📰 AS ma'lumotiga ko'ra, "Real Madrid" sun'iy intellekt asosidagi "Athlete Digital Twin" nomli yangi texnologiyadan foydalanishni boshladi.
Bu har bir futbolchining biomeditsina, fiziologiya, biomexanika ma'lumotlari va mashg'ulot yuklamalarini birlashtiruvchi individual virtual modeli hisoblanadi. U o'yinchining organizmi turli vaziyatlarga qanday munosabat bildirishini modellashtirish va uning jismoniy ehtiyojlarini aniqlash imkonini beradi.
Texnologiya futbolchining aniq raqamli nusxasini yaratadi va uning cho'qqi formada bo'lishi uchun nima yetishmayotganini tahlil qiladi: masalan, organizmga foliy kislotasi kerakmi yoki temir va D vitamini darajasini to'g'rilash zarurmi.
Bundan tashqari, har bir o'yinchi uchun uy sharoitida ham amal qilishi mumkin bo'lgan individual uyqu va ovqatlanish rejimlari ishlab chiqiladi. Asosiy maqsad uch yo'nalishdan iborat kompleks tizimni yaratishdir:
⚪ Futbolchilarning jismoniy va o'yin samaradorligini oshirish;
⚪ Organizmi holati va mashg'ulot yuklamalarini tahlil qilish orqali jarohatlarning oldini olish;
⚪ Jarohat olgan taqdirda tiklanish uchun maksimal darajada moslashtirilgan dasturlarni ishlab chiqish
Bu sportda shunday texnologiyadan foydalanish bo'yicha ilk holatdir. Yaqin vaqtgacha u asosan AQSh tibbiyot sohasida ishlab chiqilgan: masalan, jarrohlar operatsiyalarni mashq qilishi mumkin bo'lgan yurakning virtual modellarini yaratish, shuningdek, bemorlarda surunkali kasalliklarning rivojlanishini prognoz qilish uchun qo'llanilgan.