan solishtirganda nimalarni o'zgartira oldingiz? — To'g'ri savol berdingiz. Jamoani kecha qabul qilib oldim va endi birinchi mashg'ulotni o'tkazdik. Bugun esa Kubokda rasmiy uchrashuvda maydonga tushdik. Afsus, to'liq tarkib bilan o'ynay olmadik, 6-7 nafar futbolchimizda jarohat bor va ular uyda qolishgan. Ko'rsatilgan o'yin uchun futbolchilarga rahmat aytaman, oxirigacha kurash olib bordik.
Mirjalol Qosimovni juda hurmat qilaman, buni ko'pchilik biladi, u kishini o'zimga ustoz deb hisoblayman. Shogird ustozdan o'tmasa, shogird emas deyishadi-ku, bugun shunga yaqin kelgandik. Olmaliq jamoasiga O'zbekiston Kubogida omad tilab qolaman.
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov "Paxtakor"ga qarshi o'yindan so'ng hakamlik qarorlari va jamoaning natijalari haqida o'z fikrlarini bildirdi.
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov “Paxtakor”ga qarshi o’yindan so’ng o’z fikrlarini bildirib o’tdi.
— O'yin haqida fikringiz? — Qiziqarli o'yin guvohi bo'ldik. Natija qoniqarsiz, lekin o'yinimiz yomon emas. Yana eski kasalimiz qo'zg'adi: gol ura olmadik. Bahs boshida oson golni o'tkazib yubordik. Shundan keyin kuch topib oldinga bordik. Gol urishga muvaffaq bo'ldik, lekin qaysi sababga ko'ra ofsaydni aniqlashdi, tushunmadim. Birinchi marta VAR orqadan chiziq chizishini ko'rishim, hayron qoldim. Lekin na iloj, kinoda aytadi-ku: qozi pochcha, chiqargan qonunlariz hamma narsaga to'g'ri kelaveradi. Yangi qoida chiqib biz bexabar qoldikmi, yoki ma'lumotlardan orqadamizmi - bilmadim. Juda uyatli ko'rindi, shaxsan men tushunmadim. "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Gol urmasang vaziyat uchun ochko bermaydi. Yigitlarimizning kayfiyati tushib ketdi. Endi keyingi o'yinga hozirlik ko'ramiz.
— Ikkinchi bo'limda etarlicha vaziyatlar yaratildi. Jamoangiz nechanchi o'yindirki 0:2 hisobida ortda borib ham ko'p vaziyatlarga ega bo'lyapti. Ammo hisob tenglashish o'rniga raqib uchinchi golni urdi. Buni qanday izohlaysiz? — Aytdim-u bir vaziyatda golimizni hisobga olishmadi. Yangi qonun chiqqan bo'lsa kerak. Buning ustiga futbolchimiz uch metrdan to'p kirita olmadi. Tanaffusga 2:1 hisobida chiqib ketganimizda ikkinchi bo'lim boshqacha kechishi mumkin edi. Mashg'ulotlarda yigitlar bilan gaplashyapmiz. Xatolarni tushuntiramiz. Hisob 3:0 bo'lganida ham o'yin tempi tushib kyetmadi. Oxirigacha kurash kechdi.
— Murabbiy sifatida jamoangiz ko'rsatayotgan futboldan qoniqyapsizmi? — Qo'l ostimdagi futbolchilardan minnatdorman. Natijaga kelsak, yanada yuqorida bo'lishni maqsad qilgandik. Bunga o'zimiz aybdormiz. Avgust oyida hammasi "Nasaf" bilan o'yindan boshlandi. "Nasaf"ga yutqazmasligimiz kerak edi. "Surxon" bilan "Dinamo"ni yutishimiz, Buxoroda yutqazmasligimiz kerak edi. Hamma o'yinlarda vaziyat bo'lyapti. Baribir menda bugungi o'yin bo'yicha savol qolyapti: urgan golimizda ofsayd bormidi-yo'qmidi. Balki kamerani ko'paytirish kerak. Chiziqni sal haqiqatga yaqinroq chizish kerak. Chunki bu ham muxlislar kayfiyatiga ta’sir qiladi. Jamoa bilan ishlash o'zi emas. Futbol bu koptokni ber - o'ynayveradi degani emas. Bu bilan bahona qilmayapman, bor gapni aytyapman. Biz ko'p ochko yo'qotdik, lekin maqsadimiz sovrindorlar qatoriga kirish. Buning uchun oxirigacha kurashamiz.
— OKMK o'rtamiyona jamoa bo'lib qolmay sovrindorlar qatorida yurishi uchun nima qilish kerak deb hisoblaysiz? — Qisqa aytganda yaratilgan vaziyatlardan foydalanib gol urish kerak. Shunda g'alaba qozonasiz va tepada yurasiz.
— 2024 yil OKMK chempionatda ikkinchi o'rinni olgandi. Natijalar pasayib qolsa, odamlar Mirjalol Qosimov o'sishdan to'xtab qoldi, o'n yil oldingi Qosimov emas, jamoaga yangi qon kerak deyapti. — Endi hammaning o'z shaxsiy fikri bor. Tilning suyagi yo'q. Hozir hamma mutaxassis. Lekin bu erga kelib ishlab ko'rishsa biladi. Noliydigan joyim yo'q, biz muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etyapmiz. Har doim yuqori natija ko'rsatishga harakat qilganman. Men birovning fikriga qarab yashamayman.