Barchasi Transfer Matbuot Natijalar Umumiy ↔ Bog'langan

FC Andijan — yangiliklari Matbuot

FC Andijan va bog'liq yangiliklar

«Andijon» bosh murabbiylik lavozimi bo'yicha mish-mishlarga munosabat bildirdi

«Andijon» bosh murabbiylik lavozimi bo'yicha mish-mishlarga munosabat bildirdi

«Andijon» futbol klubi bosh murabbiylik lavozimi bo'yicha tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

So'nggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon» futbol klubi yangi mavsum uchun bosh murabbiylik lavozimiga turli mutaxassislar, jumladan, Ro'ziqul Berdiev bilan muzokaralar olib borayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

«Andijon» futbol klubi mazkur xabarlar yuzasidan shuni ma'lum qiladiki, ayni paytda klub tomonidan boshqa mutaxassislar bilan bosh murabbiylik lavozimi bo'yicha hech qanday muzokaralar olib borilayotgani yo'q.

Klub rahbariyati amaldagi murabbiylar shtabiga to'liq ishonch bildirmoqda. Jamoa belgilangan reja asosida mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash va oldinda turgan maqsadlarga erishish yo'lida ish olib bormoqda.

Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari va muxlislardan turli manbalarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga emas, balki klubning rasmiy axborot kanallarida e'lon qilinayotgan ma'lumotlarga tayanishlarini so'raymiz.

«Andijon» futbol klubiga oid barcha muhim va rasmiy ma'lumotlar, jumladan, murabbiylar shtabi, jamoa tarkibi, transferlar va boshqa masalalarga taalluqli xabarlar faqat klub matbuot xizmati tomonidan rasmiy ravishda e'lon qilinadi.

Klub jamoa hayotiga oid muhim yangiliklarni doimo muxlislar va ommaviy axborot vositalari bilan oʼzining rasmiy axborot kanallari orqali muntazam ravishda baham koʼrib boradi. 👍

Islom Ahmedov: «Qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi»

Islom Ahmedov: «Qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi»

«Andijon» bosh murabbiyi Islom Ahmedov «Neftchi»ga qarshi o'yindan so'ng mag'lubiyat sabablari va jamoadagi transferlar haqida gapirdi.

Vodiy derbisi doirasidagi «Andijon» - «Neftchi» o'yinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov qatnashdi.

Muxlislarimizdan uzr so'raymiz. Juda alamli mag'lubiyatga uchradik. Bizni tinmay qo'llab-quvvatlab kelayotgan ishqibozlarimiz oldida juda uyatdamiz. O'yinga kelsak, qizil kartochkagacha uchrashuv tizgini bizning nazoratimiz ostida o'tayotgandi. Birgina qizil kartochka hamma rejalarimizni buzib yubordi. Uni joyini to'ldirgunimizcha birinchi golni o'tkazib yubordik.

- Mag'lubiyatni asosiy sababchisi kim deb o'ylaysiz?

Mag'lubiyatga uchragandan keyin baribir murabbiy aybdor bo'ladi. Qo'ldan kelgancha tayyorgarlik ko'rdik. Birinchi taymda yomon o'ynamadik. Hujumlarimiz ko'p bo'ldi, to'pni nazorat qildik. Ikkinchi taymni boshidagi kutilmagan qizil kartochka barcha rejalarimizni buzdi. U o'yinchimizni ham atay qildi, deb ayta olmaymiz. Balki emosiyada o'zini to'xtata olmagandir. Futbolchilarimiz ham professional bo'lishi va o'zini boshqarishni ham bilishi kerak. Qizil kartochka xissiyot orqali yuz berdi. Qolgan joyda futbolchilarimiz 100 foiz borini berishdi. Ayblash noto'g'ri.

- O'sha qizil kartochka butun boshli jamoaning o'yinini, tayyorgarligini o'zgartirib yubordi. Oxirgi uchrashuvlarda qizil kartochkalar ko'paymoqda. Buni oldini olish uchun jamoada ruhiy tayyorgarlik ham olib boriladimi?

Baribir futbol hissiyotlarga boy. Tushuntiramiz, gapiramiz. Futbolchilar ham o'zini boshqarishni bilishi kerak. Futbolchilar maydonda o'zini boshqara bilishi kerak. O'yinchilarimiz ham atay qilishyapti, deb o'ylamayman.

- «Andijon» yozgi ta'tilgacha yaxshi o'yin ko'rsatayotgandi. Yozgi tanaffusdan so'ng 6 ta o'yin o'tdi va 5 ochko oldi, xolos. Bu natija murabbiylar shtabini o'ylantirmayaptimi?

Albatta. Izlanyapmiz, kamchiliklar ustida ishlayapmiz. Ko'rib chiqamiz. O'yin tomonlama yomon o'ynamayapmiz. Biroq yakuniy hujumlar bo'yicha bizda muammolar bo'layotgandi. Mana, yangi hujumchi oldik. Bugun ham yaxshi o'ynayotgandik, ammo qizil kartochkadan keyin vaziyat o'zgardi.

- Shoxmalik Komilov nega o'yin qaydnomasiga kiritilmadi?

Qaydnomaga 20 ta o'yinchi kiritiladi. Hamma o'yinchilarga imkoniyat beramiz. Mashg'ulotlar jarayonida kuzatib boramiz. Har bir chiziqqa o'yinchilar qoldirishimiz kerak bo'ladi. Bizda raqobat kuchli. Bu uchrashuvda Shoxmalikka dam berishga qaror qildik. U safimizga yig'inimiz yakunlanayotgan paytda qo'shildi. Hali bizning o'yin uslubimizni to'liq tushunib yetgani yo'q. Shu bois futbolchiga dam berib turdik.

- Bu mag'lubiyatni omad bilan bog'laysizmi? Holbuki, jamoangizda gol urish uchun bir nechta yaxshi vaziyatlar bo'ldi, darvozabon, himoyachilar qaytarib qolishdi...

Omaddan ko'ra, taqdir deb o'ylaymiz. Harakat qildik, bugun yutqazish peshonamizga yozilgan ekan.

- Jamoaga qabul qilingan Nodirxon Ne'matxonov ko'p o'tmasdan shartnomani bekor qilib ketdi. Shuningdek, darvozabon Rustamjonovni ketishiga nima sabab bo'ldi?

Nodirxon Ne'matxonovga «Qizilqum»dan o'yin amaliyoti bo'yicha aniq taklif berishgan. Bizda aytganimizdek, raqobat kuchli. Ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'ladigan joyga o'zi tanladi. Rustamjonov bilan 6 oyga kelishilgan ekan va u «Respublika FA» jamoasiga ketdi.

- Yozgi transferlardan ko'nglingiz to'ldimi?

Ochig'i, ro'yxatimizda bir qator o'yinchilar bor edi. Ularni hammasini ham ololmadik. Oxirgi kungacha futbolchilar bilan aloqada bo'ldik. Olishga harakat qildik. YAxshiki, Rustam Turdimurodovni jalb qila oldik.

- «Neftchi» Izzatilla Po'latovni «Andijon»ga qo'yib yuborishga rozi bo'lgan ekan, lekin «Andijon» bu taklifni rad etibdi. SHu holatga to'xtalib o'tsangiz.

Rahbariyat hal qiladi. Ayrim sabablarga ko'ra o'xshamadi.
Islom Ahmedov: Hujum chizig'ini kuchaytirish ustida ishlayapmiz

Islom Ahmedov: Hujum chizig'ini kuchaytirish ustida ishlayapmiz

Andijon bosh murabbiyi Islom Ahmedov So'g'diyona bilan o'yindan so'ng jamoaning hujum chizig'ini kuchaytirish bo'yicha muzokaralar olib borilayotganini aytdi.

"So'g'diyona" - "Andijon" (1:0) o'yinidan keyin "Andijon" ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

O'yinga keladigan bo'lsak, to'pni nazorat qildik, hujumlarga ham o'tdik. Baribir bizda hujumdagi tajovuzkorlik yetishmadi. Futbolchilarimiz borini berib harakat va mehnat qilishdi. Buning uchun ularga hech qanaqa e'tirozimiz yo'q. Hujumni yakunlashda kamchiliklarimiz ko'rinib qoldi.

- 10 avgust kuni yozgi transfer oynasi yopiladi. Jamoada yana yangi o'yinchilarni ko'rishimiz mumkinmi?

Bu masala bo'yicha rahbariyat bilan birga izlanyapmiz. Ayniqsa, hujum chizig'ini kuchaytirish bo'yicha istayapmiz. Bu borada bir-ikkita futbolchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Baribir ularni o'z jamoalari bilan amaldagi shartnomalari borligi uchun ushbu jarayon biroz qiyin kechyapti.

- "Andijon"ni keyingi turda o'z uyida "Neftchi"ga qarshi vodiy derbisi kutmoqda. Bugungi mag'lubiyatdan keyin futbolchilarni ruhlantirish va bo'lajak jiddiy uchrashuvga tayyorlash rejasi qanday bo'ladi?

Hozircha yigitlarimizga ikki kunlik dam berdik. Futboldan biroz chalg'ib, oilasi bilan birga bo'lib, ruhiy tomonlama o'zlariga kelib olishlari uchun shunday qildik. 9 avgustdan o'z bazamizda yig'ilib vodiy derbisiga tayyorgarlik ko'ramiz. Bu o'yinni ko'rib chiqib, yo'l qo'yilgan kamchiliklar ustida ko'proq ishlaymiz.

Bog'liq yangiliklar

Aleksandr Andronikashvili jarohati va davolanish jarayoni haqida gapirdi

Aleksandr Andronikashvili jarohati va davolanish jarayoni haqida gapirdi

«Andijon» yarim himoyachisi Aleksandr Andronikashvili jarohati va reabilitatsiya jarayoni haqida gapirib berdi.

Aleksandr Andronikashvili: «Dunyoning eng buyuk klublari ham shunday muxlislarga ega bo'lishni orzu qilsa kerak»

«Andijon»ning gruziyalik tayanch yarim himoyachisi Aleksandr Andronikashvili o'z o'yinlari bilan muxlislar mehrini qozongani shubhasiz. Shu bois u jamoada o'z o'rniga ega bo'ldi. Biroq futbolda jarohat degan yoqimsiz holat ham bo'lib, bu har bir o'yinchi bilan sodir bo'lishi mumkin.

Afsuski, Andronikashvilida ham aynan jarohat yuz berdi va natijada davolanish uchun Gruziyaga yo'l olishiga to'g'ri keldi. Unga oyog'idagi chov sohasining yallig'lanish sindromi tashxisi qo'yilgan bo'lib, futbolchi aynan shu yo'nalishda davolanish jarayonida. E'tiborlisi, Gruziya terma jamoasi shifokori futbolchimizni davolamoqda. Albatta, klub shifokori ham futbolchi bilan doimiy aloqada va nazorat qilib bormoqda.

O'z navbatida Aleksandr Andronikashvili jarohati bo'yicha klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Sandro yaxshimisiz? Jarohatingiz sababli Gruziyada davolanib kelmoqdasiz. Ayting-chi, davolanish jarayoni qanday davom etmoqda?
- Assalomu alaykum. Ha, hozir Gruziyada va eng yaxshi shifokorlar nazorati ostida reabilitatsiya jarayonini o'tayapman. Barcha zarur muolajalarni olmoqdaman. Buning sababi — Andijonda bunday imkoniyatlar mavjud emas
- Aslida bu jarohat qachon sodir bo'lgandi?
- Bu jarohatni Urganchning «Xorazm» jamoasiga qarshi o'yinda olganman.
- Umuman olganda, o'zingizni qanday his qilyapsiz va jamoaga qachon qo'shilasiz?
- O'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Allaqachon reabilitatsiya mashqlarini boshladim. Yaqin orada jamoa bilan mashg'ulotlarga kirishishimga umidim katta. Albatta, bu reabilitatsiya jarayoni qanday kechishiga bog'liq.
- Muxlislar sizni qo'llab-quvvatlagan holda tezroq qaytishingizni kutishmoqda. Ular uchun nima deya olasiz?
- Muxlislarga chuqur minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki ularning ulkan qo'llab-quvvatlashini doimo his qilib turaman. Maydonga qaytib, ularga quvonch ulashishni intiqlik bilan kutyapman. O'ylaymanki, dunyoning eng buyuk klublari ham shunday muxlislarga ega bo'lishni orzu qilsa kerak.
- Oldin ham shunday jarohat bilan davolanganmisiz?
- Ha, avval ham shunga o'xshash jarohat olganman. Shuning uchun tezroq tiklanish va imkoni boricha tezroq jamoaga yordam berish uchun qanday davolanish kerakligini yaxshi bilaman.
- Hozirda qanday muolaja va reabilitatsiya jarayonlarini olyapsiz?
SIS
TECAR
US Therapy
EMS
Manual Therapy
Kinesiotherapy
PRP

Izoh:

SIS — yuqori intensivlikdagi elektromagnit stimulyatsiya terapiyasi
TECAR — TECAR-terapiya, to'qimalarni tiklash va qon aylanishini yaxshilashga qaratilgan fizioterapiya
US Therapy — ultratovush terapiyasi
EMS — elektromiostimulyatsiya
Manual Therapy — manual terapiya
Kinesiotherapy — kinezioterapiya, harakat va maxsus mashqlar orqali reabilitatsiya
PRP — trombotsitlarga boy plazma terapiyasi.

Shuningdek, «Andijon» klubi shifokori Olimjon Ne'matov Andronikashvilining jarohati haqida shunday dedi:

«Andronikashviliga qo'yilgan diagnoz — ARS sindromi. Bu jarohatni tezda davolab yuborishning aniq va qisqa yo'li yo'q. Faqat dori-darmonlar bilan uni qisqa vaqt ichida bartaraf etib bo'lmaydi.
Bundan jarohat kompleks terapiya asosida davolanadi. Davolash jarayonida asosiy e'tibor LFK va maxsus, ya'ni spesifik mashqlarga qaratiladi. Qolgan muolajalar esa asosan simptomatik davolashdan iborat. Andijonda esa PRP va TECAR terapiyasi kabi davolash usullaridan foydalanish imkoniyati bo'yicha ayrim muammolar bor.
Umuman olganda, bu jarohatni davolash ma'lum vaqt talab qiladi. Buning asosiy sabablaridan biri — ushbu sohaning anatomik jihatdan o'ziga xos xususiyatlarga ega ekanidir».
Sergey Lushan: «Imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilamiz»

Sergey Lushan: «Imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilamiz»

Mash'al bosh murabbiyi Sergey Lushan jamoaning Superligadagi qiyin ahvoli va tarkibni yangilash jarayoni haqida gapirdi.

«Mash'al» — «Andijon» bahsidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

Fikr bildirish qiyin. O'yinimiz o'xshamadi. Maydonga tushishyapti, ammo qo'lidan hech nima kelmayapti. Bu intellekt saviyamiz shunday. Keyin nima bo'ladi, bilmayman. Raqib jamoani g'alaba bilan tabriklayman. Rostini aytsam, tabriklayverib, o'zim ham charchadim. Shunga qaramay, bugungi o'yinda ijobiy jihatlar ham bo'ldi. Biz tarkibni taxminan 80 foizga yangilash yo'lidan boryapmiz. Bugun ko'rgan bo'lsangiz kerak, maydonga juda yosh futbolchilarni, hali bolaligicha bo'lgan yigitlarni tushirdik. Ulardan har biri, jumladan, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar ham o'zini munosib ko'rsata oldi. Yana bir yigit esa markaziy himoyachi. Biz motivasiyasi bor shu futbolchilarga tayanamiz.
Mening tushunishimcha, tajribali futbolchilarda motivasiya deyarli butunlay yo'qolgan. Bunga sabab bo'layotgan ayrim holatlarni men ham tushunishga harakat qilaman. Bu haqda avval ham gapirganman, shuning uchun yana qaytib o'tirishni istamayman. Agar futbolchilarga yetib borolmasak, ularni ishontirolmasak, tushuntira olmasak, nima qilaman? Axir, faqat biz emas, boshqa klublarda ham shunday vaziyatlar bor. Ba'zi paytlarda sabr qilish kerakligini tushunish lozim.
Hozircha ularga yetib borolmayapmiz. Nima qila olaman? Men ularni ham tushunishga harakat qilaman. Har holda, biz hammamiz Xudoning panohida yuribmiz. Imkoniyat hali bor. Hamma narsa bo'lishi mumkin. Hozircha biz izlanishdamiz. Nimani sinab ko'rmaylik, o'xshamayotgan paytlar bor. Buning faqat ikki xil izohi bor, deb o'ylayman. Yoki bu yerda yig'ilgan futbolchilarning salohiyati shu daraja — ular bundan ortig'iga qodir emas. Yoki bu vaziyatning yarim yildan beri futbolchilar faqat bazada yashab, mashg'ulot o'tkazayotgani bilan bog'liq tomoni bor. Ular pul degan tushunchaning o'zi qanday ko'rinishda bo'lishini ham unutib qo'yishgan, shekilli. Balki ikkalasi ham ta'sir qilayotgandir. Balki ham u sabab, ham bu sabab bordir. Lekin buning bizga yengilligi yo'q.
Yana bir bor aytaman: oldimizda ikki vazifa bor edi. Birinchisi — imkoni boricha jamoani Superligada saqlab qolishga harakat qilish. Agar buning uddasidan chiqa olmasak, keyingi mavsum uchun yangi jamoa shakllantirish. Hozir, asosan, shu ish bilan shug'ullanyapmiz.
O'ylaymanki, keyingi o'yinda ham sizlar hali hech qachon ko'rmagan yana ikki nafar futbolchini maydonda ko'rasiz. Bugun uch nafar yangi futbolchi o'ynadi. Keyingi bahsda yana bir-ikki nafar futbolchini sinab ko'ramiz. Ya'ni, tarkibni bosqichma-bosqich 80 foizga yangilashga o'tamiz. Albatta, biz majbur bo'lib qo'yayotgan pozisiyalar ham bor. Aslida bizga ma'qul bo'lgan ikki-uchta pozisiya bor. Qolgan pozisiyalarda esa yo o'yinchilarning imkoniyati yetmayapti, yoki ularning xohishi yo'q. Shuning uchun tarkibni o'zgartirishga majburmiz. Boshqa variantimiz yo'q.
Jamoa Superligada qoladimi yoki yo'qmi — buni yolg'iz Xudo biladi. Har holda, imkoniyatimiz butunlay tugagani aniq bo'lmaguncha ishlashda, harakat qilishda, nimadir o'ylab topishda va izlanishda davom etamiz.
Bilasizmi, nimadir o'ylab topish juda qiyin. Ayniqsa, mavsumoldi yig'inlar bo'lib, yangi futbolchilarni olib kelish imkoniyati bo'lganda, muammoni hal qilish osonroq. Futbolchini almashtirishingiz, boshqasini olib kelishingiz mumkin. Bizda esa bor narsa shu. Qo'limizdagi futbolchilar bilan ishlashga harakat qilyapmiz. Ularga ham tushuntiryapmiz: boshqa futbolchilarimiz yo'q. Agar hammamiz birga bo'lsak, demak, bir maqsad sari birga harakat qilishimiz kerak. Hozir esa bizda shunday vaziyat: kimdir xohlayapti, lekin qodir emas; kimdir qodir, lekin xohlamayapti. Hozircha mana shu holatni bir joyga yig'ishning uddasidan chiqa olmayapmiz. Shunga qaramay, yaxshi jihatlar bormi? Ha, bor. 👍
Imeda Ashortia: Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman

Imeda Ashortia: Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman

Andijon jamoasi futbolchisi Imeda Ashortia jarohatidan so'ng o'zini qanday his qilayotgani va safga qaytish jarayoni haqida gapirdi.

Jamoamizning gruziyalik tajribali futbolchisi Imeda Ashortia yaqinda jarohat olib, safdan chiqqandi. U davolanish uchun yurtiga borib keldi.

Hozirgi holati borasida Ashortia klub matbuot xizmatiga quyidagilarni aytdi:

Mashg'ulot paytida Toshkentning Lokomotiv jamoasiga qarshi o'yin oldidan jarohat oldim. Xudoga shukr, hozir o'zimni ancha yaxshi his qilyapman. Kerak bo'lgan barcha muolajalarni o'tab bo'ldim. Jarohat oson emasdi, lekin, Xudoga shukr, hozir ahvolim ancha yaxshilandi. Hozirgacha uch-to'rtta individual mashg'ulot o'tkazishga ulgurdim. Yaqin kunlarda jamoa bilan birga mashg'ulotlarni boshlayman. Imkon qadar tezroq safga qaytishga umid qilyapman. Men doim qo'limdan kelgan barcha ishni qilaman va jamoaga imkon qadar tezroq qaytish uchun bor kuch-g'ayratimni sarflayman.

Eslatib o'tamiz, Andijon jamoamiz Superliganing 17-turi doirasida 13 avgust kuni Bobur arenada Neftchini qabul qiladi. Vodiy derbisida barcha muxlislarimizni stadionda kutamiz.