«Hujumchilardan nima talab qilaman? Biz 11 nafar futbolchi bilan birgalikda himoyalanishimiz kerak. Agar buni qilmasak, o'ynashimiz qiyin bo'ladi. Hammasi o'yindan o'yinga o'zgarib boradi: ba'zida pressing qilishimiz, ba'zida esa himoyaga o'tirishimiz kerak bo'ladi.
Ba'zi o'yinchilar pressing qilishi, boshqalari esa zonalarni yopishi kerak. Kimdir himoyalanadi, kimdir esa to'pni kutadi degan fikr ish bermaydi. Hamma himoyalanishi shart.
Vinisiusning shartnomasini uzaytirishmi? Bu kutilmagan holat emasdi. Klubga qaytganimda menga vaziyatni tushuntirishgan. Vinisius «Madrid»da qolishni xohladi, shuning uchun xotirjam edim. Klub u bilan shartnomani uzaytirganidan xursandman, chunki Vinisius — dunyoning eng yaxshi o'yinchilaridan biri. Dunyoning eng yaxshi futbolchilari «Madrid»da qolishi kerak.
Vinisius g'alaba qozonishni istaydi va mendan nima talab qilinishini aniq biladi. O'ylaymanki, u «Madrid»da baxtli va o'zini qulay his qilyapti.
«Madrid» g'alabalarini chetdan kuzatish qanday edi? O'yinchilar, klub xodimlari, Anchelotti, Zidan mehnatining samarasini ko'rib xursand bo'laman... Bunga doim quvonch bilan qaraganman. «Madrid»ga nisbatan o'zgacha his-tuyg'ularim bor.
Men afsuslanish yoki sog'inch bilan yashaydiganlardan emasman. Ortda qoldirganlarim haqida o'ylamayman. «Madrid» qo'lga kiritgan har bir sovrin ortidan Peresdan qo'ng'iroq bo'lardi. Ammo men prezidentga doim: «Yo'q, buning menga aloqasi yo'q», deb javob berardim. Ishim ijobiy ta'sir ko'rsatganidan xursandman, lekin qo'lga kiritilgan sovrinlar Anchelotti, Zidan, o'yinchilar va muxlislarga tegishli.
Hozirgi «Madrid» qachon «Mourinyo jamoasi»ga aylanadi? U allaqachon shunday bo'lib ulgurdi. Har kuni rivojlanish uchun imkoniyatimiz bor. Menga murabbiy 3-5 yil davomida boshqaradigan jamoalar yoqadi. Har doim yaxshilash uchun joy bor. Oldimizda juda uzoq yo'l turibdi.
«Espanol»ga qarshi o'yin uchun «Madrid»ning asosiy tarkibi? Buni sizlardan, yigitlar [jurnalistlar] so'rashim kerak. Ko'ramiz, kimda yaxshiroq aloqalar bor (kuladi). Futbolchilar ertangi o'yin uchun asosiy tarkibni allaqachon bilishadi. Menga juda to'g'ridan-to'g'ri va ochiq bo'lish yoqadi. Menda ideal asosiy tarkib yo'q. Va men uni xohlamasdim ham. 60 ta o'yinni bir xil futbolchilar bilan o'tkazib bo'lmaydi.
«Madrid» yarim himoyasi kimnidir sog'inyaptimi? Yo'q, unday deb o'ylamayman. Rodri transferi barbod bo'lganidan xafamanmi? Yo'q. Albatta, Rodri «Madrid» uchun ajoyib transfer bo'lardi, lekin uni sotib olish zarurat emasdi. Rodri tort ustidagi gilos bo'lardi.
Bizda bu pozitsiyada o'yinchi tanqisligi yo'q. Bizda allaqachon Tchuameni, Valverde, Kamavinga va Bernardu bor. Hatto Gyuler ham tayanch zonasida o'ynay oladi.
Bellingem — Mbappe — Vinisius triosi? Eng yaxshi futbolchilar doim eng yaxshilar bilan o'ynashni xohlashadi. Anchelotti Vinisiusdan [JCHda], Tuxel Juddan, Desham esa Mbappeden maksimal darajada foydalana oldi. Mening ishim — uchalasidan ham maksimal darajada foydalanish. Ular yuqori saviyali o'yinchilar, maydonda bir-biriga mos tushishadi. Ularni ajoyib mavsum kutib turibdi.
Xedira bilan birinchi marta gaplashganimda, eshitganlarim menga yoqdi. U menga: «Agar «Madrid»da yordamchim bo'lishimni xohlasang, ertagayoq u yerda bo'laman», dedi. U o'yinchilar bilan juda yaxshi chiqishadi va klubni juda yaxshi biladi.
«Madrid»ning o'tgan mavsum «Bernabeu»da «Benfika»ga qarshi o'yini? Men avtobusda qolib, o'yinni garajda tomosha qilgandim. O'sha kuni «Madrid» vakillari bilan aloqada bo'lmaganman. Biz faqat mening klubga qaytishim haqidagi mish-mishlar paydo bo'lganidan keyin bog'landik, garchi odatda hammasi aksincha bo'lsa ham. O'ylaymanki, bu «Benfika» boshqaruvidagi so'nggi 2 ta o'yinim paytida sodir bo'lgan.
Bugungi Mourinyo 2013-yilgi Mourinyoga nima derdi? Yaxshi falsafiy savol. Bugungi Mourinyo 2013-yilgi Mourinyoga maslahat berishi kerak, aksincha emas. Otangizga maslahat berasizmi yoki aksincha bo'ladimi? Har doim juda xotirjam qolish kerak. Men uchun hozir 5, 10 yoki 12 yil oldingiga qaraganda xotirjamlikni saqlash osonroq.