Nauel Molina «Roma»ga o'tishi haqida: «Bu yerda o'zimni uydagidek his qilyapman»
Nauel Molina «Roma»ga o'tishi haqida: «Bu yerda o'zimni uydagidek his qilyapman»
Nauel Molina «Roma» futbolchisi sifatida ilk intervyusini berdi. «Atletiko Madrid»dan «jallorossi» safiga kelib qo'shilgan himoyachi klub rasmiy kanallariga bergan suhbatida poytaxtdagi yangi sarguzashti, mavsumdan kutayotgan umidlari va «Roma» olami haqidagi ilk taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Avvalo, barchaga salom yo'llamoqchiman. Birinchi lahzadan boshlab meni uydagidek kutib olishdi, bundan juda xursandman. Murabbiy ham, klub ham «Roma»ga o'tishimni juda xohlashdi, buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Mashg'ulotlarga darhol kirishishga va jamoaga nafim tegishiga umid qilaman.
«Roma»ni tanlash sabablari haqida:
«Roma»ni buyuk klub va chinakamiga jonkuyar muxlislarga ega jamoa deb bilganim uchun tanladim. Jamoa kuchli va so'nggi yillarda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Bularning barchasi meni «Roma»ni tanlashga undadi. Bu yerga kelganimdan juda xursandman va baxtliman.
Muxlislarning kutib olishi haqida:
Aeroportdagi kutib olish ajoyib bo'ldi. Chiqishim bilan ko'plab odamlar ismimni hayqirib turishganini ko'rdim. Bu men uchun katta quvonch edi, umid qilamanki, muxlislarning muhabbatiga munosib javob qaytara olaman. Jamoadoshlarim bilan gaplashib oldim, ular ham «Roma»ga kelishimning sabablaridan biri bo'lishdi, chunki ularni va jamoaning boshqa o'yinchilarini yaxshi bilaman. O'ylaymanki, bu men uchun juda ijobiy bo'ladi va dastlabki haftalar hamda oylarda yangi jamoaga moslashishimga yordam beradi. Juda hayajondaman.
20-raqamni tanlash sababi haqida:
Shunchaki yangilik istadim. Bu yangi boshlanish. 20-raqam menga yoqdi va u bo'sh edi. Aytganimdek, men uchun bu yangi vaziyat va faoliyatimdagi yangi chaqiriq. O'ylaymanki, o'zgarishlar yangi motivatsiya ham bera oladi.
O'yin uslubi haqida:
Italiya futboli doimo juda murakkab. Men qiyin o'yinlar va yanada kuchliroq kurash kutmoqdaman. Men har doim borini beradigan o'yinchiman. Faoliyatim davomida shunday bo'lgan: hech qachon ortga chekinmayman va jamoa uchun maydonda 100 foiz kuchim bilan harakat qilishga intilaman. Italiya futboli, shuningdek, juda taktik o'yin hisoblanadi.
Universal o'yinchi ekani haqida:
Rostini aytsam, ikkala pozitsiyada ham o'ynaganman. Hujumga yaqinroq o'ynash ham, chuqurroq pozitsiyadan boshlash ham men uchun qulay. O'yin davomida bu men uchun katta o'zgarish qilmaydi. Ko'proq hujum qilishim yoki himoyalanishim kerakligi murabbiyga bog'liq, vaziyatlar o'yindan o'yinga o'zgarishi mumkin.
Rim shahri haqida:
Bu haqda rafiqam bilan ko'p gaplashdik, chunki ikkalamiz ham bu shaharni yaxshi ko'ramiz. Ilgari dam olish kunlarimiz bo'lganda, bu yerga bir necha bor kelganmiz. «Udineze»ga kelganimdan beri Italiyaga oshiq bo'lib qolganman. Juda baxtliman va o'ylaymanki, Rim va rimliklar menga juda yoqadi. Qizimni tarbiyalash va unga dunyoni kashf etish imkonini berish uchun Rimdan yaxshiroq joy yo'q deb o'ylayman.
«Olimpiko» stadioni haqida:
Bu chinakamiga o'zgacha voqea bo'ladi deb o'ylayman. Aytganimdek, aeroportda meni ko'plab muxlislar kutib olishgandi. To'lib-toshgan «Olimpiko»ni, muxlislar har bir o'yinda jamoani qo'llab-quvvatlashini tasavvur qilyapman. O'ylaymanki, bu shunchaki ajoyib bo'ladi.
Chempionlar ligasi haqida:
Chempionlar ligasi – fantastik turnir, o'zgacha musobaqa. Unda ishtirok etish imkoniyati ajoyib va «Roma»ning unda qatnashishi juda muhim. Ham Chempionlar ligasida, ham A Seriyada, shuningdek, «Roma» ishtirok etadigan barcha boshqa musobaqalarda o'z hissamni qo'shishga tayyor bo'lishga umid qilaman.